Yevropa kengashi prezidenti Sharl Mishel O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov bilan birgalikda O‘zbekistonga tashrifi doirasida Yevropa Ittifoqi delegatsiyasining O‘zbekistondagi ta’mirdan chiqqan ofisini ochib berdi, so‘ngra jurnalistlar bilan suhbatlashdi.

U O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyov bilan iyul oyida tasdiqlangan (rasmiy ravishda tasdiqlangunga qadar xalqaro shartnomaga ism-familiyaning bosh harflarini qo‘yib, oldindan o‘z roziligi bildirilgan — tahr.) Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim hamda o‘tgan yildan buyon mamlakat a’zo bo‘lgan GSP+ imtiyozlar tizimi ishini muhokama qilganini ma’lum qildi.

«Iqtisodiy aloqalarimizni mustahkamlash va kengaytirish uchun bizda allaqachon poydevor bor», — dedi Yevrokengash rahbari.

Bundan tashqari, uning so‘zlariga ko‘ra, prezident bilan uchrashuvda mintaqaviy hamkorlik masalalari ham muhokama qilingan.

«Biz O‘zbekiston, uning prezidenti va hukumatining mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashdagi muhim rolini yuqori baholaymiz. Yevropa Ittifoqi barqarorlik va farovonlik yo‘lida hamkor bo‘lishga va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga doimo tayyor», — dedi Sharl Mishel.

U tez orada Samarqandda Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligiga bag‘ishlangan konferensiya o‘tkazilishini eslatdi. «Konferensiyada Yevropa Ittifoqi tomonidan [yashil va raqamli iqtisodiyot sohasida] juda aniq takliflar e’lon qilinadi, ular hamkorligimizni [chuqurlashtirishga] xizmat qiladigan loyihalar uchun asos bo‘lishiga ishonaman», — dedi Yevrokengash prezidenti.

«Shuningdek, biz Rossiyaning Ukraina bilan urushi, uning butun mintaqa [Markaziy Osiyo] va dunyo uchun oqibatlari, oziq-ovqat xavfsizligi inqirozi, bu urush natijasida yuzaga kelgan energetika inqirozi, shuningdek, turli geosiyosiy masalalarni, jumladan, nafaqat mintaqa, balki butun dunyo barqarorligi uchun nihoyatda muhim bo‘lgan Afg‘oniston bo‘yicha muhokama qildik», — dedi Sharl Mishel.

Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov, Yevropa Ittifoqi elchisi Sharlotta Adrian va Yevropa kengashi prezidenti Sharl Mishel.

Energetika inqirozidan chiqishga kelsak, Yevropa kengashi rahbarining fikricha, bunda Markaziy Osiyo muhim rol o‘ynaydi.

«Yevropa Ittifoqi yetkazib berishni diversifikatsiya qilish, hamkorlar doirasini diversifikatsiya qilish niyatida, shuning uchun biz ishonchli sheriklar sifatida O‘zbekiston va Markaziy Osiyoga tayanamiz, ular bilan ko‘plab istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirishimiz mumkin», — dedi u.

Yevrokengash rahbari YeI va O‘zbekiston bir-biri bilan aloqalarni mustahkamlash tarafdori ekanini ta’kidladi. «Janob prezidentga aytganimdek, Yevropa Ittifoqining yashirin kun tartibi yo‘q, biz o‘z harakatlarimiz va siyosatlarimizni ikkita asosiy tamoyilga asoslaymiz: tinchlik va xavfsizlik barcha xalqlar farovonligi uchun. Siyosiy muloqot, o‘zaro hamjihatlik, o‘zaro hurmat bu hamkorlikning asosini tashkil etadi», — dedi u.

«Biz O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda barqarorlik va hamkorlikni mustahkamlashdagi rolini yuqori baholaymiz, chunki o‘zaro bog‘liqlik juda muhim, deb hisoblaymiz. Kelgusida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchrashuvlarini muntazam ravishda o‘tkazishni rejalashtirganmiz, ularda men ham ishtirok etaman, o‘zaro bog‘liqlik, yashil iqtisodiyot va barqarorlik masalalari muhokama qilinadi. Va ishonamanki, bu muntazam uchrashuvlar o‘zaro tushunishni yaxshilashga yordam beradi», — dedi Sharl Mishel.