O‘zbekiston Afg‘onistonda Mavlono Jaloliddin Balxiy nomidagi Mozori-Sharif xalqaro aeroporti faoliyatini tiklash bo‘yicha texnik yordam ko‘rsatish jarayonini yakuniga yetkazdi. Jarayonning yakuniga bag‘ishlangan tantanali marosim 25 oktabr kuni bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev, transport vaziri Ilhom Mahkamov, «O‘zaviatsiya» agentligi, «O‘zaeronavigatsiya markazi», Uzbekistan Airports, O‘zgidromet va boshqa tuzilmalar vakillari ishtirok etdi, deya xabar qildi O‘zA.

O‘tgan yilning noyabr oyida O‘zbekiston afg‘on tomonining iltimosiga binoan aeroportni rekonstruksiya qilishda yordam berish uchun 30 kishidan iborat texnik guruh yuborgani haqida yozgan edik. O‘zbekistonlik mutaxassislar bir vaqtning o‘zida bir nechta yo‘nalishda — aeronavigatsiya va meteorologiya jihozlarini ta’mirlash, uchish-qo‘nish yo‘lagini rekonstruksiya qilish, shuningdek, aeroportning elektr ta’minotini tiklash bo‘yicha ishlarni amalga oshirdi.

Tadbirda aeroport obyektlarini ishga tushirish va uning faoliyatini tiklash uchun jihozlarni qabul qilish bo‘yicha hujjat imzolandi.

O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov Mozori Sharif aeroportining qayta tiklanishi Afg‘onistonning iqtisodiy rivojlanishiga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Afg‘oniston muvaqqat hukumati tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sher Muhammad Abbos Stanakziy O‘zbekiston prezidenti va xalqiga minnatdorlik bildirdi.

Foto


Foto: Nosirjon Haydarov / O‘zA.