24 oktabr kuni Toshkentning Chilonzor tumanida joylashgan G‘afur G‘ulom bog‘i «Dream Park» nomi bilan qayta ochilgandi. Shundan so‘ng, bog‘ning inglizcha nomlanishi ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Xususan, tilshunos Orif Tolib mazkur yangilikka o‘zining Telegram kanalida «yuz mingdan ortiq o‘zbekcha so‘z ichidan shu bog‘ga munosib nom topilmaganini» yozib post qoldirdi.

«O‘zbek bog‘iga o‘zbekcha nom yarashmaydimi? …O‘zbekcha nom qo‘ysa, yarashmaydi yo zamonaviy ko‘rinmaydi deb o‘ylashgandir, balki. Inglizchalab Dream Park desa modern toʻking bo‘ladi-da, a (Hech qursa, „Orzular bog‘i“ de, „Orzu“ bog‘i de. Yo‘q, albatta, ajnabiy ot qo‘yilishi kerak. O‘zi hammayoq shunaqa xorijiy nomlarga to‘lib ketyapti. Hech bo‘lmasa, ommaviy maskanlarga o‘zbekcha ot qo‘yinglar, baraka topkurlar», — deb yozadi u.

Shuningdek, jurnalist Ilyos Safarov til departamenti va uning rahbari Sobir Shukurovga bir qator savollarni yozib qoldirdi.

Chilonzor tumani hokimining Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha maslahatchisi Botir Rasulov bergan ma’lumotlarga ko‘ra, bog‘ning nomlanishiga rasman o‘zgartirish kiritilmagan.

«Bog‘ nomini o‘zgartirish haqida Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari bo‘yicha tuman komissiyasi nomiga ariza kelib tushmagan. Albatta, bu borada jamoatchilik fikri ham e’tiborga olinadi. Bog‘ oldin atalgan nomi G‘afur G‘ulom nomidagi bog‘ bo‘lib qoladi», — deya Botir Rasulovning so‘zlarini keltirmoqda hokimiyat matbuot xizmati.

Eslatib o‘tamiz, G‘afur G‘ulom bog‘i boshqaruvini qo‘lga kiritgan BMP Smart Decision Management vakili bog‘ 2022 yilning yoz oylarida ochlishini ma’lum qilgandi. 25 iyulda Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi a’zolari bog‘da amalga oshirilgan ishlarni ko‘zdan kechirib, u 1 sentabrda foydalanishga topshirilishini e’lon qilingandi, lekin bu ham amalga oshmadi. Shundan so‘ng, «Gazeta.uz» Parkni 49 yilga ijaraga olgan BMP Smart Decision Management kompaniyasi vakili bilan suhbatlashib, ish jarayonidan fotoreportaj tayyorlagandi.