Toshkent shahrida 23 oktabr kuni «O‘zbekiston: Markaziy Osiyo bo‘ylab zamonlar osha sayohat» nomli hujjatli film premerasi bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Taqdimotda diplomatik korpus vakillari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, olimlar, restavrativlar, arxeologlar va OAV vakillari qatnashdi.

Mmazkur film Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan Fransiyaning Les Poissons Volants kinokompaniyasi, ARTE madaniyat telekanali va Luvr muzeyi bilan hamkorlikda yaratilgan.

Film fransiyalik rejissyor Jivko Darakchiyev va ssenarist Iv Nilli hamkorligida yarim yil mobaynida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xorazm viloyatlarida suratga olingan. Unda arxeolog va tarixchilar tomonidan tadqiq etilishi uchun katta ahamiyatga molik favqulodda g‘ayrioddiy yurtlar tarixi hikoya qilinadi. Hujjatli film turkum virtual va arxiv kadrlar shaklida qurilgan.

Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi Kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyevaning ta’kidlashicha, mazkur film joriy yilning noyabr oyida Luvr muzeyida bo‘lib o‘tadigan «O‘zbekiston vohalarining xazinalari. Karvon yo‘llari chorrahasida» nomli ko‘rgazmada namoyish qilinadi.


Foto: Telegram / Saida Mirziyoyeva.

«Jamg‘arma mamlakatimizning noyob merosini jahon madaniy kontekstida keng targ‘ib etishni o‘zining eng muhim vazifasi etib belgilagan. Ushbu film O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi yaqin hamda samarali hamkorlik mustahkamlanib borayotganligining yorqin namunasidir. Bizning maqsad — O‘zbekistonning bebaho madaniy-tarixiy merosini jahon madaniyat maydonida keng yoyish va madaniyatlararo almashinuvni rivojlantirishdan iborat. Jivko Darakchiyevning ajoyib rejissyorlik ishi va butun tasviriy guruh mahorati tufayli film voqealari bizni hayajonga soladi, savdo yo‘llari va madaniy almashinuv makonlari bo‘ylab g‘aroyib sayohatga yetaklaydi. Film tomoshabinga ko‘p asrlar davomida betakror san’at namunalari va muhim me’moriy inshootlarni yaratib kelayotgan mintaqaning ulug‘vor madaniyati jamlangan maskanga sayohat qildirib, ko‘plab muhim ma’lumotlardan boxabar qiladi», — dedi u.

Fransiyaning O‘zbekistondagi elchisi Aurelia Bushezning qayd etishicha, film va ko‘rgazma orqali Fransiya jamoatchiligi O‘zbekistonning boy madaniy merosi bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi.


Aurelia Bushez. Foto: Madina A’zam / «Gazeta.uz».

«Film O‘zbekiston tarixining muhim bosqichlari va ularning har bir davr madaniy merosida o‘z izi borligini ham namoyish etadi. Unda restavratorlar ishiga turlicha yondashuvlar, shuningdek, shu paytgacha o‘z hunarining asl qonun-qoidalari va an’analarini saqlash yo‘lida mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik hunarmandlar ham ko‘rsatilgan. Bu esa xalqlarning madaniy merosini saqlab qolishi uchun juda muhimdir. San’at va madaniyatni rivojlantirish jamg‘armasi O‘zbekiston madaniy merosini asrab-avaylashga o‘z hissasini qo‘shayotgani va bu borada Fransiya tajribasiga tayanayotganidan juda xursandman», — dedi Aurelia Bushez.

Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ijrochi direktori maslahatchisi Elmurod Najimovning ma’lum qilishicha, noyabr oyi oxirida Fransiyaning ikkita diqqatga sazovor joyida ko‘rgazmalar ochiladi. Luvr muzeyidagi ko‘rgazma yetti oy davom etib, unda O‘zbekistonning 16 ta muzeyidagi 137 ta osori-atiqalar namoyish qilinadi. Arab dunyosi institutida esa xalq amaliy san’ati ijodiga oid 300 ga yaqin eksponatlar ko‘rgazmasi tashkil etiladi.