Toshkent hayvonot bog‘i 1924 yilda O‘rta Osiyo Davlat universiteti (O‘ODU) zoologlari tashabbusi bilan ochilgan. Uning asosini buyuk knyaz Nikolay Konstantinovich saroyi qanotida joylashgan va keyinchalik Sirdaryo viloyati harbiy gubernatorining sobiq hovlisi hududining bir qismini egallagan kichik hayvonot bog‘i tashkil etdi. 24 oktabr hayvonot bog‘ining rasmiy tug‘ilgan kuni hisoblanadi.

1940 yillarning oxiriga kelib uning ekspozitsiyasi faunaning 200 dan ortiq turlarini o‘z ichiga oldi. Kamtarona sharoitlarda, ya’ni 3,5 gektar maydonga, loy g‘ishtdan qurilgan binolar va tor to‘siqlar o‘rnatilganiga qaramay, xodimlar asirlikdagi hayvonlar va qushlarning noyob turlarini ko‘paytirish ishlarini muvaffaqiyatli tarzda olib bordi.

And kondorlari hayvonot bog‘ining alohida tashrif qog‘ozi bo‘lib kelgan. Toshkent hayvonot bog‘i Leningrad hayvonot bog‘i bilan bir qatorda Amerika kalxatlari oilasi vakillarining polaponlarini ko‘paytirish va boqish mumkin bo‘lgan muassasalardan biriga aylandi. Sandra ismli urg‘ochi kondorning to‘ng‘ich farzandi 1984 yilda tug‘ilgan. O‘shanda Sandraning yoshi to‘qqizda edi, bu yil u 47 yoshga kirdi.

Foto: Toshkent hayvonot bog‘i arxividan.

Sandra o‘g‘li Kovboy bilan toshlar vasun’iy suv ombori bo‘lgan keng aviariyada yashaydi. Bu 2001 yilda tug‘ilgan oltita polapon orasidagi eng so‘nggisi. 1984 yildan 1989 yilgacha tug‘ilgan uchta qush Olmaota, Qarag‘anda va Yekaterinburg hayvonot bog‘larida yashaydi.

Hayvonot bog‘i metodisti Lola Bashirovaning so‘zlariga ko‘ra, Sandraga juft topilsa u hali ham ham ona bo‘la oladi. U bilan deyarli butun hayotini o‘tkazgan And kondori olti yil oldin vafot etdi. Toshkentga ko‘chirishga tayyor nomzodni topishning o‘zi juda qiyin ish. Maqsadga muvofiqlik ham muhimdir — Sandraning yoshi tufayli u yana bir bor onalik baxtini tuymasligi va nasl sog‘lom bo‘lmasligi ehtimoli bor.

And kondorlari — Kovboy va Sandra (po sentru). Foto: Aleksandra Judro.

«Kondorlar asirlikda 50−60 yilgacha yashaydi. Sandra — yetuk, ongli, xotirjam qush. U odamlar bilan, hatto unga qarovchilar bilan masofa saqlaydi. Kondorlar o‘zlariga nisbatan hurmat talab qilishadi. Bu bilan ular muloqot qilishni, o‘ynashni va ba’zan o‘zini kuchukcha kabi tutishni yaxshi ko‘radigan kalxatlardan farq qiladi», — deydi Lola Bashirova, Sandra quyoshda toblanayotgan bir vaqtda.

Kondorlar tushdan keyin faol bo‘lishadi. Qushlar aylana bo‘ylab uchib, markaziy qoyadagi tog‘orada navbatma-navbat o‘tirib, oziq-ovqat bilan ta’minlaydigan qo‘riqchiga qarashadi. Ular Sandra va Kovboyni go‘sht bilan oziqlantirishadi. Xuddi boshqa o‘laksaxo‘rlar kabi ular kuniga bir marta ovqatlanishadi.

«Tabiatda hayvonlar ovqatlanish uchun ovqat topishlari kerak, lekin hayvonot bog‘ida ular uchun hamma narsa tayyor, shuning uchun ular biroz dangasa. Kondorlar ham bundan mustasno emas. Shuning uchun biz ularning hayotini murakkablashtirishga va instinktlar haqida eslatishga harakat qilamiz. Misol uchun, qushlar ovqatlanayotganda ishlashi uchun katta bo‘lak go‘sht beramiz: butunligicha yutib yubormasdan, bo‘laklarga ajratib olishlari uchun», — deya tushuntiradi Lola Bashirova.

Foto: Aleksandra Judro.

Har kuni hayvonot bog‘i veterinariya shifokorlari butun hududni aylanib chiqishadi va jonivorlarni ko‘zdan kechirishadi. Ular Sandrani qayta-qayta bezovta qilmaslik uchun aviariyaga kirishmaydi — ular uni uzoqdan kuzatishadi, agar biron bir tashqi jarohatlar yoki urg‘ochi kondor o‘zini yaxshi his qilmayotganini ko‘rsatadigan belgilar bor-yo‘qligini tekshirishadi. Misol uchun, harakat qilmay qo‘yishi, ovqatga tegmagan bo‘lishi mumkin. Bunday hollarda to‘liq tahlil o‘tkaziladi.

Sandra va erkak kondor 1980 yilda Toshkentga qayerdan olib kelingani noma’lum — 1997 yilda hayvonot bog‘i Botanika bog‘i yonidagi yangi joyga ko‘chirilganda hujjatlarning bir qismi yo‘qolgan. Yana bir keksa jonivor — Judi ismli karlik begemot 1989 yilda ikki yoshida Litvaning Kaunas shahridan eski hayvonot bog‘iga kelgan. Hozir u 35 yoshda.

Judi ismli karlik begemoti eski hayvonot bog‘ida, 1989 yil. Toshkent hayvonot bog‘i arxividan olingan surat.

Tuyoqlilar bo‘limi mas’uli Botir Maqsudxo‘jayevning aytishicha, bu odam yoshiga qiyoslanganda 78 yoshga teng bo‘ladi. Botir Maqsudxo‘jayev gippopotamlar oilasinning ushbu yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan turi vakilini 25 yildan beri biladi. U Judini erkalab, buvim deb ataydi, mevalar bilan siylaydi. Begemot hammasidan ham ko‘proq olmani yaxshi ko‘radi. Bir paytlar hatto u olmalarni erkinlikdan ham afzal ko‘rgan.

«Qandaydir ishchi korpusning orqa tomonidagi eshikni qulflashni unutgan. Aqlli va chaqqon Judi uni ochib tashqariga chiqdi. Qaysi tomonga yuguraman, deb o‘ylagancha, o‘z vaqtida yetib keldik. Olmalar olib kelib, ular yordamida Judini tomorqaga qaytarishdi», — deya eslaydi Botir Maqsudxo‘jayev.

Foto: Kseniya Gorbachyova / «Gazeta.uz»

Yoshi o‘tgan sayin begemotning xarakteri o‘zgardi. Bu kayfiyatning o‘zgarishida yoqqol ifodasini topadi. Uning kayfiyatini qo‘shni tomondagi ayyor kenguru buzib qo‘yishi mumkin, u o‘ynash uchun sakrab kiradi, lekin o‘zining ketidan yetib olishiga yo‘l qo‘ymaydi. Yoki kayfiyatni perforator ovozi ham buzishi mumkin — ayniqsa shu kunlarda hayvonot bog‘ida qurilish ishlari olib borilayotgan paytda.

«Agar siz uning oldiga ovqat olib kelganingizda Judi qochib ketsa, demak uning kayfiyati yo‘q. Odatda u bunday qilmaydi. Aksincha, qorovulning yonida turib, o‘zini silashga imkon beradi», — deydi Botir Maqsudxo‘jayev.

Ular Judini kuniga ikki marta ovqatlantirishadi. Nonushta sabzavot va mevalardan iborat. Tushlik uchun bir oz pichan. Suv ayg‘iriga kechki ovqat sifatida no‘xat, grechka va somon solib qaynatilgan bo‘tqa beriladi. Bu taom unga non va ko‘katlar bilan birga tortiladi.

Judining vazni taxminan 130 kg, ya’ni normal chegarada.


Foto: Aleksandra Judro.

Toshkent hayvonot bog‘ining uchinchi keksa jonivori terrariumda yashaydi. Ko‘k tilli kaltakesak yoki oddiy gigant kaltakesak 25 yoshda. Aslida bu jonzotlarning o‘rtacha umr ko‘rish muddati 15−20 yil.

«Tabiatda uning dushmanlari ko‘p: u kasallanadi, unga zarar yetkazishadi yoki yeb qo‘yishadi. Hayvonot bog‘idagi sharoitlar esa sanatoriyadagidek: harorat, namlik, jadvalga muvofiq ovqatlanish», — deydi «Terrarium» bo‘limi mutaxassisi Larisa Imomxo‘jayeva.

Hayvonot bog‘idagi ushbu bo‘limning keksa jonzotlari juda e’zozlanadi: ularga sabzavot va mevalar, hasharotlar va tirik ozuqalar beriladi. Kaltakesakning tishlari o‘tkir emas, lekin jag‘larining o‘zi juda kuchli — bu turdagi kaltakesaklar shilliqqurtning qobig‘ini osongina kemiradi. U vaqti-vaqti bilan gastropodlar (mollyuskalar) bilan siylanib turiladi.

Ko‘k tilli, to‘yingan ilonga o‘xshagan kaltakesakni xodimlar alohida parvarish va mehr berib e’zozlashadi.

«Siz uning yon tomonlarini qashisangiz, ayniqsa teri tashlash davrida, u panjalarini kulgili qimirlatadi, tilini ko‘rsatadi. Balki bu shunchaki qitiqdir, lekin menimcha, bu unga yoqadi. Shu bilan birga, biz uni odamlardan qo‘rqmasligi va terrariumni tozalashda vahimaga tushmasligi qo‘lga o‘rgatamiz», — deydi Larisa Imomxo‘jayeva.

Bo‘limda kaltakesakning tili nega ko‘k ekanligi va qisqa oyoqlari borligini tushuntirib beruvchi afsonani yaxshi ko‘rishadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ancha oldin kaltakesakning egasi kasal bo‘lib qolgan. Unga yordam berish uchun kaltakesak sehrli ko‘k siyohni qidirib topish uchun yo‘lga tushadi. Qaytishda u shu qadar shoshib harakatlanadiki, panjalarini ishqalab, tasodifan pufakchani (siyohli) tishlab qo‘yadi.

«Garchi bu afsona uning o‘z egasini saqlab qolgani haqida hech narsa demasa-da, bu uning sadoqatli ekanligini aytadi», — deydi terrarium xodimlari.

Ular kaltakesak, garchi sovuqqon bo‘lsa-da, u mushukning o‘rnini ajoyib tarzda bosa oladi, deb ishontirmoqda.

98 yilligi munosabati bilan Toshkent hayvonot bog‘i tomonidan «Qo‘lga o‘rgatilgan jonivorlar» bo‘limida fotoko‘rgazma tashkil etildi. Ekspozitsiyadan hayvonot bog‘ida yashovchi jonivorlarning portretlari va ijodiy uyushma qoshidagi O‘zbekiston fotorassomlari bo‘limi rahbari Rustam Sharipov tomonidan to‘ldirilayotgan arxiv fotosuratlari o‘rin olgan.

Hayvonot bog‘i o‘zining Telegram-kanalida shahar aholisiga agar ular oilaviy albomlarda eski fotosuratlar saqlanib qolgan bo‘lsa, baham ko‘rishlarini so‘rab murojaat qildi. Suratlarni info@tashkentzoo.uz elektron manziliga yuborishingiz mumkin.