Prezident Shavkat Mirziyoyev 25 oktabr kungi videoselektor yig‘ilishida mutasaddilarga bir oy muddatda Qashqadaryodagi 48 ta maktabni tanlab olib, kelgusi o‘quv yilidan ularda Finlyandiya ta’lim tizimini joriy etish vazifasini topshirdi.

Biroq hozirga qadar finlar tajribasining aynan qaysi jihati olinishi, ko‘proq nimalarga e’tibor qaratilishi yoki ta’lim tizimidagi farqli jihatlar haqida ma’lumot berilmadi. Shu munosabat bilan, «Gazeta.uz» dunyo reytinglarida yuqori pog‘onalardan tushmaydigan, xususan O‘zbekistonda ham bot-bot namuna qilib ko‘rsatiladigan, o‘ziga xos muvaffaqiyat sirlariga ega bo‘lgan Finlyandiya ta’lim tizimi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni bir materialga jamladi.

Sifatli va samarali

Finlyandiya ta’lim tizimi dunyo miqyosida eng sifatli va samarali deya e’tirof etilgan ta’lim tizimlaridan biri hisoblanadi. Bu tizim dunyoning aksariyat davlatlarida amal qiluvchi ta’limning an’anaviy shakllari va usullaridan keskin farq qiladigan bir qator xususiyatlarga ega.

Finlyandiya ta’lim tizimining o‘ziga xosligi ta’lim jarayonida asosiy ustuvorlik o‘qituvchi va o‘quvchi uchun imkon qadar erkin, qulay, jismoniy zo‘riqish va ruhiy bosimlardan holi muhit yaratishga qaratilganligida namoyon bo‘ladi.

Finlyandiyada ta’limning asosiy maqsadi — ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar barcha bolalar uchun sifatli ta’lim xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini ta’minlash, ularni jamiyatning faol fuqarolari sifatida voyaga yetkazish va mustaqil hayotga tayyorlashdan iborat. Mamlakatda bepul maktabgacha ta’lim va umumiy o‘rta ta’lim barcha uchun kafolatlangan.

Finlyandiya ta’lim tizimi quyidagi bosqichlarni o‘z ichiga oladi:

  1. Maktabgacha ta’lim: erta bolalik ta’limi va parvarishi hamda umumiy o‘rta ta’limga tayyorlashga qaratilgan maktabgacha ta’lim (7 yoshgacha);
  2. Umumiy o‘rta ta’lim: boshlang‘ich va tayanch o‘rta ta’lim;
  3. O‘rta-maxsus ta’lim: umumiy o‘rta-maxsus ta’lim yoki kasbiy ta’lim va tayyorgarlik;
  4. Oliy ta’lim;
  5. Katta yoshlilar uchun ta’limning barcha bosqichlari.

Finlyandiyada maktabgacha ta’lim bepul taqdim etiladi va barcha bolalar uchun majburiydir. Maktabgacha ta’lim bolalarda bilim olish va o‘z-o‘zini rivojlantirish ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan bo‘lib, ularni keyingi bosqich — umumta’lim maktablariga tayyorlashda muhim rol o‘ynaydi.

Umumta’lim maktablari 7 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan barcha bolalarni boshlang‘ich (1−6 sinflar) va tayanch o‘rta ta’lim (7−9 sinflar) darajasida qamrab oladi. 1−6 sinflarda o‘quvchilar pedagogikaga ixtisoslashgan o‘qituvchi (sinf rahbari)dan, 7−9 sinflarda ixtisoslashtirilgan fan o‘qituvchilaridan saboq oladi. Umumta’lim maktablarida ta’lim olish majburiy bo‘lib, odatda, bolalar 7 yoshga to‘ladigan yildan o‘qishga qabul qilinadi. Boshlang‘ich va tayanch o‘rta ta’lim bepul.

Umumta’lim maktabini tamomlagan o‘quvchilar ikki turdagi o‘rta-maxsus ta’limdan birini tanlashi mumkin. Umumiy o‘rta-maxsus ta’lim, odatda, o‘quvchilarni muayyan kasbga emas, universitetlarga tayyorlashga ixtisoslashgan. Kasbiy ta’lim va tayyorgarlikni tanlagan o‘quvchilar esa muayyan kasb-hunarga o‘rgatiladi.

Finlyandiya ta’lim tizimining muvaffaqiyat siri bir qator omillarga va uning o‘ziga xos xususiyatlariga bog‘liq. Quyida ularni biz uchun muhim bo‘lgan umumta’lim maktablari kontekstida ko‘rib chiqamiz.

Tenglik tamoyili

Finlyandiya ta’lim tizimi barcha uchun teng ta’lim imkoniyatlarini taklif etishga qaratilgan. Mamlakatda ta’lim sohasi mutaxassislari tomonidan ta’limdagi eng asosiy ustuvorliklar belgilab olingan bo‘lib, bu ta’limga jamiyatdagi tengsizlikni muvozanatlashtirib turuvchi vosita sifatida qarash, o‘quvchilarni ta’lim jarayonida bepul ovqat, tibbiy xizmat, psixologik maslahat xizmatlari bilan ta’minlash hamda individual tarzda yo‘naltirishni nazarda tutadi.

Shuningdek, tegishli qonunchilikka muvofiq, zaruratga qarab o‘quvchilar maktabga qatnash uchun transport vositasi yoki turar joy bilan ta’minlanishlari mumkin. Bundan tashqari, o‘quvchi maktab hududida, dars yoki boshqa o‘quv mashg‘ulotlari vaqtida, maktabga ketayotgan yoki qaytayotgan paytda, yotoqxonada jarohatlangan taqdirda davolash xizmatlari bepul amalga oshiriladi.

Shunisi e’tiborliki, Finlyandiyada deyarli barcha maktablar davlat maktablari hisoblanadi va ularga hukumat tomonidan teng miqdordagi moliyalashtirish mablag‘lari ajratiladi. Muayyan fanlarni chuqurlashtirib o‘qitish yoki muayyan fanlarga ixtisoslashgan alohida maktablar tashkil etilishi maqsadga muvofiq deb hisoblanmaydi.

Har bir o‘quvchi o‘ziga xos iqtidorga ega, deb qaraladi va individual o‘quv rejasi asosida o‘qitiladi va baholanadi. O‘quvchilar bir-biriga solishtirilmaydi. Bu o‘quvchilarning stresslardan holi tarzda bilim olishiga zamin yaratadi.

O‘qitish va sog‘lomlashtirish

Ta’lim jarayonida ham o‘qituvchilar, ham o‘quvchilarning jismoniy va ruhiy zo‘riqishlardan holi bo‘lishini ta’minlashga xizmat qiluvchi boshqa omillar ham mavjud:

  • Maktabda darslar nisbatan kechroq — ertalabki 9:00−9:45 dan boshlanadi, bu o‘quvchilarning tiniqib uxlashi, dars vaqtida o‘zini uyquchan his qilmasligi va mashg‘ulotlarda tez toliqib qolmasligiga yordam beradi;
  • Darslar va tanaffuslar davomiyligi uzoqroq, fin maktablarida o‘quvchilar bir o‘qish kunida o‘rtacha 3 tagacha fan o‘qiydi va o‘rtacha 5 soat vaqt o‘tkazadi, darslar orasidagi nisbatan uzoqroq davom etuvchi tanaffuslar ularga tamaddi qilib olish, dam olish, vaqtichog‘lik qilish va biroz toza havo olishga imkon yaratadi;
  • Fin o‘quvchilari dunyo bo‘yicha maktabdan tashqari uy vazifasiga eng kam — o‘rtacha yarim soat vaqt sarflaydigan o‘quvchilar sifatida e’tirof etiladi;
  • O‘quvchilar bilimi darajasini baholash uchun standartlashtirilgan imtihonlar o‘tkazilmaydi (universitetlarga kirish maqsadida ixtiyoriy ravishda topshiriladigan Milliy kirish imtihonlari bundan mustasno), har bir o‘quvchiga individual yondashiladi va undagi shaxsiy o‘sish indiviual xususiyatlariga ko‘ra baholanadi, boshqa bolalar bilan solishtirilmaydi. Fin maktablarida asosiy urg‘u bolani imtihonlarga emas, mustaqil hayotga va real voqelikka tayyorlashga qaratiladi.

E’tiborli jihatlaridan yana biri shundaki, mamlakatda milliy darajadagi tayanch o‘quv dasturi fin maktablarida asosiy e’tiborni o‘quvchining ta’lim olishi hamda salomatligiga qaratishni nazarda tutadi. O‘quv mashg‘ulotlari o‘quvchining mustaqil faoliyati hamda o‘qituvchi, boshqa bolalar va o‘qitish muhiti bilan o‘zaro aloqasiga qaratilgan ta’lim konsepsiyasiga asoslanadi. Maxsus ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallangan yuqori sifat va erta yoshdan tashxislash tamoyili hech kim o‘zlashtirishda orqada qolmasligini kafolatlaydi.

Yuqori malakali o‘qituvchilar

Qayd etish joizki, Finlyandiyada o‘qituvchilarni tayyorlash tizimi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, faol amaliyotga asoslanadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda universitet bitiruvchilarining bor-yo‘g‘i 10 foizigina magistr darajasini olishga muvaffaq bo‘lgani holda, o‘qituvchilarga magistr darajasiga ega bo‘lish qat’iy talab hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, finlyandiyalik o‘qituvchilar yuqori malakali va o‘z ishiga kuchli mas’uliyat bilan yondashadi, o‘z navbatida, jamiyatda o‘qituvchilarga nisbatan yuksak ishonch va hurmat shakllangan.

O‘qituvchilar faoliyati baholanmaydi, tekshiruvlardan o‘tkazilmaydi. Ya’ni o‘qituvchilarga hisobdorlik emas, mas’uliyat yuklanadi. O‘qituvchilar tayyorlash tizimining uzluksizligi va sifati sababli faoliyatlari davomida ularga erkinlik: o‘qitish usullari va o‘quv materiallarini milliy va mahalliy darajadagi o‘quv dasturlari asosida mustaqil tanlash huquqi beriladi.

O‘quv dasturlarini ishlab chiqishdagi mustaqillik

Umuman, Finlyandiyada ta’lim jarayonini tashkil etish va o‘quv dasturlarini ishlab chiqishning markazlashtirilgan tizimi mavjud emas. Milliy miqyosda qo‘llash uchun faqatgina tayanch o‘quv dasturi ishlab chiqiladi. Ta’lim jarayonini mahalliy shart-sharoitlarga muvofiqlashtirgan holda yo‘lga qo‘yish uchun mahalliy ta’lim tashkilotlariga erkinlik beriladi. Mazkur nomarkazlashtirilgan tizim mahalliy darajada ishlab chiqilgan va joriy etilgan o‘quv dasturlariga asoslanadi, bunda o‘quvchilarning individual ehtiyojlari hisobga olinadi.

Maktablar ta’lim jarayonida davlat tomonidan majburiy ta’lim uchun tasdiqlangan muayyan fanlarning barchasi yoki ayrimlarini o‘qitish yoki o‘z ixtiyorlariga ko‘ra fundamental ta’limga mos boshqa fanlarni o‘qitish to‘g‘risida mustaqil qaror qabul qilishi mumkin. Mahalliy darajada o‘quv dasturini maktablar miqyosida ishlab chiqish mahalliy o‘qituvchi-pedagoglarni ta’limni rivojlantirish haqida bosh qotirishga undaydi va ularga faoliyati davomida pedagogik mas’uliyat yuklaydi.

Finlyandiya va O‘zbekistonda umumiy o‘rta ta’lim — maktab ta’limiga xos o‘xshash hamda farqli xususiyatlar

Finlyandiya maktablari:
O‘zbekiston maktablari:
O‘quvchilar 7 yoshga to‘ladigan yildan qabul qilinadi
O‘quvchilar 7 yoshga to‘ladigan yildan qabul qilinadi
Boshlang‘ich ta’lim 1−6 sinflar, tayanch o‘rta ta’lim 7−9 sinflarni o‘z ichiga oladi
Boshlang‘ich ta’lim 1−4 sinflar, tayanch o‘rta ta’lim 5−9 sinflarni o‘z ichiga oladi
O‘rta-maxsus ta’lim umumiy o‘rta-maxsus yoki kasb-hunar ta’limi shaklida olinishi mumkin
O‘rta-maxsus ta’lim umumiy o‘rta-maxsus yoki kasb-hunar ta’limi shaklida olinishi mumkin
Darslar ertalabki 9:00 — 9:45 dan boshlanadi
Darslar asosan ertalabki 8:00 dan boshlanadi
Barcha o‘qituvchilar magistr darajasiga ega bo‘lishlari shart
Respublika bo‘yicha maktablarda faoliyat olib boruvchi o‘qituvchilarning aksariyati — 89,3 foizi oliy ma’lumotga, 2,6 foizi tugallanmagan oliy ma’lumotga va 8,1 foizi o‘rta maxsus ma’lumotga ega. O‘rta-maxsus ma’lumotga ega bo‘lgan o‘qituvchilarning ulushi bo‘yicha Qashqadaryo viloyati yetakchi hisoblanadi — 18,3 foiz
O‘qituvchilar faoliyati baholanmaydi va hech qanday tekshiruvlardan o‘tkazilmaydi
O‘qituvchilar har besh yilda majburiy (yoki o‘z ixtiyoriga ko‘ra navbatdan tashqari) attestatsiyadan o‘tkaziladi va toifalarga ajratiladi
O‘quv dasturlarini ishlab chiqishning nomarkazlashtirilgan tizimi: maktablar ta’lim jarayonida davlat tomonidan majburiy ta’lim uchun tasdiqlangan muayyan fanlarning barchasi, ayrimlari yoki o‘z ixtiyoriga ko‘ra fundamental ta’limga mos boshqa fanlarni o‘qitish to‘g‘risida mustaqil qaror qabul qilishlari mumkin
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ta’lim davlat ta’lim standarti asosida ishlab chiqilgan tayanch o‘quv rejasi va umumiy o‘rta ta’lim dasturiga ko‘ra amalga oshiriladi. Tayanch o‘quv rejasiga ko‘ra, o‘quv fanlari uchun haftalik dars soatlarining eng kam miqdori 267 soatni tashkil etadi, shundan 262 soat — davlat ixtiyoridagi, 5 soat — maktab ixtiyoridagi soat hisoblanadi
O‘quvchilar akademik natijalarini baholash faqatgina 6 va 9-sinfni tamomlayotgan vaqtda amalga oshiriladi
O‘quvchilar bilimini baholab borish va ularni sinfdan-sinfga ko‘chirish uchun bosqichli nazorat imtihonlari va yakuniy attestatsiyalar o‘tkaziladi
Diniy ta’limni o‘z ichiga oladi
Diniy ta’limni o‘z ichiga olmaydi
Standartlashtirilgan testlar va maktablar faoliyati inspeksiyasi tizimi mavjud emas, maktablar reytingi yuritilmaydi
Milliy darajadagi standartlashtirilgan test tizimlari mavjud, maktablar faoliyati tekshiruvdan o‘tkaziladi va reytingi yuritiladi
Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida barcha o‘quv materiallari bepul taqdim etiladi
O‘quv materiallaridan pullik ijara asosida foydalaniladi
Bitta sinfda o‘quvchilar o‘rtacha soni 19−20 nafar
Bitta sinfda 35 nafardan ko‘p bo‘lmagan o‘quvchilar qamrab olinishi mumkin
Muayyan fanlarni chuqurlashtirib o‘qitish yoki muayyan fanlarga ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etishga yo‘l qo‘yilmaydi, alohida imtiyoz va nufuzga ega bo‘lgan maktablar mavjud emas, deyarli barcha maktablar davlat maktablari hisoblanadi
Respublika bo‘ylab jami 298 ta nodavlat umumta’lim muassasalari, bundan tashqari, iqtidorli va iste’dodli bolalar uchun Prezident maktablari va ixtisoslashtirgan maktablar faoliyat yuritadi

Manba: Finlyandiya Ta’lim va madaniyat vazirligi ma’lumotlari, Ta’lim to‘g‘risidagi asosiy qonuni, Fundamental ta’lim uchun tayanch o‘quv dasturi hamda O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi ma’lumotlari, O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonuni, Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi nizom, Davlat ta’lim standartlari.

Umumiy o‘rta ta’limning o‘quvchilarni ta’limning keyingi bosqichlariga, jumladan, oliy ta’limga tayyorlashdagi hal qiluvchi ahamiyatini hisobga olinsa, o‘zbek maktablarida fin tajribasining tizimli va muvaffaqiyatli joriy etilishi sohada sezilarli siljishlarga olib keladi. Faqat bu borada vaqt va resurs masalasi muhim rol o‘ynashi mumkin.

Qashqadaryodagi ayrim maktablarda Finlyandiya ta’lim tizimini joriy etishda uning aynan qaysi jihatlari asos qilib olinishi hozircha ochiqlanmagan bo‘lsa-da, yuqorida ko‘rib chiqilgan har ikkala davlat ta’lim tizimlari, xususan, umumta’lim maktablarida o‘quv jarayonini tashkil etish bilan bog‘liq keskin farqlar bu borada ba’zi muvofiqlashtirishlar va infratuzilmaviy islohotlar o‘tkazilishi talab etilishidan dalolat beradi.

«Gazeta.uz» ijodkorlari mazkur mavzu atrofida tahliliy materiallarni chop etishda davom etadi.

Muqaddamxon Saidrasulova — O‘zbekiston Milliy universiteti tayanch doktoranti, «Gazeta.uz» kolumnisti.