O‘zbekistonda atmosfera havosiga jami zararli tashlamalarning 58 foizi avtotransportlar hisobiga to‘g‘ri keladi. Bunda poytaxtning ulushi katta.

Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi Narzullo Oblomurodov ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, butun dunyoda iqlim o‘zgarishi sabab 100 yil davomida global miqyosda havo harorati 1,2 darajaga ko‘tarildi. O‘zbekistonda ushbu ko‘rsatkich 2 darajaga oshdi.

Shundan kelib chiqib, Ekologiya qo‘mitasi vakillari amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi:

Birinchidan, atrof-muhitga ta’siri bo‘lgan korxona va tashkilotlar, shu jumladan atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar tashlovchi korxonalar (obyektlar)ga ekologik normativlar belgilanyapti. Bunda me’yorlar kategoriyaga (I-IV) ajratiladi, ekologiya organlari tomonidan ekspertiza xulosalari beriladi.

Unga ko‘ra yangi ishga tushirilayotgan har-bir obyekt samaradorlik darajasi 99,5 foizdan kam bo‘lmagan chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatishga majbur. Faoliyat yuritayotgan obyektlarda esa bu 95,0 foizdan kam bo‘lmasligi kerak.

2022 yilning 9 oyi davomida 14 984 ta korxona va tashkilotlarga, shu jumladan, Toshkent shahri bo‘yicha 100 dan ortiq atrof-muhitga ta’siri yuqori va o‘rta darajada bo‘lgan xo‘jalik subyektlariga davlat ekologik ekspertizasi xulosalari taqdim etilgan. 2022−2023 yillarga mo‘ljallangan dastur asosida 270 ta korxonaning 1100 ga yaqin filtrlari yangilandi.

Ma’lum bo‘lishicha, respublikada atmosfera havosiga jami zararli tashlamalarning 58 foizi (1,4 mln tonna) avtotransport vositalari ulushiga to‘g‘ri keladi. Bu ko‘rsatkich Toshkent shahrida 93 foizni (397 ming tonna) tashkil etadi.

Hozirda yangi avtotransport vositalarining faqatgina «Yevro-4» va undan yuqori ekologik toifalarga javob beradigan modellarini import qilish tartibi joriy etildi. Ayni paytda avval foydalanishda bo‘lgan transport vositalarini import qilishda ham ularning ekologik ta’sir me’yorlarini belgilash bo‘yicha milliy standart loyihasi ishlab chiqilmoqda, deyiladi xabarda.

Ikkinchidan, atmosfera havosini muhofaza qilish sohasida davlat ekologik nazorati tadbirlari ketyapti. Atrof-muhitga ta’siri yuqori va o‘rta bo‘lgan 800 ta korxona va tashkilotlar faoliyati ustidan monitoring o‘tkazilmoqda. Toshkent shahrida 63 ta obyektlar ekologik nazorat tizimi bilan qamrab olingan.

Uchinchidan, atrof-muhitga xavfi yuqori va o‘rta bo‘lgan obyektlar faoliyati ustidan ekologiya organlari inspeksion nazorat tadbirlari o‘tkazyapti.

Avvalroq, mazkur anjumanda Ekologiya qo‘mitasi 9 oyda 648 ta subyektda, poytaxtning o‘zida esa 60 ta korxonada ekologik nazorat tadbirlari o‘tkazgani haqida aytilgandi. Natijada atrof-muhitni ifloslantirgan korxonalardan 49,5 mlrd (Toshkentda — 15,5 mlrd) so‘mdan ortiq kompensatsiya undirildi. Sud qarori bilan 15 ta korxona faoliyati to‘xtatildi.