«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 1989 yil 16 iyun sonida shoir va yozuvchi Xurshid Davronning «Ma’rifat shijoatdir» maqolasi chop etiladi. «Gazeta.uz» «…tarix, til, ularga quvvat bag‘ishlovchi ma’rifat xususidagi fikrlar» jamlangan maqoladan parchani qayta e’lon qiladi.

Ikki tillilik? Chala tillilik!

Til — millat ijodining ko‘rinishlaridan biri. Yana aniqroq aytadigan bo‘lsak, til millat mohiyati, millat dili, millat ustunidir. Til faqat so‘z yoki so‘zning shakli emas, til — ijtimoiy hayot, falsafa, ahloq, ruh, hayajon. Millat ijodidagi, ya’ni uning adabiyoti, san’ati, ilm-fanidagi har qanday to‘siq yoki inqiroz eng avvalo tilda aks etadi. Tilga nisbatan qilingan har qanday zug‘um ham o‘z navbatida millatning ijodkor tafakkurida namoyon bo‘ladi, uni turg‘unlikka boshlaydi. Turg‘unlik esa bugun hammamiz anglab yetganimizdek, tanazzuldir. Tanazzul bor joyda esa o‘lim hukmrondir. Demak, o‘zbek tilining kelajagi shu tilda so‘zlovchi xalq ijodiy tafakkurining quvvatiga bog‘liq. Bu tafakkur harakatda bo‘lgandagina muvaffaqiyatga erishadi.

Til ishlatiladigan o‘n uchta soha mavjud: xo‘jalik ishlari, siyosiy-ijtimoiy soha, badiiy adabiyot, fan, hujjatlarni yuritish, axborot, estetik ta’sir vositalari (teatr, kino…), xalq ijodi, maorif, turmush, o‘zaro yozishmalar, diniy marosimlar, harbiy soha. Mana shu sohalarning hammasida til harakatda bo‘lgandagina uning kelajagi haqida gapirish mumkin.

O‘zbek tilining bugungi ahvoli inobat bo‘lib, unga davlat tili huquqi berilishi shart. Zero, birinchidan, tub aholi tilining davlat tili deb qabul qilinishi Sovet Respublikasi bo‘lish prinsiplaridan biri; ikkinchidan, o‘zbek tilining davlat tili deb e’lon qilinishi uning o‘z imkoniyatlarini to‘la namoyon etishi uchun sharoit yaratadi; uchinchidan, Konstitutsiyaga binoan har bir odam qonun himoyasiga olingani kabi, insonlikning birinchi fazilati bo‘lmish til ham qonun himoyasida bo‘lishi kerak. Buning uchun bir jumla: «O‘zbekiston SSRning davlat tili o‘zbek tilidir» deb yozilishi kifoya emas, albatta. Eng avvalo, o‘zbek tili ravnaqi haqida uzoq yillarga mo‘ljallangan davlat programmasini ishlab chiqish zarur.

Odam go‘dakligidanoq ona tili ta’sirida bo‘lishi muhim ijodiy omildir. Bu muayyan sharoit ta’sirida go‘dak dunyoni to‘la va aniq qabul qilishi, buyumlar xususida har tomonlama puxta tasavvurga ega bo‘lishi mumkin. Agar go‘dak ikki til ta’sirida tarbiyalansa, albatta unda so‘z boyligi bir til ta’sirida shakllangan go‘dakka nisbatan ko‘p bo‘lishi mumkin. Biroq ikki til vositasida voyaga yetgan bolaning ma’lum tushunchalar va bu tushunchalarni anglashdagi imkoniyatlari juda past saviyada bo‘ladi. Bu esa oqibatda chala bilimga ega kishini tarbiyalashga xizmat qiladi.

Mutaxassislar e’tiroficha, go‘dak 10−12 yoshga yetgandagina chet tilni o‘rganishga kirishsa, ma’lum muvaffaqiyatlarga erishishi, eng muhimi, dunyoqarashi shakllanishiga salbiy ta’sir yetmasligi mumkin. Buni yaqinda xalqaro simpoziumda nutq so‘zlagan moskvalik olim L.Izvekov olib borgan tadqiqotlar tasdiqlaydi. Uning yozishicha, ikki til ta’sirida tarbiyalangan go‘daklar dunyoqarashi bir tilda shakllangan bolalar dunyoqarashidan orqada qoladi, hatto ba’zan salbiy oqibatlarga, jumladan, uning duduqlanishiga sabab bo‘larkan. Yoki ikki tillilik masalasini davlat programmasi sifatida o‘rgangan shved olimlari tadqiqoti natijalari «Ikki tillilik? Chala tillilik!» deb nomlangan to‘plamdagi maqolalarning qisqacha sharhida yozilganidek, go‘dak eng avvalo, ona tilida tarbiyalansa, tilning butun xususiyatlarini egallab, ikkinchi tilni o‘rgana boshlasa, yetuk natijalarga erishishi mumkin ekan. Shved olimlarining bu masalaga bo‘lgan munosabati to‘plam nomida o‘z aksini topgani diqqatga sazovor. Hatto YUNESKO e’lon qilgan madaniy programmalardayam zamonaviy psixolingvistika va pedagogika talablaridan kelib chiqqan holda bolaning ona tilida savod chiqarishi juda muhim deb ta’kidlanadi.

Qadim bitiklarda «hifzi lison» degan ajib bir so‘z uchrashiga e’tibor berganmisiz? Hifz — saqlash, qo‘riqlash, lison — til ma’nosini bildirishini ham bilasiz. Bu so‘zni XX asr mutafakkiri Abdulla Avloniy shunday sharh etadi: «Hifzi lison har bir millat o‘z ona til va adabiyotining saqlamagini aytilur. Har bir millatning dunyoda borlig‘in ko‘rsatadurg‘on oinai hayoti til va adabiyotidir. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdir. Hayhot, biz turkistonlilar milliy tilni saqlamak bir tarafda tursun, kundan-kun unutmak va yo‘qotmakdadurmiz. Tilimizning yarmiga arabiy, forsiy ulangani kamlik qilub, bir chetiga rus tilini ham yopishdurmakdadurmiz. Durust, bizlarga hukumatimiz bo‘lg‘on rus lisonin bilmoq hayot va saodatimiz uchun osh va non kabi keraklik narsadur. Lekin, o‘z yerinda ishlatmak va so‘zlamak lozimdur. Zig‘ir yog‘i solub, moshkichiri kabi qilub, aralash-quralash qilmak, tilning ruhini buzadur».

Til mustaqilligini saqlovchi vositalarning biri tarjimadir. Begona madaniyatga mansub asar tarjima yo‘li bilan milliy madaniyatimiz qatlamiga singadi. Lekin bu o‘rindayam haqiqiy ijodkor tarjimongina bu vazifani uddalay olishi mumkinligini ta’kidlash lozim. Chalasavod tarjimon bajargan ish tilimizga, demak, madaniyatimizga faqat zarar keltiradi. Agar Maks Frishni savodsiz, tilbilmas odam tarjima qilsa, bizga Maks Frishniyam savodsiz qilib ko‘rsatishi mumkin. Agar tilimiz faqat boshqa tilda paydo bo‘layotgan yangi so‘zlarning tarjimasi bilan to‘lar ekan, tilimiz boyimoqda deb gapirish haqiqatga zid bo‘ladi. Taraqqiyot davomida yangi so‘zlar (neologizmlar) tabiiy ravishda paydo bo‘lishi uchun til hayotimiz uchun xizmat qilayotgan hamma sohalarda faol harakat qilishi shart.

Tarjima har bir milliy madaniyatning o‘z-o‘zini chet ta’siridan himoya qilish quroli ekanini unutmagan tarzda, bugunga kelib respublikamizda 50 ga yaqin qardosh va chet tillardan tarjima qiluvchi mutarjimlar maktabi shakllanganini tan olgan holda tarjima asarlari bosiladigan «Yer yuzi» nomli jurnalni tashkil qilish kerak. Bugun jamiyatimizda millatlararo munosabatlar va aloqalar bosh masala bo‘lib qolganini tan olmasdan iloji yo‘q. Shunday ekan, bo‘lajak jurnal xalqlar do‘stligi ishi uchun xizmat qilishi shak-shubhasizdir.

Agar tilimiz bugunga kelib himoyaga muhtoj bo‘lib qolgan ekan, bu, eng avvalo, dilimiz himoyaga muhtoj bo‘lganidan kelib chiqqan hodisadir.

Til ravnaqini adabiyotning qudrati belgilaydi. Har bir iste’dod — til ijodkori. Til kuchini uyg‘otuvchi qudrat ijodkor yuragidadir. Ijodkor — xalq yaratuvchilik qudratining elchisi, xalq yuragidagi rangin qirralarni dunyoga namoyon etuvchi, asrlar davomida yig‘ilgan ma’rifat xazinasini boyituvchi xizmatchidir. Dalada ter to‘kayotgan dehqon, poda ortidan yurgan cho‘pon, bino tiklayotgan quruvchi, non do‘koni sotuvchisi, masjidda va’z aytayotgan imom, talabalarga ilm berayotgan o‘qituvchi ham til rivoji uchun xizmat qiladigan ijodkor bo‘lishi uchun ularning dili ma’rifat bilan boyishi shart.

Ma’rifatli dehqon hech qachon tepadan qancha zug‘um bo‘lmasin, yerni zaharlamaydi, u bu ishi bilan o‘z kelajagini va yuragini zaharlashini anglaydi.

Ma’rifatli o‘qituvchi bolalar diliga faqat ezgulik urug‘ini sochadi. Zero, u biladiki, ertaga bu urug‘lar ko‘karsa, nihollar ulkan daraxtlarga aylansa, Vatan qudrati yana yuksaladi.

Ma’rifatli siyosatchi o‘z xalqini aldash yo‘lidan bormaydi. U aldangan xalq qalbida faqat qahr-g‘azab to‘planishini, ishonchi toptalgan xalqda oldga harakat qilish zavqi so‘nib borishini, uning ijodkorlik quvvati susayishini biladi.

Ma’rifatdan yiroq amaldor hech qachon xalq dilidagi dardni tushunmaydi. Qolaversa, u buni zarrachalik tushunishni istamaydi. Ma’rifatsiz rahbar hamisha o‘z tevaragida ma’rifatsiz rahbarchalarni yig‘ish bilan shug‘ullanadi. U kuch ishlatishga, zo‘rlikka, do‘q-po‘pisaga, hur fikrdagi kishilarni qatag‘on qilishga moyil bo‘ladi.

Hozir matbuotda juda keng yoritilayotgan Stalin shaxsini olaylik. Stalin partiyadagi oliy mansabni egallab olgach, Leninning safdoshi bo‘lgan juda ko‘p ziyolilar joniga qasd qildi, o‘z atrofiga Jdanov, Voroshilov, Kaganovich, Beriyaga o‘xshagan ma’rifatsiz kimsalarni yig‘ish bilan shug‘ullandi. Bu hodisani o‘rgangan juda ko‘p mutaxassislar buni turli sabablar: birovlar Stallinning yakkahokimlikka o‘chligi, birovlar uning ruhiy kasalligi, ba’zilar esa davr zarurati bilan izohlaydilar. Meningcha, bu dahshatli qatag‘onlarning barchasiga Stalinning johilligi, u yaratgan jaholat siyosati sababchi, deb o‘ylayman.

Stalincha jaholat xalq ma’naviy kamolotining asosi bo‘lmish tilimizga nisbatan 1929 va 1940 yilda imlo o‘zgarishi bahonasi bilan qilingan ikki dahshatli qatag‘onda yanada yorqin ko‘rinadi. Fozil xalq stalincha shovinizm tazyiqi natijasida o‘zining ming yildan ziyod vaqt bilan o‘lchanadigan xazinasidan bemalol foydalanish huquqidan mahrum bo‘ldi. Ming yilliklar davomida bemalol oqqan Nil daryosi Asvon to‘g‘oni bilan to‘silgandan so‘ng Misrda qurg‘oqchilik boshlanganidek, imlo o‘zgarishidan asrlar davomida shakllangan o‘zbek tili tabiatidayam jiddiy salbiy o‘zgarishlar yuz berganini hech kim inkor etolmasa kerak.

Stalin 1929, 1940 yillarda o‘zbek tilining asosiga zarba bergan bo‘lsa, 1950 yilda uni boshqa tillar qatori o‘limga mahkum etdi. Xalqlar otasining «Pravda» gazetasidagi hukmnomasida shunday so‘zlar bor: «Ikki tilning bir-biriga qo‘shiluvi oqibatida yangi uchinchi bir til paydo bo‘ladi, deb o‘ylash mutlaqo xatodir… Aslida esa qo‘shiluv natijasida bir til g‘olib kelib, o‘z so‘z boyligini saqlab qoladi va kelajakda o‘zining tabiiy oqimi bilan rivojlanadi, ikkinchi til esa asta-sekin o‘z sifatini yo‘qotib borib, oxir-oqibatda o‘lishga mahkum bo‘ladi». Dohiy o‘z hukmini: «Rus tili hamisha g‘alaba qozonib kelgan», deb tugatadi.

Tarixiy sharoit o‘zbek yozuvchisidan faqat adabiy ish bilan shug‘ullanmay, balki hayotimizdagi stalincha qatag‘on, brejnevcha turg‘unlikning bugungi ko‘rinishlariga qarshi kurashishni, xalq manfaati, til va dil huquqiga oid har bir masalaga faol aralashishni, ona xalqini yangi yo‘lga — ma’rifat va hurriyat yo‘liga chiqarish uchun chidam bilan mehnat qilishni taqozo etadi.

Xurshid Davron.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1989 yil 16 iyun.