Prezident Shavkat Mirziyoyev Seul shahri markazida yuz bergan fojia oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani munosabati bilan Koreya prezidenti Yun Sok Yolga ta’ziya yo‘lladi, deya xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Davlat rahbari qurbon bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi. Jarohat olganlar tez fursatda sog‘ayib ketishlarini tiladi.

Eslatib o‘tamiz, Janubiy Koreya poytaxti Seul markazida Xellouin bayramini nishonlash vaqtida yuz bergan tiqilinch oqibatida 151 kishi halok bo‘lgandi, 82 nafari jarohatlangandi. O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchixonasi yuzaga kelgan favqulodda vaziyat oqibatida bir nafar O‘zbekiston fuqarosi vafot etganini ma’lum qildi.

O‘zbekiston TIV ma’lumotlariga ko‘ra, yana bir o‘zbekistonlik jarohat bilan shifoxonaga yotqizilgan, uning ahvoli qoniqarli deb baholanmoqda.

«Vaziyat Elchixona nazoratiga olingan, marhumning jasadini vatanga olib kelish bilan bog‘liq konsullik-huquqiy va tashkiliy masalalar hal qilinmoqda, O‘zbekiston fuqarosi joylashgan tibbiyot muassasasi bilan doimiy aloqada o‘rnatilgan», — deyiladiTIV xabarida.

Konsullik, shuningdek, yuzaga kelgan favqulodda vaziyat oqibatida o‘zbekistonliklar ichida jabrlanganlar bo‘lsa va yordam kerak bo‘lsa, elchixona konsullik bo‘limi hamda Koreyadagi O‘zbekistonliklar uyushmasiga zudlik bilan murojaat qilishlarini so‘ragandi: elchixona: 010−6802−1969, uyushma: 010−8495−0027.