Bosh prokuratura huzuridagi departament hamda DXXning Xorazm viloyati boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, viloyat «Chorvanasl» markazining Urganch tumani yetakchi mutaxassisi T.M. fuqaro N.ning fermer xo‘jaligiga tegishli 50 gektar yer maydonini hokimlik zaxirasiga qaytarib olib, keyinchalik uning nomiga yangi fermer xo‘jaligi tashkil etib, ushbu yer maydonini qayta rasmiylashtirib berishga va’da bergan.

Buning evaziga 80 000 AQSh dollari talab qilib, shundan 60 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan, deya xabar berdi departament matbuot xizmati.

T.M.ning ko‘rsatuviga asosan davom etgan tadbirda, Urganch tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari R.A. fuqaro N.nomiga fermer xo‘jaligi tashkil qilish va yer maydoni ajratib berish masalasini hal qilib berish evaziga o‘z xonadonida mutaxassis T.M.dan 43 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlar o‘tkazilmoqda.