Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat bojxona va ichki ishlar boshqarmalari bilan hamkorlikda «Afg‘oniston-Tojikiston-O‘zbekiston» yo‘nalishida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi bilan shug‘ullanuvchi transchegaraviy jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda DXX xabar berdi.

Dastlab Sariosiyo tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Sho‘rchi va Uzun tumanlarida yashovchi 3 nafar fuqaro ketayotgan Lacetti avtomashinasi to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda, muqaddam 2 nafari sudlangan ushbu shaxslar yonida 670 gr «gashish» moddasi borligi ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, ushbu modda Sariosiyo tumanida istiqomat qiluvchi, 1976 yilda tug‘ilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxsdan 2800 AQSh dollariga sotib olingani ma’lum bo‘lib, u ham qo‘lga olindi.

Tezkor tadbirning ikkinchi bosqichida esa Boysun tumanidagi «Darband» YPX maskanida Uzun tumanida yashovchi 3 nafar shaxs ketayotgan Nexia 2 mashinasi to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi.

Natijada avtomashina salonida 9 kg 410 gr «gashish» moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida, tojikistonlik narkokur’erlar tomonidan Uzun tumani hududiga o‘tkazilgan giyohvandlik vositasi aslida Samarqand viloyatida kutib turgan xaridorlarga yetkazilishi kerakligi ma’lum bo‘ldi.

Tezkor tadbir davom ettirilib, Nurobod tumanida ushbu narkotik moddaning ma’lum bir qismini qabul qilib olgan vaqtda Samarqand va Andijon shaharlarida yashovchi 3 nafar fuqaro ham ushlandi.

Shuningdek, Denov tumanida istiqomat qiluvchi, 1971 yilda tug‘ilgan fuqaroning yashash xonadonida 964 gr «gashish» moddasi borligi aniqlanib, u ham o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirib olindi.

O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida jami 11 nafar shaxs ushlanib, ulardan jami 11 kg 44 gr «gashish» moddasi musodara qilindi.

Hozirda mazkur fuqarolarga nisbatan Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati bo‘yicha Boshqarmasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.