Bishkekning Pervomayskiy tuman sudi Kampir-Obod (Andijon) suv ombori hududini O‘zbekistonga berishga qarshi chiqqan 20 nafarga yaqin siyosatchi va faolni qariyb ikki oyga hibsga olish to‘g‘risida qaror chiqardi, deya xabar qilmoqda Qirg‘iziston OAVlari. Ular 23 oktabr kuni qo‘lga olingan va ommaviy tartibsizliklar uyushtirishga tayyorgarlik ko‘rganlikda gumon qilinmoqda. Sud qarorlari 24 oktabrdan 25 oktabrga o‘tar kechasi chiqarilgan.

24.kg xabariga ko‘ra, Qirg‘iziston prezidentining Talas viloyatidagi sobiq vakolatli vakili Aybek Busurmanqulov, faollar Taalaybek Mademinov, Erlan Bekchoroyev, Rita Karasartova, «Turan» partiyasi yetakchisi Jenish Moldokmatov, parlamentning sobiq deputati Kubanichbek Kadirov, Jalolobod viloyatining sobiq gubernatori Bektur Asanov, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq kotibi Keneshbek Duyshebayev, MSK sobiq a’zosi Gulnora Jo‘raboyeva, Konstitutsiyaviy sudning sobiq sudyasi va huquq himoyachisi Klara Sooronkulova Bishkekdagi 1-sonli tergov izolyatoriga (SIZO-1) yuborilgan.

Kloop.kg nashrining yozishicha, siyosatchi Azimbek Beknazarov, faol Ulukbek Mamatayev, jurnalist Aydanbek Akmatov, siyosatchi Ravshan Jeyenbekov, sobiq deputat Asiya Sasikbayeva, faollar Perizat Suranova, Chingiz Kaparov, Chinarbek Shabdan o‘g‘li (Ali Shabdanbadiyev) ham qamoqqa olingan.

Shuningdek, ehtiyot chorasi qo‘llanilishi kerak bo‘lgan faol Talant Eshaliyev sudga tez yordam mashinasida olib kelingan. Shifokorlar uni bevosita sud zalida tekshirishdi. Biroz vaqt o‘tgach, u yana kasalxonaga olib ketilgan.

Hibsga olinganlar sud qaroridan norozi bo‘lib, ularga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi soxta, deb hisoblamoqda. Qirg‘iziston Ombudsman instituti faollarning ommaviy hibsga olinishidan xavotir bildirdi. Xabarda aytilishicha, militsiya xodimlari tintuv va hibsga olish jarayonida bir qator qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘ygan, masalan, qo‘lga olinganlarni qo‘rqitib, yaqin qarindoshlarining mol-mulkini tortib olgan va ularni chaqiruvsiz so‘roqqa taklif qilgan.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev 10 oktabr kuni parlamentda O‘zbekiston bilan chegara chizig‘i bo‘yicha kelishuv tafsilotlari haqida gapirganidan so‘ng mitinglar qayta boshlandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘iziston 19 ming gektardan ortiq yerni olgan, Kampir-Obod (Andijon) suv ombori suvlari hududi esa O‘zbekistonga berilgan, davlatlar suv omborini birgalikda boshqaradi.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov avvalroq bahsli yerlarning «deyarli 99 foizi» Qirg‘iziston foydasiga hal bo‘lganini ma’lum qilgan edi. «Kampir-Obod avvallari to‘liq O‘zbekiston tomoni nazoratida bo‘lgan, biroq endi biz 50/50 ulushga ega qo‘shma korxona tuzishga va to‘g‘onni birgalikda boshqarishga kelishib oldik», — dedi u.

15 oktabr kuni Qirg‘izistonning O‘zgan viloyatida suv ombori atrofidagi vaziyatga bag‘ishlangan qurultoy bo‘lib o‘tdi. 20 oktabr kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov O‘zgan shahrida faollar bilan uchrashdi. 22 oktabrda qurultoy yakunlariga ko‘ra Kampir-Obodni himoya qilish qo‘mitasi tuzildi. Qo‘lga olinganlardan ko‘pchiligi mazkur qo‘mitaga a’zo bo‘lgan.

24 oktabr kuni faollar qo‘lga olinganidan so‘ng Bishkekda siyosiy ta’qiblar va Kampir-Obod suv omborini topshirishga qarshi miting o‘tkazildi. Ishtirokchilar hibsga olinganlarni ozod qilishni, chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalasini ochiq muhokama qilishni talab etishdi.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov 24 oktabr kuni «Kabar» milliy agentligiga bergan intervyusida namoyishchilarni «Kampir-Obod masalasi qiziqtirmayapti. Ular uchun bu shunchaki bahona. Ularning ko‘pchiligi bu fonda mamlakatda nimadir sodir bo‘lishiga umid qilmoqda va shu orqali keyinchalik hokimiyatga yopishib olishlari mumkin. Bir kun oldin hibsga olingan ko‘pchilik bilan shaxsan uchrashdim. Men muloqot uchun bordim», — dedi u.