24 oktabr, dushanba kuni O‘zbekiston prezidentining matbuot kotibi Sherzod Asadov Shavkat Mirziyoyevning hafta davomidagi ish rejasi haqida ma’lumot berdi, deya xabar qilmoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Qayd etilishicha, ushbu haftada davlat rahbari Yevropa Kengashi prezidenti Sharl Mishelni qabul qiladi. Uchrashuv kun tartibidan O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqining siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hakmkorligini muhokama qilish hamda mintaqaviy va xalqaro dolzarb masalalar yuzasisdan fikr almashish o‘rin olgan.

Bundan tashqari, hozirda qator xorijiy delegatsiyalar rahbarlari bilan uchrashuvlar tashkil etish masalasi ishlab chiqilmoqda. 27 oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev «Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo» sammitida ishtirok etish uchun Qozog‘iston poytaxti Ostona shahriga tashrif buyuradi.

Shu bilan birga, mazkur ish haftasidan boshlab hudud rahbarlari joylarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha prezident huzurida hisobot berishni boshlaydi. Shuningdek, sog‘liqni saqlash tizimidagi joriy va kelgusi ustuvor vazifalar yuzasidan muhokamalar rejalashtirilgan.