Toshkentning 2045 yilgacha bo‘lgan bosh rejasi loyihasini ishlab chiquvchilari («Gazeta.uz» bu haqda batafsil ma’lumot bergandi) O‘zbekistonning «yashil belbog‘ini» yaratish konsepsiyasini taklif qildi.

Bu haqda shanba kuni hujjat taqdimotida strategiya mualliflaridan biri, «ToshkentboshplanLITI» instituti shaharsozlik va ilmiy loyihalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Saidazim Sharipov ma’lum qildi.

«Yashil belbog‘» — shahar atrofi yoki ularga tutash hududlarda daraxt va butalardan iborat ekozona. Ular, asosan, o‘sha yerlarni urbanizatsiya ta’siridan himoya qilish maqsadidi tashkil etiladi.

«Belbog‘»ni Mo‘ynoqdan Andijongacha bo‘lgan chiziqda tashkil etish taklif qilinmoqda. «Yashil belbog‘» uzunligi 1500 km bo‘lishi mumkin.

«Buni amalga oshirish mumkin, chunki Orol dengizining qurigan tubiga ekilgan saksovullar yetarli darajada o‘sib chiqqan», — deydi Saidazim Sharipov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, bunday loyihalar allaqachon xorijda amalga oshirilmoqda. Afrika Ittifoqi Buyuk Yashil devor loyihasini 2019 yil holatiga ko‘ra 15% amalga oshirildi. Bu qit’aning Atlantika qirg‘og‘idan Qizil dengizgacha bo‘lgan hududda daraxtlar ekishni o‘z ichiga oladi. Belbog‘ning uzunligi deyarli 7800 km va kengligi 15 km bo‘ladi. Loyihaning maqsadi Sahroi Kabir cho‘lining kengayishini to‘xtatishdir.

Jahon amaliyotidan yana bir misol, uzunligi 12,5 ming km bo‘lgan Yevropaning «yashil belbog‘i»ni tashkil etilishidir.

Saidazim Sharipov so‘zlariga ko‘ra, «yashil belbog‘»ni qo‘shni qishloqlar orqali temir yo‘l bo‘ylab o‘tkazish mumkin. Loyihaning amalga oshirilishi qishloqlar rivojiga xizmat qilishi kutilmoqda. Ular ekoqishloq tamoyili bo‘yicha xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Avvalroq yozganimizdek, Toshkentning 2045 yilgacha bo‘lgan bosh rejasi loyihasida poytaxt atrofida uzunligi 130 km bo‘lgan «yashil belbog‘» yaratish ko‘zda tutilgan. Saidazim Sharipov bunday vazifa Toshkent shahrining avvalgi bosh rejalarida ham borligini, lekin amalga oshirilmaganini ta’kidladi.