Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayevga ushbu mamlakatning milliy bayrami — Respublika kuni munosabati bilan tabrik yo‘lladi. Bu xaqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyev o‘zbekistonliklar qardosh Qozog‘iston xalqining quvonchiga samimiy sherik ekanini ta’kidlab, Qasim-Jomart Toqayevga mustahkam salomatlik, mas’uliyatli davlatchilik faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar, Qozog‘iston xalqiga esa farovonlik, baxtu saodat va doimiy ravnaq tiladi.

Avvalroq, Qozog‘iston deputatlari mamlakatning Birinchi prezidenti kunini davlat bayramlari ro‘yxatidan chiqarib tashlash uchun ovoz bergandi.

Shuningdek, hujjatda boshqa o‘zgartirishlar, xususan, 25 oktabr — umumxalq bayrami Respublika kuni, 16 dekabr — Mustaqillik kuni davlat bayrami sifatida belgilandi. Shu paytga qadar Mustaqillik kuni milliy maqomga ega bo‘lgan.