Prezident shavkta Mirziyoyev 25 oktabr — ichki ishlar organlari xodimlari kuni bilan sohaning barcha harbiy xizmatchilariga tabrik yo‘lladi.

«Xalqimiz sizlarni o‘z hayotini el-yurt tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishdek olijanob ishga bag‘ishlagan, muqaddas qasamyodiga sodiq insonlar deb biladi va mashaqqatli xizmatingizni munosib e’tirof etadi. Yangi O‘zbekistonda „Inson qadri uchun“ degan ezgu tamoyil asosida olib borayotgan islohotlarimizni hayotga muvaffaqiyatli joriy etishda ichki ishlar tizimi xodimlari davlatimiz va jamiyatimizning mustahkam tayanchi bo‘lib xizmat qilmoqda», — deya qayd etdi davlat rahbari.

«Bugungi kunda dunyoda hukm surayotgan murakkab va tahlikali sharoitda mamlakatimiz xavfsizligi va hududiy yaxlitligini ta’minlash, jamiyatimizda tinchlik va hamjihatlikni mustahkamlash qanchalik muhim vazifa ekanini barchamiz yaxshi anglaymiz. Shu bois, keyingi yillarda ichki ishlar tizimini isloh qilishga ustuvor e’tibor qaratilmoqda», deya ta’kidladi u.

Sohadagi islohotlar haqida gapirar ekan, prezident IIOning kundalik faoliyatini innovatsion yondashuvlar, raqamli texnologiyalar va ilm-fan yutuqlariga tayangan holda tashkil etish, fuqarolarning hayoti, qadr-qimmati va mol-mulkini kibermakonda ishonchli himoya qilish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribalar asosida samarali metodikalar ishlab chiqilayotganini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Shuningdek, davlat rahbari o‘tgan yildan boshlab jinoyat va huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha barcha ariza va xabarlarni avtomatlashtirilgan tarzda qayd etuvchi «102» tizimi joriy qilinganini ham eslatdi. Viloyat markazlari va yirik tumanlarda 75 ta situatsion markazlarning tashkil etilgani ko‘cha va jamoat joylarida vaziyatni «masofadan turib kuzatish hamda aholi osoyishtaligini ta’minlashga qaratilgan kuch va vositalarni samarali boshqarish imkoniyatini yaratdi».

«Hayotimizning barcha jabhalari qatori ichki ishlar organlari faoliyatini liberallashtirish, sohada ochiqlik va oshkoralik muhitini kuchaytirish, insonparvar va xalqchil tizimga aylantirish maqsadida muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda», — deya qo‘shimcha qildi Shavkat Mirziyoyev.

«Sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali fuqaroning shaxsini aniqlash uchun uni ichki ishlar organlariga olib kelish amaliyotidan voz kechib, elektron qurilma yordamida aniqlash tizimini joriy etish ustida ishlar olib borilmoqda», — deya qayd etdi u.

«O‘tgan yili qabul qilingan «Ichki ishlar organlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish konsepsiyasi»ning hayotga izchil tatbiq etilishi natijasida soha xodimlarida vatanparvarlik ruhini kuchaytirish, ularning ma’naviy dunyoqarashini boyitish, muomala madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha amalga oshirilgan tizimli chora-tadbirlar aholi bilan ishlash amaliyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi», — deyiladi tabrikda.

Prezident ichki ishlar organlari faoliyatini takomillashtirish, uning tarkibiy tuzilmalarini optimallashtirish, aholi osoyishtaligini ta’minlash, sohada korrupsiyaga qarshi kurash samaradorligini oshirishga qaratilgan ishlarimiz bundan keyin ham izchil davom ettirilishiga ham urg‘u berib o‘tdi.

«Bugungi kunda mavjud imkoniyat va salohiyatimiz, keyingi yillarda orttirgan tajribamizdan, ilg‘or xorijiy yutuqlardan foydalangan holda, sohadagi islohotlarni yangi bosqichga ko‘tarish eng muhim vazifalardan biridir. Bu borada mamlakatimizda „Qonun — ustuvor, jinoyatga jazo muqarrar“ degan qoidani hayotga tatbiq etishda avvalo xalqqa eng yaqin kasb egalari sifatida ichki ishlar xodimlarining o‘zlari barchaga o‘rnak va namuna bo‘lishlari zarur, deb o‘ylayman», — deb o‘z tabrigini yakunladi.