Seshanba kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilindi hamda Senatga yuborildi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari Akmal Burxonov o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda davlat xizmatida minglab manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yganlik holatlari aniqlangan. Biroq hozirgacha manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solishning huquqiy asosi yoki unga yo‘l qo‘yganlik uchun javobgarlik belgilanmaganligi sababli ularni bartaraf etishda qiyinchiliklar mavjud edi.


Foto: Akmal Burxonov.

Ushbu qonunning qabul qilinishi davlat idoralarida korrupsiyaviy xavf-xatarlarning bartaraf etilishiga, eng asosiysi — davlat xizmatida tanish-bilishchilik, qarindosh-urug‘chilikning oldi olinishiga xizmat qiladi, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Adliya vazirligi tomonidan tayyorlangan mazkur qonun loyihasi joriy yilning may oyida jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan edi. Unga ko‘ra, jumladan, manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni deklaratsiya qilish va oldindan xabar berish tartibi belgilanmoqda, bunga amal qilmaganlar esa jarimaga tortiladi. Antikorrupsiya agentligiga ma’muriy bayonnoma tuzish vakolatini berish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, davlat tashkiloti xodimi yoki uning yaqin qarindoshi aksiyadori, muassisi (ishtirokchisi), boshqaruv organi a’zosi hisoblanadigan yuridik shaxs ushbu xodimlarga aloqador shaxs hisoblanishi, davlat tashkiloti faoliyatida manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solishda vakolatli organlar, ya’ni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, davlat tashkilotlarining odob-axloq komissiyalari, kadrlar bo‘linmalari va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarining vazifalari belgilanmoqda.