Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, filologiya fanlari doktori, professor Shuhrat Sirojiddinovga Chingiz Aytmatov nomidagi mukofot berildi.

Uni 28 oktabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan MDH Parlamentlararo Assambleyasi Kengashi yig‘ilishida Qirg‘iziston Respublikasi delegatsiyasi rahbari Nurlanbek Shakiyev topshirdi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati matbuot xizmati.

Shuhrat Sirojiddinov matnshunoslik va adabiyotshunoslik sohasida yirik olim sifatida tanilgan, o‘zbek mumtoz adabiyoti, dinshunoslik va tarjima nazariyasiga oid qator ilmiy asarlariga ega. Yozuvchi 140 dan ortiq ilmiy maqolalar, 16 ta monografiya va o‘quv qo‘llanmalari muallifi hisoblanadi.

Chingiz Aytmatov nomidagi mukofot Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi taklifi bilan 2012 yil noyabr oyida ta’sis etilgan. Mukofot har yili madaniyat, ma’rifat sohasidagi xizmatlari, gumanitar fanlar, adabiyot va san’at rivojiga, madaniy merosni o‘rganish va asrab-avaylash, madaniyatlar, millatlar hamda elatlarni yaqinlashtirish va o‘zaro boyitish, tinchlik va do‘stlikni mustahkamlashga, shuningdek, davlatlar o‘rtasidagi ma’naviy aloqalarni rivojlantirishga qo‘shgan hissa uchun beriladi.