Turli internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda ayni paytda vaqtincha Dehli shahrida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarosi D.Mahmudova tomonidan qilingan videomurojaatlar tarqaldi. Holat yuzasidan O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi vakili rasmiy axborot berdi.

«Joriy yilning 28 avgust kuni fuqaro D.Mahmudova va uning hamrohligida jami 7 nafar O‘zbekiston fuqarosi mamlakatimizning Hindistondagi elchixonasining konsullik bo‘limiga vatanga qaytarishda ko‘maklashishni so‘rab murojaat qilgan. Elchixona tomonidan mazkur fuqarolarga tezkor ravishda barcha tegishli konsullik-huquqiy yordami ko‘rsatildi», deyiladi rasmiy axborotda.

Xususan, ularning yashash joyi mavjud emasligi va moliyaviy og‘ir ahvolidan kelib chiqib, zudlik bilan Dehli shahrida Empowering Humanity nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikda boshpana bilan ta’minlashga erishilib, ularga uch mahal issiq ovqat berib kelinmoqda. O‘z navbatida, murojaat qilgan fuqarolarning shaxsini tasdiqlovchi hujjati bo‘lmaganligini inobatga olib, ularga Vatanga qaytish guvohnomasi rasmiylashtirildi.

Elchixonaning xabar berishicha, yuqorida qayd etilgan fuqarolar Hindiston huquqni muhofaza qiluvchi idoralari tomonidan Hindiston hududiga noqonuniy yo‘llar bilan kirib kelganliklari va ushbu mamlakatda bo‘lish qoidalarini buzganliklari aniqlangan. Shu bilan birgalikda, videomurojaat muallifi — D.Mahmudova va uning hamrohlari masalasida Hindiston huquqni muhofaza qiluvchi idoralari tomonidan tegishli tergov va sud jarayonlari davom etayotganligi sababli ularning ushbu davlat hududidan chiqishiga vaqtinchalik cheklov qo‘yilgan. Ushbu huquqiy jarayonlar yakunlangach, yuqoridagi fuqarolarning tezkor ravishda O‘zbekistonga qaytarilishi ta’minlanadi.

Ushbu masala O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi tomonidan qat’iy nazoratga olingan va qayd etilgan fuqarolar uchun zarur bo‘lgan tegishli konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatilmoqda. Holat yuzasidan Hindistonning vakolatli idoralari bilan muntazam aloqa o‘rnatilgan.