Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumani «Jannatmakon» mahallasida fuqaroning jasadi «Hazarbog‘» kanali irmog‘idan topilib, unda biror-bir shaxsning jinoyat tarkibi aniqlanmagani sababli jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etildi. Marhumning o‘limi voqeasi haqida uning otasi yo‘llagan videomurojaatga Surxondaryo viloyati prokuraturasi rasmiy bayonot berdi.

27 yoshli A.I.ning jasadi Oltinsoy tuman IIB navbatchilik qismining 10 avgustda bergan xabariga ko‘ra, soat 08:00 larda topilgan.

7 sentabr kuni Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Oltinsoy tuman punkti ko‘rsatilgan ichki tekshiruv natijalarida marxumning ichki a’zolaridagi o‘zgarishlar nafas yetishmovchiligi oqibatida vafot etgani haqida 22-sonli xulosasini chiqardi. Biroq, ekspert xulosasining bayonot qismi bilan xulosa qismida nomutanosib holati kuzatildi. Natijada 9 sentabr kuni murda sud ajrimi asosida eksgumatsiya qilinib, komission sud tibbiyot ekspertizadan o‘tkazildi.

12 va 14 sentabrda bo‘lgan qo‘shimcha komission sud tibbiyot ekspertiza fuqaroning o‘limida yuqori nafas yo‘llari burun, og‘iz bo‘shlig‘ining suyuqlik bilan (suv) berkitilishidan vujudga kelgan mexanik asfiksiya natijasida kelib chiqqan, deya xulosa berdi.

Badanida aniqlangan shilinmalar va jarohatlar esa kanal bo‘ylab oqib ketayotganda yuzaki jismlarga urilishidan yuzaga kelgani, unga qarshilik ko‘rsatish, urish, tepish, janjallashish natijasida kelib chiqqan tan jarohatlari aniqlanmagani aytildi.

Birlamchi xulosada o‘limga cho‘kishning nafas yo‘llarining burun, og‘iz bo‘shlig‘ining suyuqlik (suv) bilan bekilishi natijasidagi spastik (nafas boylamalarining bekilib qolishi) dan vujudga kelgan mexanik asfiksiya sabab bo‘lgani inobatga olinmagan va shu sababli tafovvut kelib chiqqan.

Keltirilishicha, fuqaroning o‘limi holati bo‘yicha dastlabki ekspertiza tekshiruvi yuzasidan xulosa berishda yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklari uchun sud-tibbiy ekspert O‘.Bo‘tayarovga «hayfsan» intizomiy jazo chorasi qo‘llandi.

Tergovga qadar tekshiruv natijasida, 17 oktabr kuni marhumning o‘limida biror-bir shaxsning harakatlarida jinoyat tarkibi aniqlanmaganligi sababli Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad qilindi.