25 oktabr kuni prezidentning “2022−2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi, deya xabar bermoqda Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Hujjatga ko‘ra, joylarda ichki yo‘llar, ichimlik suv, elektr energiyasi va gaz ta’minoti hamda ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, sport va boshqa infratuzilma obyektlari yaxshilanadi. Xususan, jami 5284 ta mahallaga 2022 yil hisobida 2,7 trln so‘m mablag‘ ajratiladi. Bu borada Respublika ishchi guruhi tashkil etilib, unga bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov rahbarlik qiladi.

Hokimliklar, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgazta'minot” AJ, “O‘zsuvta'minot” AJ va boshqa buyurtmachi tashkilotlar 15 noyabrga qadar 2022−2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish buyicha amalga oshiriladigan loyihalarning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqadi.

Shuningdek, dasturlar doirasidagi qurilish-ta'mirlash ishlari “Obod qishloq” va “Obod mahalla” jamg‘armalari orqali moliyalashtiriladi. Buning uchun bosh vazir o‘rinbosari — Jashid Qo‘chqorov va Moliya vazirligi jamg‘armalarga jami 1,7 trln so‘m miqdorida mablag‘ o‘tkazib beradi. Dasturlarni amalga oshirish doirasida:

  • bosh loyixachi tashkilotlar tender orkali
  • bosh pudratchi tashkilotlar “Shaffof qurilish” milliy axbrot tizimi orqali
  • obyektlarni saqlash bilan bog‘liq ta’mirlash ishlari uchun jalb etiladigan tashkilotlar tender orkali aniklanadi.

Bundan tashqari, bosh loyihachi va bosh pudratchi tashkilotlarga istisno tarikasida qurilish-ta'mirlash ishlari uchun 30 foiz mikdorida oldindan to‘lov (avans) amalga oshirishga ruxsat beriladi.

“2022 yilda ajratilib, yil yakuniga qadar o‘zlashtirilmasdan qolgan mablag‘lar davlat budjetiga qaytarilmaydi va ushbu mablag‘lar 2023 yilda dasturlarda nazarda tutilgan obyektlarning qurilish-ta'mirlash ishlarini yakunlashga yo‘naltiriladi”, — deyiladi qarorda.