Shanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida «ToshkentboshplanLITI» loyiha-tadqiqot instituti shaharsozlik va ilmiy loyihalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Saidazim Sharipov Toshkentning 2045 yilgacha bo‘lgan bosh rejasi loyihasi tafsilotlari haqida so‘zlab berdi, deb xabar qiladi «Gazeta.uz» muxbiri.

Ikki yildan buyon «ToshkentboshplanLITI»da xorijiy va mahalliy dizaynerlar, iqtisodchilar, ekologlar, transport xodimlari va shaharshunoslar poytaxtning bosh rejasi loyihasi ustida ishlamoqda. Loyihaning bosh maslahatchisi — niderlandiyalik urbanist Bart Muskens. U o‘z mamlakatida shahar strategiyasi va mintaqaviy iqtisodiy rivojlanishni rejalashtirish bo‘yicha loyihalar ustida ishlagan.

Institutga Turkiyadan mutaxassislar, jumladan, Kentsel Strateji asoschisi Ali Faruk Go‘ksu ham jalb etilgan. U Turkiyadagi 80 dan ortiq hududlarni rivojlantirish bo‘yicha istiqbol rejalarini ishlab chiqqan.

Toshkentning bosh rejasi loyihasi nima o‘zi?

Toshkentning bosh rejasi loyihasi poytaxtni rivojlantirish strategiyasidir. Bugungi kunda shaharni, qurilish, rekonstruksiya, renovatsiya yoki konservatsiya talab qilinadigan zonalarni rivojlantirish ssenariylari tasdiqlangan.

Keyingi bosqich «ToshkentboshplanLITI» ushbu hududlarni rivojlantirish qoidalarini ishlab chiqadi. Ularda shaharning turli hududlaridagi binolarning qavatlar soni, aholi zichligi, ko‘kalamzorlashtirish, jamoat transporti, avtoturargohlar va ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha talablar kiritiladi. Shaharsozlik normalari yangilanishi ham mumkin. Qoidalarni ishlab chiqish muddati hali belgilanmagan, deb ma’lumot berdi Saidazim Sharipov «Gazeta.uz»ga.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, keyingi qadam qoidalarga muvofiq alohida zonalarning bosh rejalarini ishlab chiqish bo‘ladi. Bu vazifani tartibga soluvchi organ talablariga rioya qilgan holda xususiy kompaniyalarga topshirish mumkin.

Ikkita markaz va beshta rivojlanish hududi

Bosh reja loyihasini ishlab chiquvchilar shaharda ikkita yirik markazni rivojlantirishni taklif qilishmoqda. Bular mavjud markaz va poytaxtning sharqida qurilishi rejalashtirilgan «Yangi Toshkent» shahri bo‘ladi.

Bosh reja loyihasini ishlab chiquvchilar shaharni «3» ssenariysi bo‘yicha rivojlantirishni taklif qilishmoqda.

Bundan tashqari, Toshkent halqa avtomobil yo‘li (THAY) bo‘ylab yashil belbog‘ning davomi bo‘ladigan to‘rtta kichik markaz va o‘zining yashil zonasiga ega bo‘lgan beshta rivojlanish hududini yaratish taklif etilmoqda. Submarkazlar bir-biriga parallel ravishda ikkita o‘qda joylashgan bo‘ladi.

Hududlarni rivojlantirish uchun kichik — transport markazlari bo‘lib, ularning atrofida xizmat ko‘rsatish maskanlari tashkil etiladi. Masalan, «Chilonzor» va «Buyuk Ipak yo‘li» metro bekatlari yoki poytaxtning Yunusobod tumanidagi «Universam» savdo majmuasi ana shunday markazlardandir. Ular hududda haqiqatda sanoqli bo‘lgani bois bugungi kunda ushbu maskanlar tevarak-atrofidagi infratuzilmaga yuklamasi juda katta bo‘lmoqda.

Mazkur yukni kamaytirish va tuman aholisini ushbu maskanlarda teng ta’minlash maqsadida beshta rivojlanish yo‘nalishining har birida to‘rtta ana shunday kichik markaz tashkil etish taklif etilmoqda.

Rivojlanish hududlari kam rivojlangan joylarni belgiladi, dedi Saidazim Sharipov. Masalan, Yunusobod, Chilonzor, Sergeli va Mirzo Ulug‘bek tumanlari bunday hududlarga kirmaydi.

Transportning qulayligi

Bosh reja loyihasini ishlab chiquvchilarning asosiy e’tibori poytaxt ekologiyasiga qaratilgan. Jamoat transportini rivojlantirmasdan turib havo sifatini yaxshilash mumkin bo‘lmagani sabab, shahar aholisining 95 foizi eng yaqin jamoat transporti bekatiga 15 daqiqada yetib borishi uchun tarmoqni kengaytirish rejalashtirilmoqda.

«Bizning asosiy e’tiborimiz tezkor jamoat transportiga qaratilgan. Bugun u — metro», — deydi Saidazim Sharipov.

Biroq mavjud yo‘nalishlar asosan markazdagi aholini qamrab oladi. «ToshkentboshplanLITI» ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda Toshkent aholisining 37 foizi metro bekatlaridan 15 daqiqalik uzoqlikdagi piyoda masofada istiqomat qiladi. Aholining 78 foizi eng yaqin metro bekatiga velosiped yoki elektroskuterda 15 daqiqada yetib borishi mumkin.

Bir nechta transport turlarini rivojlantirish xarajatlarini hisoblash.

Strategiya loyihalashtirilgan metro yo‘nalishlari qurilishini yakunlash, shuningdek, «Rohat» aylanasidan «Yangi O‘zbekiston» bog‘igacha 10 km lik monorels, tezyurar avtobus yoki tramvay uchun 100 km ajratilgan yo‘laklar, 28 ta transport almashtirish nuqtasini qurishni ko‘zda tutadi.

Saidazim Sharipovning tushuntirishicha, loyiha mualliflari narxi qimmatligi bois tramvay tarmog‘ini emas, balki yuqori tezlikda harakatlanuvchi avtobus uchun ajratilgan yo‘laklar qurishni taklif qilishgan.

Ta’kidlash joizki, xizmat muddati bo‘yicha — taxminan 15 yildan boshlab — tramvay vagonlarining ekspluatatsiya muddati uzoqroqligi hamda tashish xususiyatlari hisobiga arzonroqqa tushadi. Bundan tashqari, tramvaylar atrof-muhitni elektrobuslarga qaraganda kamroq ifloslantiradi: turli sirtlarga ega mexanik abraziv materiallar (yo‘llar, shinalar, tormozlarning eskirishi) mayda PM dispers zarralari manbalaridan biri hisoblanadi.

Toshkent bosh rejasini ishlab chiquvchilar poytaxtning urbanizatsiyalashgan hududlari toifalarini ham belgilab berishdi. Bular 600 ming aholiga ega Kichik halqa avtomobil yo‘li (KHAY) ichidagi shahar markazi, 2 milliondan ortiq aholiga ega THAY va KHAY o‘rtasidagi hudud, shuningdek, yuridik jihatdan poytaxtda yashamaydigan, biroq kundalik hayoti poytaxtda o‘tadigan 300 ming kishi istiqomat qiladigan shahar atrofi. Toshkentni rivojlantirish uchun aglomeratsiyaning barcha aholisi uchun transportdan foydalanish imkoniyatini ta’minlash zarur.

Shu bois mavjud temir yo‘llardan elektr poyezdlarini rivojlantirish uchun foydalanish rejalashtirilmoqda. Buning uchun mavjud sanoat hududlarini bo‘shatish va ularni shahar tashqarisiga ko‘chirish kerak. Bo‘shatilgan maydonlar shahar balansiga o‘tkaziladi. Ulardan Toshkentni yanada rivojlantirish uchun foydalaniladi, temir yo‘lda elektropoyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

Yuk poyezdlariga shaharni aylanib o‘tishga ruxsat beriladi. Faqat «Toshkent Shimoliy» va «Chuqursoy» bekatlari ularni qabul qilishda davom etadi. Biroq fuqarolarni bezovta qilmaslik maqsadida ishlar tungi vaqtlarda olib boriladi.

«Elektr poyezdlarini yo‘lga qo‘yish va yuk poyezdlarini shahar tashqarisiga ko‘chirish uchun bor-yo‘g‘i 32 km temir yo‘l qurish kerak. Ushbu yo‘nalishlarga zamonaviy elektropoyezdlarni o‘tkazish uchun yo‘lni modernizatsiya qilish zarur. Lekin bular unchalik katta xarajatlar emas, chunki eng muhimi — tarmoq — bizda allaqachon bor», — dedi Saidazim Sharipov.

Shaharga kirish joylarida tarkibida xizmat ko‘rsatish markazlari ham bo‘lgan bepul to‘xtash joylari quriladi. Shahar markazida pulli avtoturargohlar joriy etilishi hamda jamoat transporti rivojlanishi bilan avtomobil haydovchilari to‘xtash joyi uchun pul to‘lashdan ko‘ra, mashinalarini ana shunday to‘xtash joylaridan biriga qo‘yib, jamoat transportida shaharga borishni afzal ko‘rishadi.

Shunday qilib, magistral jamoat transporti yo‘nalishlari bekatlari aholining 73 foizi istiqomat qiladigan manzillardan 15 daqiqalik piyoda yurish masofasida joylashtiriladi. Poytaxt aholisining 95 foizi esa ularga velosiped yoki elektroskuterda 15 daqiqada yetib borishi mumkin bo‘ladi.

Qolaversa, jamoat transporti ustuvor bo‘lishi haqidagi barcha va’dalarga qaramay, bosh rejani ishlab chiquvchilar shaharliklarning to‘xtash joyiga egalik qilishini inkor etmoqchi emas. Taklif etilayotgan me’yorlarga ko‘ra, ko‘p xonadonli uylarda bitta kvartiraga bitta mashina qo‘yish joyi asosida qurilishi kerak.

Toshkentda qurilishlarni rivojlantirish strategiyasi

Barcha qurilish obyektlarini Toshkentdan tashqariga ko‘chirish imkoni bo‘lmaydi. Bu shaharning rivojlanishi va o‘sishi g‘oyasiga ziddir. Shahar markazida me’moriy qiyofasini saqlab qolish uchun yirik obyektlar (ma’muriy binolar, universitetlar) qurilishini to‘xtatish rejalashtirilmoqda. Saidazim Sharipovning aytishicha, Toshkentning me’moriy qiyofasi, bu — an’anaviy mahallalar, Bobur, Shota Rustaveli va Navoiy ko‘chalaridagi me’moriy ansambllar. Yirik obyektlar qurish uchun yer ajratish qachon tugatilishi ma’lum emas.

Bugungi kunda aholining asosiy qismi qurilish zichligi yuqori bo‘lgan hududlarda: Yunusobod, Chilonzor, Sergeli va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida to‘plangan. Aholi zichligining pastligi kam qavatli binolar — an’anaviy mahallalar bilan bog‘liq.

Aholining eng past zichligi poytaxtning janubi-sharqiy qismi, yaqinda shaharga qo‘shib olingan hududlarda kuzatilmoqda. Bu yerda rivojlanish salohiyati mavjud. Bundan tashqari, kommunikatsiyalar rivojlanishi tahliliga ko‘ra, janubi-sharqda qurilish imkoniyatlari mavjud.

«Shaharning shimoli-g‘arbiy qismi allaqachon obod. Bundan tashqari, Toshkentning ushbu qismi 9 balli seysmik zonada, janubi-sharqiy qismi esa 8 balli seysmik zonada joylashgan», deydi Saidazim Sharipov

Ayni paytda poytaxtning shimoli-g‘arbiy qismida, Olmazor, Shayxontohur va Uchtepa tumanlarida an’anaviy mahallalar ko‘p. Ularni buzish va ko‘p qavatli uylar qurish rejalashtirilmagan, chunki bu yerda kommunal xizmatlarni modernizatsiya qilish janubi-sharqdagiga qaraganda qimmatroq bo‘ladi.

Bosh rejani ishlab chiquvchilar poytaxt qurilishlari bo‘yicha rivojlanish strategiyasining uchta asosiy yo‘nalishini belgilab berdi.

Rekonstruksiya

Shahar taraqqiyotining asosiy yo‘nalishi rekonstruksiyadir. U hududlarning to‘rtta toifasini ajratib turadi.

Birinchi toifaga yetarli infratuzilmaga ega hududlar kiradi. Bular mikrorayonlar va yaqinda foydalanishga topshirilgan tumanlardir. Bu yerda qurilish taqiqlanadi.

Ikkinchi toifa, bu — bolalar bog‘chalari, maktablar, yashil zonalar qurish zarur bo‘lgan hududlar. Asosan, shu hududlarda aholi zichligi past, sababi ular ko‘p hollarda bir qavatli individual binolar bilan ifodalanadi.

Bunday mahallalardagi tartibsiz o‘sish tufayli transport aloqasi yomon, ko‘chalar kam, ijtimoiy markazlar yo‘q. Saidazim Sharipovning so‘zlariga ko‘ra, ular poytaxt hududining yarmidan kamrog‘i, biroq salmoqli qismini egallaydi. Bu esa shahardan samarasiz foydalanilayotganidan dalolat beradi.

Muhandislik kommunikatsiyalari yaxshi rivojlangani uchun ularni buzish rejalashtirilmagan. Ushbu hududlar aholisini transport qulayligi bilan ta’minlash maqsadida mazkur mahallalar markazlarida bayksheyring (velosipedlarni ijaraga berish) punktlari barpo etiladi. Aholi 15 daqiqa ichida eng yaqin avtobus bekatiga yetib borish uchun velosiped yoki skuterni ijaraga olishi yoki sotib olishi mumkin bo‘ladi.

Biroq hozir ushbu hududlarda qurilish zichligining biroz o‘sishi kuzatilmoqda. Katta ko‘chalar bo‘ylab ko‘p qavatli uy-joylar qurilmoqda.

Uchinchi toifa — aholi zichligini qisman oshirish zarur bo‘lgan hududlar. Bu mavjud infratuzilmaga qo‘shimcha yuk yaratmaslik uchun qavatlar sonini ma’lum chegaralar doirasida oshirish mumkin.

To‘rtinchi toifa, bu — allaqachon rekonstruksiyaga muhtoj bo‘lgan hududlar. Nisbatan eskiroq, biroq hozirda qarovsiz ahvolda qolgan mahallalar, mikrohududlar. Ular yangicha uslubda rivojlantiriladi.

Renovatsiya

Kelgusida qayta tashkil etiladigan hududlar renovatsiya qilinadi. Bular, asosan, yaqinda Toshkent tarkibiga kiritilgan yangi hududlar, shuningdek, sanoat korxonalari foydalanayotgan 6 ming gektar yerlardir.

Konservatsiya

Barcha yashil hududlar va qirg‘oqlar. Bunday hududlarda qurilish ishlari amalga oshirilmaydi, faqatgina ko‘kalamzorlashtiriladi.

Toshkentdagi binolarning o‘rtacha qavatlari soni

Toshkentdagi bir qavatli imoratlardan tashkil topgan mahallalardan birida o‘tkazilgan tahlil shuni ko‘rsatdiki, bino umumiy maydonining u egallagan yer maydoniga nisbati 1:1 yoki 1:0,75 bo‘lgan variantlar eng ko‘p uchraydi. Ya’ni, bir qavatli uyning maydoni 200 kv. m. bo‘lsa, u 200 kv. m. yerni egallaydi yoki ikki qavatli uyning maydoni 400 kv. m. m va 300 kv. m. maydonni egallaydi.

Formula ko‘pincha shaharsozlikda va shaharni rejalashtirishda hududning zichligini aniqlash uchun ishlatiladi.

«Biz bir mahallani tahlil qildik. Unda hududning 69 foizini binolar, 29 foizini esa avtomobil yo‘llari egallagan. Aholi zichligi — gektariga 114 kishi. Bir qavatli mahallalarning taxminan 80−90 foizi shunday tuzilishga ega. Bu yerda nafaqat uylar, yo‘llar, balki xizmat ko‘rsatish va yashil hududlar ham bo‘lishi uchun bino maydoni va hududning umumiy maydoni o‘rtasidagi muvozanatni topish kerak», — dedi Saidazim Sharipov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qurilishlar 5−6 qavatli binolardan iborat bo‘lsa, u holda hududning 25 foizini uy-joy qurishga, 12 foizini infratuzilma yaxshilangan yo‘llarga ajratish, 25 foizida yashil maydonlarni joylashtirish 24 foizini bolalar bog‘chalari va turli xizmatlar ko‘rsatiladigan mahalla markazlariga, 15 foizini esa maktablarga teng taqsimlash mumkin bo‘ladi. Shu bilan birga, aholi zichligi 5 baravardan ziyodroqqa ortib, gektariga 600 kishiga yetadi.

«Zichlik jamoat joylari uchun ko‘proq joy ajratishga imkon beradi. Bunga erishish uchun yakka tartibdagi uy-joydan voz kechish kerak. 5−6 qavat, bu — odamlar yetarli darajada ijtimoiy aloqaga ega bo‘lgan eng maqbul qavatlar soni: ular bir-biri bilan muloqot qilishadi, bolalarini tashqariga chiqarishga ruxsat berishadi», — dedi mutaxassis.

Saidazim Sharipovning qo‘shimcha qilishicha, yakka tartibdagi uy-joy aholini asosiy ijtimoiy imtiyozlardan mahrum qiladi. Shu bilan birga, odamlarni xususiy uylarda yashash imkoniyatidan mahrum qilish ham ish bermaydi.

«Hududimizning, madaniyatimizning o‘ziga xosligi shundaki, odamlar o‘z hovlisiga ega bo‘lishga odatlangan. Shuning uchun Sovet Ittifoqi davrida „Jemchug“ kabi eksperimental binolar va S-27 kabi katta hovlilari bo‘lgan hududlar qurildi. Arxitektorlar odamlarning ehtiyojlariga mos yechimlar berishi kerak. Agar shunday qarorlar qabul qilinsa, odamlar asta-sekin kvartiralarga ko‘chiriladi, chunki ular yer solig‘ini to‘lashlari, tomorqaga qarashlari kerak. Xarajatlar oshadi, lekin o‘z hovlisini hech qachon kvartiraga almashtirmaydigan odamlar ham bo‘ladi».

«Yangi Toshkent» va «Yangi shahar» shaharlari

Taqdim etilgan prognozlarga ko‘ra, 2041 yilga borib Toshkent aholisi hozirgi 2,96 mln kishidan 5,15 mln kishiga ko‘payadi. Saidazim Sharipovning so‘zlariga ko‘ra, hozir qurilayotgan ko‘p qavatli uylar o‘sib borayotgan aholining uy-joyga bo‘lgan talabini qisman qondirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ular 80 mingga yaqin kishini qabul qiladi.

2045 yilgacha bo‘lgan bosh reja loyihasida «Yangi Toshkent» shahri poytaxtdan sharqda, Chirchiq va Qorasuv daryolari oralig‘ida barpo etilishi ko‘zda tutilgan. U 20 ming gektar maydonni egallaydi. Biroq 2045 yilga kelib bor-yo‘g‘i 6 ming gektar maydonni o‘zlashtirish rejalashtirilgan. Bu yerda 500 ming kishilik uy-joy quriladi.

«2045 yilgacha 20 ming gektar maydonni qurish, yumshoq qilib aytganda, qiyin ish. Bundan tashqari, unumdor yerlar ham bor. Bu yerlardan qurilish uchun foydalanish yoki yo‘qligini 2045 yilda shaharsozlik mutaxassislari hal qiladi», — dedi Saidazim Sharipov.

«Yangi Toshkentning o‘rni betakror. U yerning ekologiyasi, landshaftlari boshqacha, kanallari va florasi o‘ziga xos. Biz loyihamizda ushbu xususiyatlarni saqlab qolmoqchimiz va ularni loyihalashtirilgan shaharga integratsiya qilmoqchimiz», — deya qo‘shimcha qildi u.

Poytaxtning Yangihayot tumanida 6 ming gektar maydonda esa «Yangi shahar» qurilishi rejalashtirilgan. Bu yerda 2045 yilgacha 500 ming kishilik uy-joy qurilishi mumkin. Potensial jihatdan shahar 910 ming kishini sig‘dira oladi.

«Hozircha o‘rtacha qavatlar sonini ayta olmaymiz, — deydi Saidazim Sharipov. — Bu hududda qavatlar soni [shaharning boshqa qismlariga qaraganda] ancha ko‘p bo‘ladi. Ammo barcha binolar osmono‘par bo‘lmaydi. Masalan, Chirchiq daryosi bo‘yida kam qavatli, yakka tartibdagi uy-joylarni taklif etamiz. Shu bilan birga, butun qirg‘oq shaxsiy emas, balki davlatniki bo‘ladi. Daryodan uzoqlashishi bilan binolarning zichligi oshib boradi. Asosiy transport arteriyasi — metro yaqinida binolar eng yuqori zichlikka ega bo‘ladi».

Yangihayot va Yashnobod tumanlarida ham har bir tumanda 350 ming aholiga mo‘ljallangan ko‘p xonadonli uy-joy qurish uchun hududlar ajratish taklif etilmoqda.

«Yashil konsepsiya»

Bosh reja loyihasini ishlab chiquvchilar mavjud yashil zonalarda havo harorati o‘simliklari siyrak maydon va ko‘chalarga nisbatan 5 darajaga past ekanligini aniqladi.

Shu munosabat bilan «ToshkentboshplanLITI» Toshkentni kesib o‘tuvchi beshta kanal bo‘ylab shaharning beshta yashil arteriyasini aniqladi. Arteriyalarning qirg‘oqlari obodonlashtirilib, ko‘chatlar o‘tqaziladi. Bundan tashqari, THAY bo‘ylab uzunligi 130 km bo‘lgan «yashil halqa» ekiladi.

«Afrika 8000 km uzunlikdagi „yashil belbog‘“ yaratayotganini hisobga olsak, bu kichik ko‘rsatkich», — deydi Saidazim Sharipov.

Bosh reja loyihasida umumiy foydalanishdagi plyajlar belgilanmagan. Saidazim Sharipov xaritada umumiy plyaj tafsilotlarini ko‘rsatishning iloji yo‘qligini aytdi. Alohida bo‘limlar uchun bosh rejalarni ishlab chiqishda jamoat plyajlari boshqa infratuzilma bilan birga ro‘yxatga olinadi.

Bundan tashqari, turli obyektlarni qurishda aholi jon boshidan kelib chiqqan holda ekiladigan daraxtlar soni bo‘yicha standartlar ishlab chiqilgan. Shunday qilib, bitta kvartiraga 2 ta, maktab o‘quvchisiga 10 ta, bog‘cha o‘quvchisiga 20 ta, universitet talabasiga 4 ta, restoranga tashrif buyuruvchiga 1 ta, madaniyat obyekti tashrif buyuruvchisiga 2 ta, 100 nafar aeroport yo‘lovchisiga 10 ta daraxt ekish taklif etilmoqda.

Bosh reja loyihasidagi qanday ma’lumotlar ommaga e’lon qilinadi?

Saidazim Sharipov «ToshkentboshplanLITI» strategiyani ommaga ochiq qilish maqsadida tizimni yo‘lga qo‘yish va serverlarni o‘rnatishini ta’kidladi. Aholi va tadbirkorlar tanlangan hududda qancha qavatlar ruxsat etilgani, binoning maydoni qancha bo‘lishi mumkinligi va bu yerda nimalar qurilishi mumkinligini bilib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.