Rossiyaning Yandex kompaniyasi 24−27 oktabr kunlari Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan ICT Week Uzbekistan — 2022 axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligida ishtirok etmoqda. Tadbir davomida kompaniya vakillari O‘zbekistonda joriy etilishi rejalashtirilayotgan bir qator yangiliklarni taqdim etdi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Dasturlash maktabi

Yandex O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi bilan yangi o‘quv yilidan boshlab ikki shahar — Toshkent va Samarqandda Dasturlash maktablarini ishga tushirish masalasini muhokama qilmoqda.

Yillik bepul dastur tanlovdan o‘tgan 8−10-sinf o‘quvchilariga Python dasturini o‘zlashtirish, veb-ilovalar, chat-botlar va foydalanuvchilar uchun interfeyslar yaratishni o‘rganish imkonini beradi. Shu paytga qadar, Armaniston, Qozog‘iston va Rossiyada maktab o‘quvchilari uchun ta’lim loyihalari ishga tushirildi, 2016 yildan beri 22 000 talaba dasturlash kurslarini muvaffaqiyatli o‘zlashtirdi.

«Ayni vaqtda O‘zbekiston IT sohasida faol rivojlanmoqda va shunga mos ravishda yuqori malakali mutaxassislarga talab ham ortib bormoqda. Bizning dasturlash maktabimiz turli mamlakatlarda o‘z samaradorligini ko‘rsatdi. Ushbu zamonaviy professional dasturlash ta’lim kursi ta’lim tizimiga muhim hissa qo‘shmoqda — u iqtidorli talabalarni jalb qiladi, ularda raqamli iqtisodiyot davrida mutaxassis uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni shakllantiradi va o‘qituvchilarning malakasini oshiradi», — dedi Yandex ta’lim loyihalarini rivojlantirish bo‘yicha direktori Sergey Brajnik.

Uning qo‘shicha qilishicha, kompaniya vazirlik ko‘magida yangi o‘quv yilidan boshlab O‘zbekistonda dasturni ishga tushirilishiga umid qilmoqda.

«Yandeks Zapravki»

O‘zbekistonda «Yandeks Zapravki» yoqilg‘i to‘lovi xizmatini ishga tushirishga hozirlik ko‘rilmoqda va bir qator yoqilg‘i quyish shoxobchalari bilan muzokaralar olib borilmoqda.

Ushbu xizmat haydovchilarga yoqilg‘i uchun to‘lovni ilova orqali amalga oshirish imkonini beradi, buning uchun kassaga borib, navbatda turishga hojat qolmaydi. Kompaniya vakilining ta’kidlashicha, bu yechim yoqilg‘i quyish shoxobchalari uchun o‘tkazuvchanlikni oshirishga yordam beradi va yangi mijozlarni jalb qilish vositasiga aylanadi. Shuningdek, xizmat avtomobildan chiqmasdan marshrut bo‘ylab yoqilg‘i quyish shoxobchalaridagi narxlarni solishtirish, maslahat va takliflarni qoldirish imkonini beradi.

«O‘zbekistonda hamkorlar tomonidan katta qiziqish bildirilmoqda. Odatdagi yoqilg‘i quyish shoxobchalarida to‘lovdan tashqari, elektromobillar uchun infratuzilma masalasi ham hamkorlik nuqtalarimizdan biri hisoblanadi. Hozirda mamlakatda elektromobillar sanoatini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar faol muhokama qilinmoqda. Bu istiqbolli yo‘nalish bo‘yicha ham yechimimiz bor. Masalan, xizmatda elektr to‘lovlarining joylashuvini, ularning holatini — bepul yoki bandligini aniqlash, shuningdek, ularga marshrut yaratish mumkin bo‘ladi», — dedi «Yandeks Zapravki» xizmati rahbari Artem Prudnikov.

Rossiyada 8,5 mingdan ortiq yoqilg‘i quyish shoxobchalari mazkur xizmatga ulangan. Oyiga 1 million avtoulovchi ushbu xizmatdan foydalanadi, ular oyiga 4,5 millionga yaqin buyurtma berishadi va oyiga 5 milliard rubldan ziyod summaga yonilg‘i quyadi.

Yandex Go yana uchta shaharda ish boshlaydi

O‘zbekiston bozorida 2018 yilda ishga tushirilgan Yandex Go xizmati hozirda mamlakatning 8 ta shahrida mavjud.

«Biz yangi shaharlarda sayohat qilishning arzon va qulay usulini ishga tushirishda davom etamiz. Yaqin oylarda Nukus, Qarshi va Urganch shaharlari aholisi bizning ilovamizdan foydalanishlari mumkin bo‘ladi», — dedi Yandex Taxi`ning MDHda rivojlanish bo‘yicha direktori Kirill Svinsov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, xizmat haydovchilar va foydalanuvchilar uchun o‘zining xavfsizlik texnologiyalari ustida ishlashda davom etadi. Joriy yilning yoz boshida buyurtmalar bo‘yicha tezlikni avtomatik nazorat qilish xizmati ishga tushirildi. Haydovchi servis buyurtmasini bajarganida, texnologiya uning yo‘lini kuzatish va harakat tezligini aniqlash uchun GPS`dan foydalanadi.

«Biz kompaniyalar bilan mamlakatda yo‘lovchilar va haydovchilar uchun qo‘shimcha bepul hayot va sog‘liq sug‘urtasi dasturini ishga tushirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqdamiz. Bunday sug‘urta avtomatik ravishda xizmatning barcha sayohatlariga tarqaladi. Tez orada O‘zbekistondagi yangi ishlanmalarimiz haqida gapirib beramiz», — dedi u.