Ukrainalik jurnalist Dmitriy Gordon va isroillik milliarder Leonid Nevzlin suhbatida O‘zbekistonda Eron bilan hamkorlikda harbiy dronlar yig‘ilayotgani haqida fikrlar aytildi.

Bu holatga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirov munosabat bildirib, tegishli vazirliklar buni rasman rad etishini so‘radi.

«Bu asossiz va mas’uliyatsiz e’lonni e’tiborsiz qoldirmaslik kerak. O‘zbekiston rus agressiyasini hech qanday shaklda qo‘llab-quvvatlamasligini, muzokaralar va hududiy yaxlitlikni qo‘llab-quvvatlaydigan betaraf pozitsiyasini fuqarolarimiz ham butun dunyo ham juda yaxshi tushunib bo‘ldi. Tashqi ishlar va Mudofaa vazirliklari bu tuhmatni rasman rad etishi va Gordonni uzr so‘rashga majbur qilishi kerak», — deb yozdi Alisher Qodirov.

O‘zbekiston Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi mamlakatda Eron bilan hamkorlikda harbiy dronlar ishlab chiqarilishini qat’iyan rad etdi.

«O‘zbekiston Ukrainadagi harbiy xarakatlarda qo‘llanilayotgan Eron jangovar uchuvchisiz uchish apparatlarining (jangovar dronlar) ishlab chiqarish (yig‘ish) maydoni ekanligi to‘g‘risidagi xabarlarni qat’iy inkor etadi», — deyiladi rasmiy munosabatda.

O‘zbekiston hozirgi kunga qadar hech qachon Eron tomoni bilan hamkorlikda qurol-yarog‘ va harbiy texnika ishlab chiqarmaganini va hozirgi kunda ham ishlab chiqarmayotganini ma’lum qilingan.

«Shu munosabat bilan, Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi OAV orqali tekshirilmasdan turib tarqatilayotgan bu kabi xabarlar jamoatchilik e’tiborini yolg‘on ma’lumotlar bilan chalg‘itishi hamda O‘zbekistonning xorijiy davlatlar bilan do‘stona munosabatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishiga sabab bo‘lishi mumkin deb hisoblaydi», — deyiladi qo‘mita munosabatida.