Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi harbiy okruglar qo‘mondonlariga 1 noyabrga qadar qisman safarbarlik tadbirlari yakunlangani to‘g‘risida hisobot berish bo‘yicha ko‘rsatmalar yubordi, deb xabar qildi Rossiya Mudofaa vazirligi.

Eslatib o‘tamiz, prezident Vladimir Putin 21 sentabr kuni qisman safarbarlik to‘g‘risida e’lon qilgan edi. Qayd etish joizki, tegishli qarorda (uning ochiq bandlarida) safarbarlikni yakunlash muddatlari belgilanmagan.

«Mazkur ko‘rsatmalarga muvofiq, ijro hokimiyati subyektlari bilan birgalikda zaxiradagi RF fuqarolarini harbiy komissariatlarga harbiy xizmatga chaqirish bilan bog‘liq barcha tadbirlar to‘xtatildi», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, harbiy komissariatlarning xabardor qilish uchastka va shtablari, fuqarolarni qabul qilish punktlari hamda safarbarlik tadbirlarini o‘tkazish uchun foydalaniladigan binolar endilikda bo‘shatilib, avvalgi maqsadlarida foydalanilishi qayd etilgan.

Safarbarlikka jalb etilgan harbiy komissarliklarning shaxsiy tarkibiga 31 oktabrdan boshlab odatdagidek o‘z xizmat vazifalariga qaytish haqida buyruq berildi.

«RF Qurolli Kuchlari chaqiruv bo‘yicha harbiy komissariatlarining kelgusidagi faoliyati faqatgina ko‘ngillilar hamda shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatga nomzodlarni qabul qilish yo‘li bilan tashkil etiladi», — deyiladi Mudofaa vazirligi xabarida.

O‘tgan juma, 28 oktabr kuni mudofaa vaziri Sergey Shoygu Vladimir Putinga 300 ming kishini safarbar etish bo‘yicha topshiriq bajarilgani haqida hisobot berdi — hozirda o‘quv markazlari va poligonlarda 218 ming fuqaro tayyorgarlikdan o‘tkazilmoqda, 82 ming kishi jangovar hududlarga jo‘natilgan.