Joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida 12,6 mlrd dollarlik pul o‘tkazmalari kirib kelgan bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,2 barobarga ortiq bo‘ldi. Ushbu davrda banklarning aholidan valyuta xaridi va aholiga valyuta sotuvi o‘rtasidagi ijobiy tafovut 2,5 mlrd dollarga teng bo‘ldi. Bunda, aholining valyuta sotuvi 9,0 mlrd dollarni va aholining valyuta xaridi 6,5 mlrd dollarni tashkil qildi.

Transchegaraviy pul o‘tkazmalari 2021−2022 yillarda. Manba: Markaziy bank.

Shuningdek, regulyator rahbari ayrim banklar tomonidan valyuta oqimi ko‘p ekaniga qaramasdan kuniga 1000 yoki 5000 dollar miqdorida cheklov belgilab qo‘yilgani haqidagi xabarlarga ham izoh berdi.

Mamarizo Nurmuratovning ta’kidlashicha, boshqa davlatdan pul o‘tkazmasini amalga oshirishda O‘zbekistonda naqdsiz valyuta (rubl) olinadi. Uning eslatishicha,pandemiyagacha va pandemiya davrida ham banklar naqd valyutani asosan Rossiya banklaridan olib kelishgan. 2021 yilda ular 2 milliard dollarlik valyuta import qilgan bo‘lsa, Markaziy bank 100 million dollarni import qilgan. Bu aholining valyuta operatsiyalari uchun yetarli edi.

Biroq, 2022 yilning fevral oyida joriy etilgan G‘arbning Rossiyaga qarshi sanksiyalari tufayli Rossiya banklari dollar va yevro olishni to‘xtatganligi sababli import qilish imkoniyati cheklangan. Bunda O‘zbekiston banklari boshqa Yevropa banklaridan valyuta olib keldi.

«Shu o‘rinda biz Markaziy bank funksiyalariga kirmaydigan ish qildik. Amerika Federal bankidan valyuta olib kelib mamlakatdagi tijorat banklariga tarqatdik», — deya ta’kidladi regulyator rahbari.

Mart oyidan Markaziy bank naqd xorijiy valyutani olib kirish va tijorat banklariga taqdim etishni boshladi. Ilgari chet el valyutasi asosan Rossiya banklaridan olib kelingan, biroq hozirda bu imkoniyat cheklangan va Yevropa banklari «naqd pul»ni «biroz xavotir va ehtiyotkorlik bilan» bermoqda, degan edi MB rahbari.

Raqamlarga qaraydigan bo‘lsak 12,2 mlrd dollar pul o‘tkazmasi kelgan bo‘lsa, biz 6,5 mlrd valyuta sotdik aholiga. Endi tasavvur qiling qancha naqd valyuta kerak. 2021 yilda olib kelingani qancha edi va mana bu ikki yo‘nalish bo‘yicha ehtiyoj qancha. O‘sha sharoitda biz qariyb 7 mlrd dollar naqd olib kelib tijorat banklariga tarqatdik.

Regulyator rahbarining qo‘shimcha qilishicha, avvallari O‘zbekiston Rossiyadan valyutani erkin va hech qanday shartlarsiz olish imkoniga ega bo‘lgan, biroq AQSh Federal rezerv tizimida jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash bo‘yicha moliyaviy chora-tadbirlar guruhi (FATF) tomonidan qo‘yilgan asosiy talablar mavjud.

«Ya’ni bu jinoiy faoliyatdan olingan daromad yoki terrorizmni moliyalashtirishga xizmat qiluvchi holatlarni inkor etish odatda, pul o‘tkazmalari bu notovar xarakterdagi valyuta operatsiyalari, bank xizmatlariga kirib bu odatda 1 000 dollargacha bo‘ladi. Avvalgi uchrashuvlarda batafsil bu pul o‘tkazmalari hajmi nimaga keskin oshib ketganligini 4 ta omil bilan izohlab o‘tgan edim. Bugungi kunga qaraydigan bo‘lsak 2,2 barobar faqat pul o‘tkazmalarining oshganligini biz pul olib kelishda ishontirishimiz kerak, ya’ni bu pul haqiqiy mehnat muhojirlarining puli ekanligiga ishontirishimiz kerak», — deya ta’kidladi u.

Mamarizo Nurmuratov 2021 yilgacha o‘rtacha 1 000 dollar bo‘lgan pul o‘tkazmalari pul o‘tkazmalarining 62−64%ni tashkil qilgani, bugungi kunda 10 ming dollar va undan yuqorilari 60% tashkil qilayotganini ta’kidladi.

«Bir oyning o‘zida ayrim shaxslar 20−30 martalab 10 ming dollardan valyuta olmoqda, bu esa tovar xarakteriga ega bo‘lmagan operatsiyalar hisoblanadi. Ilgari Rossiyaga eksport qilib, o‘z mahsulotlari uchun zarur bo‘lgan pul mablag‘larini banklar orqali o‘tkazgan kichik eksportyorlar bugun naqd rublga eksport qilib, bizga rubl yuborib, bu yerdan valyuta ko‘rinishida olishmoqda. Ammo FATF qoidalari bor. Bu yerda xo‘jalik yurituvchi subyektning eksport daromadi valyutaga aylantiriladi va bu jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga xizmat qilishi mumkin bo‘lgan xavflardan biri hisoblanadi. Shuning uchun hozir biz talab qo‘yganmiz, talab shundan iboratki eksportyorning pul o‘tkazmasi bilan bog‘liq bo‘lgan o‘tkazmasi eksport bilan bog‘liq bo‘ladigan bo‘lsa uning pulini valyuta hisob raqamiga o‘tkazishni taklif beryapmiz», — deya tushuntirish berdi MB raisi.

Markaziy bank raisi agar tushum haqiqatan ham eksportga tegishli bo‘lsa, eksport qiluvchilar o‘zlarining valyuta hisob raqamlariga o‘tkazmalarni olishlari shartligini aytdi.

«Ikkinchidan, 5000 dollardan ortiq pul o‘tkazmalari uchun banklar [mablag‘larning] kelib chiqish manbalarini talab qilishga majbur», — deya qo‘shimcha qildi u.

Mamarizo Nurmuratov ham Rossiya fuqarolari rubldagi daromadlarini O‘zbekiston orqali dollarga aylantirayotganini tasdiqladi.

Regulyator rahbari O‘zbekistonda dollar chop etilmasligi, joriy etilgan talablar mahalliy banklarning tashabbusi emas, balki Nyu-York FRB tuzilmalari tomonidan o‘rnatilgan muvofiqlik nazoratiga rioya qilish ekanini ta’kidladi.

«Nyu-York FRBning komplayens-nazorat tuzilmasi O‘zbekistonga ikki marta tashrif buyurdi va mahalliy banklar tomonidan ushbu talablarga rioya etilishini tekshirdi. Agar ularda shubha bo‘lsa, ertaga qandaydir banklarga nisbatan naqd valyutani chiqarishga cheklovlar joriy etilishi mumkin», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, banklarning o‘zlari FRB tuzilmasi bilan shartnomalar tuzishga kirishdilar, shu munosabat bilan naqd valyuta bilan bog‘liq vaziyat barqarorlashdi.