Ijtimoiy tarmoqlarda Cobalt avtomashina haydovchisi xavfli manyovrlar — yo‘lda teskari harakatlanish, qarama-qarshi yo‘lakka chiqib ketish, shuningdek, yo‘nalishni keskin o‘zgartirish kabi harakatlar qilgani aks etgan video tarqaldi.

Qoraqalpog‘iston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ushbu holat 22 oktabr kuni soat 03:00 atrofida Nukus shahrida sodir bo‘lgan. Cobalt avtomashinasi haydovchisi avtomobilga tegishli bo‘lgan davlat raqamini o‘zboshimchalik bilan yechib olib, yo‘lning qarama-qarshi qismida harakatlangan.

Aniqlanishicha, ushbu huquqbuzarlikni 1986 yilda tug‘ilgan M.Sh. sodir etgan. Unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-moddasi bilan bayonnoma rasmiylashtirilib, avtomashina jarima maydonchasiga joylashtirildi.

Erkakning aytishicha, u o‘sha kuni kechqurun do‘stlari bilan kafeda uchrashgan va keyin «drift» qilish uchun yo‘lning qatnov qismida avtomashinaga tegishli bo‘lgan davlat raqamini yechib olgan. Shuningdek, haydovchi uzr so‘rab, boshqalarga hech qachon bunday qilmaslikni tavsiya qildi.