Toshkent viloyatining Angren tumanida 8 nafar fuqaro 60 dona yovvoyi chumchuqsimonlar oilasiga mansub bo‘lgan sa’valarni to‘r yordamida noqonuniy ovlayotganda qo‘lga tushdi. Bu Ekologiya boshqarmasi va IIB xodimlari o‘tkazgan tezkor reyd tadbirida aniqlandi, deya xabar bermoqda Ekoqo‘mita matbuot xizmati.

O‘rganishlar davomida «Jigariston» mahallasi hududida ovlangan 60 dona sa’va qushlari va noqonuniy ov qurollari (to‘rlar) dalolatnoma asosida olib qo‘yildi. Huquqbuzarlik uchun 8 nafar fuqaroning har biriga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 90-modda, 1-qismi (Ov qilish va baliq ovlash qoidalarini buzish) bilan har biriga nisbatan BHMning 10 barobarida (3 mln so‘m) jarima qo‘llanildi.

60 dona sa’vani davlat inspektorlari shu kuning o‘zida tabiatga qo‘yib yubordi.