27 oktabr kuni Ostonada o‘tkazilayotgan birinchi «Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi» sammitida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yevropa Ittifoqini «yashil» taraqqiyot sohasidagi hamkorlikni faollashtirishga chaqirdi. Bu haqda uning matbuot kotibi ma’lum qilmoqda.

Bunda prezident alohida e’tiborni eko-innovatsiyalar, energiya samarador va resurs tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish, iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashtirish, Smart-AKIS Yevropa tarmog‘i yordamida «aqlli» qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga qaratishni so‘radi.

Sammit davomida Erasmus+ va «Yevropa gorizonti» dasturlari doirasida ta’lim bo‘yicha Yevropaning ilg‘or metodikalarini joriy etish loyihasini amalga oshirish, qo‘shma fundamental va amaliy tadqiqotlarni o‘tkazish taklif qilindi.

Noyabr oyining 2-yarmida Parijning Luvr muzeyida o‘zbek xalqlarining madaniyatiga bag‘ishlangan yirik ko‘rgazma tashkil etish rejalashtirilgan. Bunday tadbirlarni har yili Yevropa davlatlarining poytaxtlarida va madaniyat markazlarida hamkorlikda o‘tkazib borish tashabbusi ilgari surildi.

O‘zbekiston davlati yetakchisi mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash borasidagi amaliy hamkorlikni kuchaytirish muhimligini ta’kidladi. Afg‘onistonga ko‘maklashish masalasida butun xalqaro hamjamiyatning muvofiqlashtirilgan harakati va haqiqiy ko‘magi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha yangilangan strategiyasi qabul qilingan vaqtdan buyon uch yil o‘tdi. Afsuski, pandemiya sababli ko‘pgina tadbirlar va masalalar to‘liq amalga oshirilmay qolgani ta’kidlandi.

Shu munosabat bilan prezident strategiyaning bajarilishini jadallashtirish va hamkorlikni mustahkamlash maqsadida ko‘p tomonlama dasturiy hujjat — «Yo‘l xaritasi»ni qabul qilish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif qildi.

U o‘z so‘zining yakunida mamlakatlarning barqaror taraqqiyoti, ravnaq va farovonligi yo‘lida «Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi» formatidagi ochiq, tizimli va sermahsul muloqot tarafdori ekanini ta’kidladi.