Samarqand viloyati Urgut tumanida Lacetti haydovchisi to‘rt nafar piyodani urib yubordi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 25 oktabr kuni soat taxminan 22:30 larda Urgut tumani «G‘o‘s» mahallasi hududidan o‘tuvchi ichki yo‘lda haydovchi A.O. boshqaruvida bo‘lgan Lacetti avtomashinasini me’yoridan ortiq tezlikda boshqarib borgan. Ushbu yo‘lning qatnov qismida piyoda harakatlanib ketayotgan 4 nafar fuqarolarni urib yuborib, yo‘l-transport hodisasi sodir qilgan.

Oqibatda 2 nafar piyoda og‘ir tan jarohati olib Urgut tuman tibbiyot birlashmasida vafot etgan, 2 kishi shifoxonaga yotqizilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi ko‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.