«O‘zbekcha gapirish»
Onlayn kurslarda o‘zbek tili qanday o‘rgatilmoqda?
Maktabda o‘n yillik o‘zbek tili taʼlimi ko‘plab rusiyzabon o‘zbekistonliklarga davlat tilida gaplashishni o‘rgatmadi. Tilni o‘rganishni bugun xususiy onlayn kurslar taklif etmoqda. «Gazeta.uz» uchta shunday maktab taʼsischilaridan darslarni yo‘lga qo‘yish g‘oyasi, bu boradagi qiyinchiliklar va o‘quvchilarning talablari haqida so‘radi.
Maktabda o‘n yillik o‘zbek tili taʼlimi ko‘plab rusiyzabon o‘zbekistonliklarga davlat tilida gaplashishni o‘rgatmadi. Tilni o‘rganishni bugun xususiy onlayn kurslar taklif etmoqda. «Gazeta.uz» uchta shunday maktab taʼsischilaridan darslarni yo‘lga qo‘yish g‘oyasi, bu boradagi qiyinchiliklar va o‘quvchilarning talablari haqida so‘radi.
Laziza Azimova
Uzbekonline.ru o‘zbek tili onlayn maktabi asoschisi
O‘zbek tili kurslarini tashkil etish g‘oyasi haqida

Men 15 yildan buyon Rossiyada yashayman. Farzandlarim o‘zbek tilida hech bo‘lmaganda boshlang‘ich darajada gapirishlarini juda xohlardim. Bu yerga o‘zbekcha gapiradigan enaga olib keldim, o‘zbekcha multfilmlar qo‘yib berdim, uyda o‘zbekcha gaplashishga harakat qildik. Ammo bunday aniq yo‘naltirilgan yondashuvlar unchalik foyda bermadi. Chunki bola uchun birinchi til bog‘cha, maktab va YouTube kanali tili bo‘ladi. Agar bolani o‘rab turgan muhit va maʼlumotlarning aksariyati o‘zbek tilida bo‘lsa, o‘zbek (yoki boshqa har qanday) til ustun bo‘ladi.

O‘zbek tili bo‘yicha onlayn kurslarni yaratish g‘oyasi gruzin tilida shunday kurslar borligini bilgan vaqtimda paydo bo‘ldi. Bu men uchun kutilmagan holat bo‘ldi, chunki O‘zbekistonning hududi va aholisi Gruziyanikiga qaraganda ancha katta.

Chet elda yashayotganlar o‘zbek tilini o‘rganishlari uchun kurs tashkil qilmoqchi bo‘ldim. Filolog va o‘qituvchi bo‘lmaganim uchun tashkilotchilik bilan shug‘ullandim. Menda kelajak — onlayn format bilan ekanligi haqida tushuncha bor edi. Shunday munosabat bilan pandemiyani oldindan payqagan ekanmiz. U boshlangan paytda maktabimiz allaqachon ikki yildan beri faoliyat yuritib kelayotgandi.

Mavzuni o‘rganar ekanman, bizda darsliklar juda kamligini angladim, mustaqil o‘rganish uchun qo‘llanmalarni topish esa, bu — shunchaki mo‘jiza. Men o‘zbek tilini o‘rganayotgan ingliz tilida so‘zlashuvchi xorijliklar uchun qo‘llanmani topib oldim. Rossiyada chop etilgan o‘zbek tilidan bitta darslik ham topildi. Va muallif Bakiyevning 1967 yildagi juda eski mustaqil o‘rganish uchun qo‘llanmasini. Shular xolos. Qolganlari qandaydir juda tarqoq manbalar.

Onlayn kurslarni tashkil etish uchun o‘qituvchilar bilan 80 dan ortiq suhbatlar o‘tkazdim va o‘z ishining ustalari — o‘zbek tili mutaxassislari va amaliyotchilarini topdim. Ular talabaning ehtiyojlaridan kelib chiqib ishlashadi. Ularning asosiy vazifasi — odamni o‘zbekchada so‘zlashishga o‘rgatishdir. Ko‘p vaqtimni onlayn marketing va onlayn boshqaruvga bag‘ishladim, chunki o‘qituvchilarimiz butun dunyo bo‘ylab tarqalib ketgan.
реклама
реклама
O‘quvchilar haqida
Kurslar boshlanganidan bir oy o‘tgach, o‘zbek tilini o‘rganishga muhtoj bo‘lgan asosiy auditoriyam O‘zbekistonning o‘zida ekanligini anglab yetdim. Odamlar o‘zbek tili kerakligi, ammo o‘qituvchilar, oddiy kurslar topa olmaganlaridan shikoyat qilishardi.
Bugungi kunda uzbekonline.ru o‘quvchilarining 90 foizini — O‘zbekistonda yashaydigan turli millat va kasb vakillari tashkil etadi. Aksariyati 30 yoshdan oshgan talabalar. Ular butun umrini O‘zbekistonda o‘tkazgan, maktabda 10 yil o‘zbek tilini o‘rgangan va deyarli hamma bu dasturni qatʼiyan inkor qilishini aytadi, chunki ular sheʼr yodlashga va ovoz chiqarib o‘qishga majbur bo‘lishgan. «Sizlarda unday emasmi? Nimalar bilan farq qilasiz?» — deb so‘rashdi ular.

Odamlarga o‘qitish formatimizni ko‘rsatish uchun bitta maxsus darsni ochiq o‘tkazdik. Ko‘pchilik ustimizdan kulishdi: «O‘zbek tili kimga kerak? Kelajak ingliz tiliniki», — deya izoh qoldirganlar ham bo‘ldi. Ammo baribir kimdir o‘qishga keldi.

Biz darhol yaxshi izohlar ola boshladik. Odamlarning aytishicha, biz ularga kundalik darajada gapirishga yordam berayapmiz.

Baʼzi talabalarimiz noldan boshlashadi. Boshqalar bir oz gapirishni biladi, lekin o‘sishni xohlashadi. Bunday talabalar yaxshi shug‘ullanishsa, juda katta natijalarga erishadilar.
Kurslar haqida

Vazifamiz — uch oy ichida kundalik hayotda: shifokor va bozorga borish, chipta sotib olish va hokazolarda muloqot qilishni o‘rgatishdan iborat edi. O‘quvchi topshiriqlarni bajargan taqdirda, haqiqatan ham o‘z vaʼdamizning ustidan chiqishga muvaffaq bo‘ldik.

Metodikani ishlab chiqqan o‘qituvchilar oldiga qiyinlashtirmaslik vazifasini qo‘ydim. Biz eng keng tarqalgan qoidalarni beramiz, ularsiz gapirish, tilning tabiati va mohiyatini tushunish umuman mumkin emas. Shuning uchun men yetuk olimlarni qidirmadim. Ularga hamma narsani o‘rgatish shartdek tuyulishi mumkin. Menimcha, 5000 ta so‘zni bilib, ishlatmagandan ko‘ra, 300 ta so‘zni bilib, ishlatgan maʼqulroq.

Asos sifatida o‘zbek adabiy tili hisoblangan Farg‘ona shevasini olamiz. Dars quyidagicha tartibda tuzilgan: avvaliga nazariy qism bo‘lib, unda qoida, undan foydalanish tushuntiriladi, so‘ngra ushbu qoidani mustahkamlash uchun turli mashqlarni bajarish kerak. Misol uchun, yetishmayotgan so‘zni topish, berilgan mavzu bo‘yicha tez aytish.

Har qanday materialni doimo qaytadan ko‘rib chiqish, qayta tinglash mumkin, chunki takrorlash tilni o‘rganishda muhim omil hisoblanadi. Maktabda esa eng yaxshi holatda 30% maʼlumotlarni eslab qolasiz.

To‘rt yil avval ham o‘zbek tilini onlayn o‘rganish imkoniyati qariyb yo‘q edi, biroq hozir bozor jonlangan: kurslar, repetitorlar bor, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab materiallar mavjud. Hamma o‘zbek tili kerakligini yaxshi tushunib turibdi. Shuning uchun biz B1 va B2 darajalar uchun darslar ochdik. Metodika hamda tilni muayyan darajada egallaganlikni aniqlash uchun o‘quvchilarni imtihon qilish mezonlari va uslublarini o‘zimiz ishlab chiqdik.

Tilni o‘rtacha darajada biladigan o‘quvchilar uchun mo‘ljallangan dasturlarimiz filmlar, qo‘shiqlar, kitoblar, yangiliklar, notiqlarning chiqishlaridan tarkib topgan. Biroq boshlang‘ich bosqichdagi o‘quvchilar uchun bunday materiallardan foydalanishga erta.

Har qanday natija saʼy-harakat talab qilishini bilishimiz kerak. Agar odam juda band bo‘lsa, biz moslashuvchan jadvalni taklif qilamiz. Darslarni rulda eshitish, bir qo‘lda ovqatni qo‘zg‘ab, ikkinchisida — mashq qilish, qulay vaqtda shug‘ullanish. 30 daqiqalik darsni qismlarga ajratish mumkin. Bundan tashqari, biz bir kunda uch soat shug‘ullanishni tavsiya qilmaymiz.
реклама
реклама
Tildagi to‘siqlar va til o‘rganish usullari haqida

Ayniqsa, O‘zbekistonda yashovchi o‘zbek millatiga mansub talabalar orasida til to‘siqlari kuchli. Agar ularning oilalarida o‘zbekcha gaplashilmagan bo‘lsa, ular ayniqsa, talaffuz qilishda qiynaladi.

Buni bartaraf qilish uchun bizda tinglash darslari mavjud, ularda avval yozuv eshitiladi, keyin eshitilgan audio matni talaffuz qilinadi. Bu yaxshi amaliyot, chunki inson avvalo o‘zini eshitadi, qayta-qayta yozadi — va hokazo.

Bundan tashqari, bizda o‘yinlar uchun yopiq chat ham mavjud. O‘qituvchilar talaffuz qilish uchun tez aytishlar berishadi. Atrofdagilar ham xatolar bilan aytayotganini ko‘rganingizda, bu oddiy holat ekani va yolg‘iz emasligingizni tushunib yetasiz.

Bizga tez-tez: «Kurslarga borishning nima keragi bor? Shunchaki o‘zbekka turmushga chiqish / mahallaga / bozorga borish / ikki oyga armiyaga borib-kelish yetarli-ku», — degan mazmunda yozib turishadi. Bu usullar ajoyib xotirali, tushunish juda oson bo‘lgan tillarni o‘rganish qobiliyatiga ega odamlarda foyda berishi mumkin. Lekin bunday odamlar ko‘p emas.

Men bu tavsiyalarga jiddiy qaramayman, chunki o‘zim til bilan bog‘liq murakkab vaziyatga tushib qolganman. Italiyada bo‘lganimda, barcha maʼlumotlar faqat italyan tilida edi. Uchinchi oyga boribgina italyan tilida qo‘pol xatolar bilan gapirishni boshladim. Bu men hech kimga ravo ko‘rmaydigan og‘ir stressli holat edi.

Undan qochish uchun minimal baza kerak: zamonlarni tushunish, feʼlni ravishdan ajratish, xolos.
Saida Rashidova
Saida bilan oʻzbek tili va «Istoriya Dopki» («Dopkilar tarixi») kitobi muallifi
O‘zbek tili kurslarini yaratish g‘oyasi haqida

Mening faoliyatim har doim ingliz tili bilan bog‘liq edi. Olti yil davomida TIS (Tashkent International School, Toshkent xalqaro maktabi — tahr.)da ishlab, chet ellik ekspertlardan pedagogika sohasida malaka oshirishga muvaffaq bo‘ldim. Biroq hamma TIS — O‘zbekistonga hech qanday aloqasi yo‘q joyligini tan oladi. Dasturda o‘zbek tili mavjud emas, mamlakatimiz tarixi va madaniyati haqida kamdan-kam gapirishadi.

Bu holatdan siqilardim, ingliz tiliga qiziqishim yo‘qolib, o‘zbek tili o‘ziga jalb qila boshladi. O‘z yurtimda o‘zimni har doim mehmondek his etishim meni bezovta qilardi. Chet elliklar O‘zbekiston haqida gapirishardi, men esa bu haqda hech narsa bilmasligimni tushunib yetdim. Farzandlarim o‘zbek tilini qanday o‘rganadi, deb xavotirlana boshladim.

Pandemiyadan oldin turizm bilan shug‘ullanishga qaror qildim. Shu yo‘l bilan ham o‘z qiziqishimni qondiraman, ham uni boshqalarda rivojlantiraman, deb o‘ylardim. Men o‘zimni o‘zbekdek his qilishni va bundan faxrlanishni xohlagandim. Ammo lokdaun tufayli turizm ish bermadi. Ingliz tilini o‘rgatishni boshladim, lekin men TIS`ni buning uchun tark etmaganimni angladim. Shu bois, 2020-yil yozida o‘zimning Facebook`dagi sahifamda qanchaga bo‘lsa ham o‘zbek tilidan dars berishga tayyorligim haqida eʼlon joylashtirdim.

Tez orada birinchi talabalar paydo bo‘ldi: qozoq qizi, koreys, amerikalik va afrikalik. O‘shanda turkiy tilda so‘zlashuvchilarni ajratish kerakligini hali bilmagan edim, lekin tajriba baribir qiziq edi.

Dars o‘tish jarayonida tajribam menga yordam berdi. Dastur tuzib, uni Vestminster universiteti o‘qituvchilari bilan muhokama qildim, kursdoshlarimga ko‘rsatdim va shundan keyingina ommaga olib chiqdim.

2021-yil iyun oyida rus tilida so‘zlashuvchilarga dars berishga qaror qildim: bu auditoriyaga borish qo‘rqinchli edi, chunki grammatikani o‘rganishni yoqtirmayman, grammatika orqali dars bermayman, gap qismlarini yaxshi tushunmayman, lingvistika atamalarini yaxshi bilmayman.
реклама
реклама
Maktablarda o‘zbek tilini o‘qitishdagi kamchiliklar va o‘zbek tilining murakkabligi haqida
O‘zbek tili bu — turkiy til, turkiy tillar esa agglyutinativdir. Ular shunday tuzilishga egaki, so‘zlarning o‘zgarishida (turlanishi, tuslanishi) agglyutinatsiya — har biri faqat bitta maʼnoga ega bo‘lgan suffiks va affikslarning qo‘shilishi yetakchilik qiladi.

Eng oddiy misol «O‘zbekistonlikmisiz?» Rus tilida bu uch so‘z, inglizchada to‘rtta, o‘zbek tilida esa bitta — «O‘zbekistonlikmisiz?». Tilning bu xususiyatini bilish kerak, u tushunishni osonlashtiradi. O‘zbek tilida juda uzun so‘zlar bor, bunga faqat chidash kerak bo‘ladi. Ammo grammatikasi juda oson va bu tilning bonusidir. Oddiy kelishiklar, kelajak va hozirgi zamon feʼlni o‘zgartirmaydi. Halqum tovushlari tufayli talaffuz qiyinroq bo‘lishi mumkin.
Maktablarda o‘zbek tilini o‘qitishning kamchiliklari yaqqol ko‘rinib turibdi. O‘tgan yillardagi darsliklarning mazmuni bolalarning yashayotgan hayotiga mos kelmasdi. Taʼlim rus tilida olib boriladigan sinflarda o‘zbek tili ikkinchi sinfdan boshlab o‘qitiladi. Biroq boshlang‘ich maktabdayoq Alisher Navoiy, Bobur, go‘zal tabiatli mustaqil O‘zbekiston mavzulari o‘qitilardi. Ammo bolalarga mustaqillik emas, Xaggi Vaggi qiziqroq.
Bundan tashqari, nimani o‘rgatish kerakligi haqida hech qanday tushuncha yo‘q edi, u aslida barcha sinflar uchun bo‘lishi lozim. Ingliz tilida boshlang‘ich darajada o‘rganish kerak bo‘lgan 100 ta so‘z mavjud. O‘zbek tilida ham shunday ro‘yxat bo‘lishi kerak. Darsliklar shu so‘zlardan yaratilishi kerak. Shuni ham hisobga olish kerakki, o‘zbek tilini chet tili sifatida o‘rganayotgan bolalar uchun darsliklarda bolaning kundalik hayotidan olingan so‘zlar bo‘lishi kerak. Ammo eski darsliklarda bu darsliklar mo‘ljallangan yoshdagi o‘zbekzabon bolalar ham ishlatmaydigan so‘zlar bor edi. O‘quvchilarning yoshiga mos lug‘atdan foydalanish kerak.

Qolaversa, boshlang‘ich sinflarda o‘zbek tili darslarida bolalarga yozish va o‘qish o‘rgatiladi. Modomiki bolalikdan avval eshitish va quloq solishni, keyin gapirishni, so‘ngra o‘qish va yozishni o‘rganar ekanmiz, o‘zbek tili darslarini ham muloqot orqali qurish kerak, deb hisoblayman. Bola bilan gaplashish, uning ehtiyojlarini his qilish kerak. Busiz o‘rganish muvaffaqiyatli kechmaydi.

Inson gapirishi uchun nutqlarni eshitishi kerak. Chunki matn — talaffuz degani emas, ayniqsa Toshkentda. Kimdir yozilgan narsalarni o‘qiydi, mashqlarni qiladi, ko‘chaga chiqqanida esa nutqlarni eshitib, hech narsani tushunmaydi. Bu, ayniqsa, o‘zbek tilida so‘zlashuvchi muhit uning uchun hali yangi bo‘lgan odamlar, yaʼni O‘zbekistonga yaqinda kelganlar uchun juda muhim.
Foto: Saida Rashidova
Kurs haqida

Kursni ishlab chiqishda 16 soat ichida istalgan tilni o‘rganish mumkinligini daʼvo qiladigan Dmitriy Petrov metodologiyasini mo‘ljal olishga harakat qildim. Asosiysi, feʼllarning turli xil zamonlarda qanday tuslanishini tushunish. Biroq bu uslub ish bermadi, chunki darslar tushunmasdan yodlashga aylanadi, mening miyam esa jadvallar bo‘yicha emas, balki vaziyatga qarab ishlaydi, ayniqsa suhbat odam uchun yangi bo‘lgan tilda kechadigan stressli vaziyatlarda.

O‘zbek tilini o‘zimning metodologiyam bo‘yicha «omon qolish uchun» o‘rgataman. Men kattalar bilan ishlayman, chunki bolalar ko‘proq eʼtibor va to‘liq fidoyilikni talab qiladi. Kursning davomiyligi 4-5 haftani tashkil etadi. Odamga «omon qolish»ga yordam beradigan bilimlarni beraman: yo‘nalishni so‘rash, oziq-ovqat, dori sotib olish, tez yordam chaqirish. Bu daraja uchun mukammal gapirish shart emas. Bu yerda gapirish muhim.

Kurs davomida o‘quvchi uni tushunishlari uchun yetarli darajada gapira olishni o‘rganadi. Qo‘shimchalarni sal-pal to‘g‘ri ishlatishni o‘rgatishga harakat qilaman.
реклама
реклама
Men darhol Zoom orqali dars berishni boshladim. Boshida butun dars davomida o‘quvchilar bilan muloqot qildim: taqdimot yordamida nazariyani tushuntirdim, savollar berishlarini so‘radim. Tez orada talabalar nazariy qismni oldidan yozib berishimni so‘rashdi, uni darsdan oldin tomosha qilishdi va birgalikda amaliy qismini o‘tdik.

Videodarslar qilishni boshladim, Zoom`ga esa ona tilida so‘zlashuvchilarni taklif qilib, o‘quvchi va ona tilida so‘zlashuvchi juft-juft «onlayn xona»larda suhbatlasha olishlariga sharoit yaratdim. 20 daqiqalik suhbat davomida ular bir-birlari haqida nimalarni bilib olganini gapirib berishdi. Men tez toliqib qoldim, chunki videodarslarni yozish juda ko‘p vaqt olardi. Bundan tashqari, videodarslar grammatikaga yordam beradi, odamni esa qanday qilib gapirishga o‘rgatish mumkin?
Axir o‘qituvchi sifatida nazariyani o‘rgatmoqchi bo‘lsangiz, shuncha amaliyot ham bering-da. Menda esa amaliyot oz.
Joriy yilning iyul oyida «omon qolish tili»ning barcha mavzularini qayta ko‘rib chiqdim va ularni bir nechta bloklarga ajratdim: o‘zim, oilam, ishim, sevimli mashg‘ulotlarim, oziq-ovqat, kiyim-kechak sotib olish, dorixonaga borish va fors-major holatlari haqida. Bitta blokni talabga qarab ochiq qoldirdim. Masalan, rusiyzabon oftalmolog ko‘zoynak tanlashda mijozga xizmat ko‘rsatish uchun o‘zbek tilida dialog yozishda yordam so‘rab qolishi mumkin.

Ushbu mavzularning barchasini onlayn platformaga yukladim, u yerda nafaqat matn formatida mashqlarni bajarish, balki audioxabarlar ham yozish mumkin. Butun nazariya uchun mashqlar o‘ylangan. Platformada ularni bajargan o‘quvchi ball oladi. Ammo ovozli xabar yuborishi kerak bo‘lgan mashqni bajarmasa, u ball ololmaydi.

Menda bonuslar tizimi ham bor. Kim ko‘p ball to‘plasa, unga bir-ikkita individual dars beraman. Kamroq ball to‘plaganlarga rus yoki o‘zbek tilidagi kitoblarimni sovg‘a qilaman. Bundan tashqari, talabalarni kurs oxirida o‘zlariga sovg‘a berishga chaqiraman, axir ular vaqt sarflashdi-ku.

Zoom saqlanib qoldi. Yana small-talk formatini ham o‘ylab topdim — u talabalar bilan qisqa telefon qo‘ng‘iroqlari bo‘lib, suhbatlarni yozib olaman. Avvaliga ular faqat men bilan, keyin esa men taklif qilgan ona tilida so‘zlashuvchilar bilan muloqot qilishadi. Ular men bilan bitta mavzuni repetitsiya qilishadi, so‘ngra ona tilida so‘zlashuvchilar bilan amalda sinab ko‘rishadi. Dinamikani shunday kuzatib boramiz.
O‘quv materiallari haqida

Mendan darsliklar haqida so‘rashganida, odatda, Nigora Azimovaning A1, A2, V1, V2 darajalari uchun mo‘ljallangan ikki jildlik kitobini tavsiya qilaman. Ularni “Amazon”dan topish mumkin. U 90 dollar turadi. Unga video material biriktirilgan, lekin shogirdim buyurtma qilganida, disklar kelmabdi. Zamonaviy yaxshi darslik — audio yoki video materiallarga ega bo‘lgan darslikdir.

Boshqa bir darslik — Aleksey Arzamazovning mustaqil o‘rganish uchun o‘quv qo‘llanmasi. Rus tilida so‘zlashuvchi talabalar uchun yaxshi ketadi.

Bizda lug‘atlar masalasi o‘ta og‘ir. Ingliz tilidan dars berganimda, bolalar bilan AQSH elchixonasiga kino kechalariga borardik. O‘shanda elchixona o‘zining inglizcha-o‘zbekcha lug‘atini nashr etganini ko‘rdim. O‘zbekistonda lug‘at qachon chiqadi?

Menda eski va yangi namunadagi izohli hamda sovet ruscha-o‘zbekcha lug‘atlar bor. Lug‘at yetishmasligi muammosi juda muhim va hal qilinishi mumkin bo‘lgan muammolardandir.
O‘zbek tilini o‘rganish yo‘llari va til to‘siqlari haqida

Til to‘sig‘ining ko‘plab turli sabablari bor. Bu psixologik masala bo‘lib, uning ustida shug‘ullanish kerak: bolalikda kimdir kulgan, kimdir tushunarsiz sheʼrlarni yodlashga majbur bo‘lgan. Odam bu tilda o‘z ovozini tanimaydigan holatlar ham bo‘ladi, shuning uchun talabalardan ovozlarini yozib olish, uni eshitish va o‘zlarining ovozlariga ko‘nikishlarini so‘rayman.

O‘zbek tilining o‘zgarayotgani meni xursand qiladi. Taniqli blogerlar qanday gapirayotganlarini kuzatib boraman. Telefonimning interfeysi o‘zbek tilida va Telegram juda yaxshi tarjimon yollab, emojilarni ajoyib tarzda tarjima qildirgani juda yoqdi. Elektron uskunalarning o‘zbekchasi o‘zlashtirilgan so‘zlarni siqib chiqarmoqda. Albatta hammasini siqib chiqara olmaydi, lekin bu ham kerak. Bularning barchasi tilni o‘rganishga yordam beradi. Telefon interfeysini o‘zbek tiliga o‘tkazish uni o‘rganmoqchi bo‘lgan odam qila oladigan minimal ishdir.
Yana bir usul — notanish odamlar, sotuvchilar, taksi haydovchilari bilan suhbatlashish. Mening shogirdlarimdan biri, amerikalik, fransuz va rus tillarini o‘rgangan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu tillarda so‘zlashuvchilar doimo xatolarga yopishib olishadi, shu bois odam xatolardan uyalib qolmaslik uchun ham ularni o‘rganadi va nutqini yaxshilaydi.

Biroq, uning fikricha, o‘zbek tili bilan vaziyat boshqacha. Bu yerda bir-ikkita so‘zni xato bilan bo‘lsa ham ayta olsangiz, odamlar xursand bo‘lishadi. Bu o‘zbek tilini o‘rganish uchun mukammal muhit. Odamlar xatolaringiz ustidan kulishmasa, juda yaxshi.
O‘zingiz bilan o‘zingiz suhbatlashishingiz, o‘zbek va ona tilingizdagi mahsulotlar tarkibi, peshlavhalar yoki yangiliklar sarlavhalarini o‘qishingiz, so‘ngra so‘z tartibini tushunish uchun ularni solishtirishingiz, o‘xshash yoki bir xil so‘zlarga qarash mumkin.

Shuningdek, o‘z kanalimga kitoblardan parchalar joylashtiraman. Masalan, «Kichik shahzoda»ning ikkita bobini eʼlon qildim. Ilovaga kitoblardan o‘zbek tilidagi mashqlarni yuklashni ham rejalashtirganman.

O‘tgan yili «O‘zbekcha raqs» spektaklining bir necha epizodlarini tahlil qilish bo‘yicha qisqa kurs tashkil etdim. Oxirida talabalar bilan Hamza nomidagi teatrga spektakl tomosha qilishga bordik.

Bu yil yangi yil uchun «“Uyda yolg‘iz” filmi asosida o‘zbek tili» kursini o‘tkazishni rejalashtiryapman.

Yuqori darajalar uchun kurslarim yo‘q va ularning bo‘lish-bo‘lmasligini bilmayman. Biroq kitoblar, spektakllar, filmlar turli murakkablikdagi darajalarni olishga imkon beradi.
Gulruxsor Ergasheva
Qiziqarli o‘zbek tili kursi muallifi
O‘qitish tajribasi haqida

Ilmiy tadqiqot ishim o‘zbek tilini chet tili sifatida o‘qitishning ilmiy-metodik asoslari (o‘qitishning andragogik modeli)ga bag‘ishlangan.

2015-yildan buyon xorijliklarga o‘zbek tilidan dars beraman. Magistraturada o‘qib yurgan paytlarim ish boshladim. Kerakli manbalarni topa olmaganim va chet tilini o‘rgatish usullarini bilmaganim uchun har bir darsga alohida tayyorgarlik ko‘rdim.

Shogirdlarimdan biri koreys tili o‘qituvchisi bo‘lib, u menga metodika haqida ozgina so‘zlab berdi. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga ishga kirganimdan so‘ng bu sohaga chuqurroq sho‘ng‘ishga muvaffaq bo‘ldim.

2018-yilda o‘zbek tilini o‘rgatish bo‘yicha MOTUL loyiha jamoasini tuzdik. Seminarlar va darslar tashkil etildi. 2019-yilda ilmiy rahbarim, tibbiyot fanlari nomzodi Saodat Odilova bilan birgalikda «O’zbekona» dasturini ishlab chiqdik.
реклама
реклама
Maktablarda o‘zbek tilini o‘qitishdagi kamchiliklar haqida

O‘zbek tili maktablarda 12 yil o‘rgatiladi, ammo darsliklarda o‘rganishning to‘rt jihati: o‘qish, tinglash, gapirish va yozish yo‘lga qo‘yilmagan. Ular faqat lug‘at va grammatika o‘rgatishga qaratilgan, shuning uchun ham «O‘zbek tili» o‘quvchilar uchun eng zerikarli fan bo‘lib kelgan.

Boshqa bir muammo shundan iboratki, ilgari o‘zbek tilini ikkinchi va chet tili sifatida o‘rgatadigan o‘qituvchilar tayyorlanmagan. Bunday kadrlar 2018-yilda paydo bo‘la boshlagan, ammo ular hali ham yetishmayapti.

Kurs haqida

Bizning metodologiyamiz nostandart. U dunyoda keng qo‘llaniladigan va qisqa vaqt ichida tilni o‘rganish imkonini beruvchi integrativ yondashuvga asoslangan. MOTUL loyihasi talabalari so‘zlashuv o‘zbek tilini 12 oy ichida B2 darajasida o‘rganadilar. Keyin biznes o‘zbek tiliga o‘tish mumkin.

Har bir daraja uchun biz so‘zlarni ulardan foydalanish chastotasiga qarab tanlaymiz. Adabiy o‘zbek tilining so‘z boyligidan foydalanmaymiz, shevalarni o‘rgatmaymiz. Bizning vazifamiz — tilni muloqot vositasi sifatida o‘rgatishdan iborat, xolos. O‘zbek tilini o‘rganuvchilarga o‘zlari o‘rganayotgan hududning shevasi taʼsir ko‘rsatadi. Poytaxtdagi chet elliklar Toshkent lahjasini ko‘chada o‘rganishlari mumkin. Biror shevani bilgan odam adabiy va so‘zlashuv o‘zbek tilini tushunib, javob qaytara oladi.

Afsuski, o‘zbek tilini xorijiy til sifatida o‘qitishning xalqaro standartlari milliy metodikaga muvofiq ishlab chiqilmagan. Shu bois sohada muammolar ko‘p. Chet elliklar hisobiga o‘zbek tilini saqlab qola olmaymiz. Uni, jumladan, adabiy shaklini ham saqlab qolish o‘zbek xalqining burchidir.
Illyustratsiya: Eldos Fozilbekov / «Gazeta.uz».
Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar «Gazeta.uz» nashriga tegishli. «Gazeta.uz» internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havolada tanishishingiz mumkin.

Siz biror qiziqarli voqeani bilasiz va uni butun dunyo bilan baham ko‘rmoqchimiz? Unday bo‘lsa, hikoyalaringizni photo@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting