Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati Samarqandda ichki ishlar xodimlari maxbusga qiynoqlar qo‘llagani oqibatida gumonlanuvchining uchta qovurg‘asi singani va tana qismida jarohat izlari mavjudligi aytilgan xabar yuzasidan munosabat bildirdi.

23 oktabr kuni O‘zbekiston Inson huquqlari «Huquqiy tayanch» jamoat birlashmasi vakili o‘zining Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida «Ichki ishlar xodimlari kaltaklaganmi yoki «mototsikldan yiqilgan»mi» sarlavhasi ostida xabar qoldirdi.

Xususan, u Samarqand viloyati Urgut tumanida yashovchi A.E. shu yilning 1 oktabr kuni Ichki ishlar xodimlari tomonidan hibslangani, qariyb 20 kun davomida na yaqinlari, na advokat bilan uchrashtirilgani, VUTI (IVS)da saqlanganini qayd etdi. Hozirda Kattaqo‘rg‘on shahridagi qamoq(tergov hibs)xonasida saqlanib, A.E.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 25−273-moddasi 5-qismi orqali jinoiy ish qo‘zg‘atilgani ma’lum qildi.

«Ayni paytda kelib tushgan murojaat mazmuni ham A.E.ga nisbatan ichki ishlar xodimlari tomonidan qiynoqlar qo‘llanilganiga qaratilgan bo‘lib, gumonlanuvchining uchta qovurg‘asi singani, tana qismida jarohat izlari mavjudligi ko‘rsatilgan. Shuningdek, A.E. yashagan hudud ichki ishlar bo‘limi noziri rahbarlar topshirig‘iga ko‘ra, uning bir necha oy avval „mototsikldan yiqilgani“ yuzasidan yaqinlarini so‘roqqa tutgan», — deb yoziladi postda.

Ushbu xabarga aniqlik kiritish maqsadida, ombudsmanning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili Diyor Husanov 23 otyabr kunining o‘zida Samarqand viloyatidagi 7-son Tergov hibsxonasiga borib, mahbus A.E. bilan holi tarzda uchrashdi.

Suhbat davomida mahbus xabarda ko‘rsatilgan holatlarni tasdiqlab, unga nisbatan tan jarohati yetkazilganini ma’lum qildi va holat o‘rganilib, tegishli xodimlarga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishida amaliy yordam so‘rab ombudsman nomiga murojaat qildi.

«O‘rganish davomida mahbusning tibbiy holatiga oid ma’lumotlar ham olindi. Mahbus A.E.ning murojaati va yuqorida qayd etilgan xabarlar yuzasidan tekshiruv har tomonlama, to‘liq va qonuniy o‘tkazilishini bo‘yicha Ombudsman nomidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga murojaat qilindi», — deyiladi munosabatda.