Toshkent shahrining Shota Rustaveli ko‘chasida joylashgan Ikkichi savdo do‘konida «Davlat tili to‘g‘risida» gi qonun talablari buzilishi yuzasidan ogohlantirildi. Bu haqda Yakkasaroy tumani hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Tuman hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Nigora Umarova Qitmir chol Telegram-kanalida do‘kon ko‘rinishidagi yozuv surati paydo bo‘lganidan so‘ng vaziyatni o‘rgandi.

Peshlavhada «O'zbek kiyim-ke4ak, ko’janni somkala va xokazolar brendi» deb yozilgan. Shu bilan birga, matnda xatolarga ataylab yo‘l qo‘yilgani, bunda yoshlar muloqot va yozishmalarda faol foydalanadigan belgi va so‘zlarning kiritilgani tushunarli.

Nigora Umarova tadbirkorga «Davlat tili to‘g‘risida»gi qonun talablarini tushuntirib, kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ogohlantirish xati ham yubordi», — deyiladi hokimlik xabarida.

«Shu o‘rinda yurtdoshlarimizga yana bir bor eslatib o‘tamiz. Til qoidalariga amal qilinishiga har birimiz mas’uldirmiz. «Davlat tili to‘g‘risi»dagi qonun talablariga ko‘ra, biron reklama yoki e’lon, ko‘rgazmali yozuvlar bo‘lsa, oldin davlat tilimizda, ya’ni o‘zbek tilida xatolarsiz, keyin boshqa tillarda yozilishi shart», — deyiladi xabarda.

Ikkichi qanday do‘kon?

Ikkichi budjetli konseptual brendi o‘tgan yili Black Quail charm mahsulotlari brendi asoschisi Pahlavon Turdiyev tomonidan yo‘lga qo‘yilgan. O‘shanda u shunday deb yozgan edi: «Ikkichi nafaqat kiyim, balki o‘zbek modasini ham anglatadi. Faqat ikat liboslarini emas, balki madaniy kodni ham anglatadi. Bu bizning shevalarimiz, o‘ziga xos an’analarimiz va bizni o‘zbek qiladigan barcha narsalar haqida. Ikkichi orqali o‘zligimizni ochib berishga harakat qilmoqchiman. Xatolar, o‘zbek jargoni, haddan tashqari beadablik va qo‘pol hazil yordamida biz yo‘qotilgan avlod haqida gapiramiz va o‘ziga xos milliy kodni shakllantiramiz. Turli sohalarning aforizmlari va dialektlari orqali — mintaqalararo madaniy almashinuvga erishamiz».

Ikkichi assortimentida mahalliy materiallardan O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan kichik charm aksessuarlar, paypoq va kiyim-kechaklar mavjud.

«Madaniyat va savodxonlik uchun kinoya va ko‘cha jargonlari orqali manifest e’lon qilish», — deyiladi brendning Instagram-akkauntida. Mahsulot toifalari «Somka», «Miw-miwla», «Shlopkala», «Mayda4uda», «Wmotkala», «Belbo», «Kawlyog» deb nomlanadi. Kompaniya ijtimoiy tarmoqlardagi barcha postlarda va hatto mijozlar bilan yozishmalarda kinoya va jargon so‘zlardan foydalanadi, «Gazeta.uz» bunga shaxsan («brat», «choy-poyga keling») guvoh bo‘ldi.

«Gazeta.uz» ushbu vaziyat bo‘yicha izoh olish maqsadida Pahlavon Turdiyev bilan bog‘landi. U do‘konning ogohlantirilganini hokimlik kanalidan bilganini va kimdir tovar belgisining mohiyatini tushunmay, o‘zini «ikkichi» deb atagan brendga ogohlantirish yuborganini kinoya deb atadi.

«Bizning brendimiz, yondashuvimiz yoki peshlavhalarimiz xato qilishga undamaydi, bu tilga beparvo munosabat emas — o‘zbek xalqi azaldan hazilni yaxshi ko‘rgan, doimo ijobiy munosabatda bo‘lgan. Aksincha, jargon va aforizmlar orqali konsepsiyamizda belgilanganidek madaniyat va savodxonlik manifestini ifoda etib, kamchiliklarimizni masxara qilamiz va shu bilan birga yoshlarning o‘zini namoyon etishiga hissa qo‘shamiz», — deydi brend asoschisi.

«Bizning vazifamiz yoshlarga kiyim va aksessuarlar orqali o‘zini, o‘z fikrlarini ifoda etish imkoniyatini berishdir. Hozirgi yoshlar biznikiga o‘xshamaydi, butunlay boshqacha, erkinlikni sevuvchi, mehribon, dunyoni yaxshi tomonga o‘zgartiradi», — dedi Pahlavon Turdiyev.

O‘zbekistonda lotin alifbosini kirill alifbosi bilan aralashtirib yozadigan avlod yetishib chiqdi, lotin yozuvida yozilgan ruscha so‘zlar hamma yerda uchraydi, Ikkichi esa voqelikning aksi, xolos, dedi u.

«Ikkichi — ro‘yxatdan o‘tgan brend bo‘lib, uning mahsulotlari yoshlarga manzur bo‘lmoqda. Biz hamyonbop kiyimlar bo‘yicha mahalliy yetakchi bo‘lishni xohlaymiz. Biz O‘zbekistonning yangi yoshlariga o‘zini namoyon qilishga yordam bermoqchimiz. Mening orzuim butun dunyodagi o‘zbeklar bir-birini bizning printimiz orqali tanisin», — dedi kompaniya rahbari.

Xulosa o‘rnida Pahlavon Turdiyev shunday dedi: «Agar bizning brendimiz tirik odamdek javob bera olsa, bu holatga quyidagicha izoh bergan bo‘lardi: «Bugn oqutuv4m kankretniy ikki q6ydi dnevnigimga, agar togrlamasam adamni ota 0nalar majlisiga chaqirwarekanla».