Tesla va SpaceX asoschisi, milliarder Ilon Mask vanihoyat Twitter kompaniyasi sotib oldi. Bu haqda tadbirkor o‘zining Twitter`dagi sahifasida video joylashtirdi.

Shuningdek, Ilon Mask sahifasidagi ma’lumotlarni yangilab, kompaniyaning rahbari ekanini ko‘rsatuvchi yozuvni qoldirdi (Chief Twit).

Bloomberg nashrining xabar berishicha, milliarder dushanba kuni kompaniyani sotib olish bo‘yicha bitimni yakunlashga va’da bergan. 13 milliard dollarlik qarz mablag‘larini taqdim etayotgan banklar kredit shartnomasini yakunlab, hujjatlarni imzolash bosqichida turibdi. Ushbu kelishuv tadbirkorga pul jo‘natishdan oldingi oxirgi qadamlardan biridir.

Ma’lumot uchun, Ilon Mask Twitter`ni joriy yilning aprelida sotib olmoqchi ekanini aytib, har bir aksiya uchun $54,2 qiymatni taklif etgandi.

Eslatib o‘tamiz, 25 aprel — dushanba kuni esa Ilon Mask Twitter Inc (TWTR.N) kompaniyasini 44 mlrd dollarga sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishgani haqida xabar berilgandi. Shundan so‘ng, iyul oyida kompaniya Ilon Maskga soxta akkauntlar va botlar haqidagi ma’lumotni taqdim eta olmagani ortidan tadbirkor bitimni bekor qiladi.

Biznesmen oktabr oyining boshida yana sotib olish istagi borligini aytib, uzoq davom etgan murosasizlikdan so‘ng kompaniyaning rahbariga aylandi.