«Gazeta.uz» nashri «Zamonaviy kasb egalari» loyihasi doirasida tobora ommalashayotgan, qamrovi, ko‘lami keng bo‘lgan axborot texnologiyalari (IT), jamoatchilik bilan aloqalar (Public Relations, PR), kompyuter grafikasi, animatsiya va boshqa bir necha yo‘nalishlarda o‘rni, yo‘lini topa bilgan yurtdoshlar bilan suhbatlar uyushtirib kelmoqda.

Navbatdagi suhbatdosh — Sardor Babayev. U 1987 yil Buxoro shahrida tug‘ilgan. 2005−2009 yillar davomida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining San’atshunoslik fakultetida ta’lim olgan. Shu yo‘nalishda magistratura bosqichini tamomlab, San’atshunoslik ilmiy-tadqiqot institutida ilmiy ish qilgan. 2012 yili ilmiy sohadan ketib, 10 yildan beri boshqa kasbda o‘zini topganlardan. Oxirigi 5 yildan beri PR sohasida faoliyat olib boradi.

2021 yilning oxirida marketing va PR bo‘yicha mutaxassislar bilan birgalikda «Profsoyuz» PR-agentligiga asos solgan va shu agentlikni kreativ direktor sifatida boshqarmoqda. 2021 yilgi O‘zbekiston prezidenti saylovida «MIR21YOYEV» saylovoldi kampaniyasi va «Inson qadri uchun» konsepsiyasini ishlab chiqishda ishtirok etgan. Shu yilning yozida bo‘lib o‘tgan Content Weekend bloger va inflyuyenserlar festivali tashkilotchisi, «Ornaments» loyihasi muallifi. Alpha Education o‘quv markazida PR va kreativlik mavzusida ma’ruzalar o‘qiydi.

— San’atshunos qanday qilib PR sohasiga o‘tib ketdi?

— Ha, aslida san’atshunosman. PR sohasiga kirib kelguncha bir necha kasbda o‘zimni sinadim. Ko‘rgazmalar kuratori, kopirayter, marketolog, shou-biznes prodyuseri, videobloger bo‘ldim. Menimcha, bu bugungi dunyo uchun odatiy hol. Kundan kunga kasblar va sohalar birikuvi — integratsiyasi kuzatilmoqda. Kelajakning eng muhim ko‘nikmalaridan biri — yangi sohani tez o‘rganish va kasbni oson o‘zgartirish qobiliyatidir.

Shaxsiy tajribamga kelsak, san’atshunos bo‘lishga uzoq tayyorgarlik ko‘rganman. Bakalavr, magistratura bosqichlarni bitirdim, aspiranturaga kirdim, San’atshunoslik ilmiy-tadqiqot institutida ishladim. Lekin asta-sekin O‘zbekistonda bu sohada mablag‘ juda kamligini tushuna boshladim. Aspiranturani tashlab, boshqa variantlarni izlashga qaror qildim. Ko‘proq ijodiy sohalarni qidirganman.

— Yangi soha yoki yo‘lda uchraydigan qiyinchilik, yangiliklardan cho‘chimadingizmi?

— Boshida o‘zim ham bu sohaga qay tariqa kirib kelganimni sezmaganman. Ijtimoiy ahamiyatga ega, madaniyat bilan bog‘liq loyihalar ustida ishlab yurganman, xolos. «Novda Edutainment» kompaniyasida katta jamoa bilan birgalikda o‘zbek tilida foydali bosma va media kontent yaratganmiz, katta miqyosdagi tadbirlarni tashkillashtirganmiz. Lekin o‘shanda bularning bari PR va kommunikatsiyalar bilan bog‘liqligini tushunmaganman.

Bilasizmi, hozir yoshlar o‘z ota-onalariga nima ish bilan shug‘ullanayotganliklari aniq-tiniq tushuntirib bera olishmaydi. Menda ham xuddi shunday vaziyat bo‘lgan — men hatto o‘zimga o‘zim tushuntira olmaganman. Ba’zida marketing bilan shug‘ullanyapman deb o‘ylardim, ba’zan esa bu shunchaki menejerlik bo‘lib tuyulardi. Nihoyat, o‘tgan yili anchadan beri PR ichida yurganimni sezib qoldim. «Ornaments» loyihasi sabab bunga.

«Ornaments» — ijtimoiy loyiha. Maqsadi — O‘zbekiston amaliy san’ati bezaklarining raqamli katalogini yaratish. Ijodiy guruhimiz mamlakatning turli hududlarida bo‘lib, u yerlardagi eng yaxshi hunarmandlarni topib, ularning ijod namunalarini suratga oladi. Keyinchalik dizaynerlar namunalardagi naqshlarni raqamlashtiradi. Bu naqshlar amaliy san’at obyektlarining fotosurati va tavsifi bilan birga saytga (tbc-ornaments.uz) joylashtiriladi. U yerdan xohlagan kishi bu materiallarni bepul yuklab olishi mumkin.

Bu loyihani bank qo‘llab-quvvatlayapti, lekin loyiha doirasida homiy mahsulotlari yoki xizmatlari umuman reklama qilinmaydi. Chunki bu CSR-loyiha (Corporate Social Responsibility), uning maqsadi mahsulotni reklama qilish emas, brendning ijobiy obrazini yaratishdir. Aynan shu narsa PR`ning mohiyatidir. Undan tashqari, 2021 yilning kuzida prezident Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi PR-kampaniyasi konsepsiyasini ishlab chiqishda ishtirok etdim. Shunday qilib, men allaqachondan beri PR bilan shug‘ullanib yurganimni angladim va 2022 yilning boshida do‘stlarim bilan «Profsoyuz» PR-agentligini ochishga qaror qildik.

— «MIR21YOYEV» saylov kampaniyasida ishtirok etganman dedingiz. U yerdagi asosiy vazifangiz nimadan iborat edi? «Inson qadri uchun» konsepsiyasining g‘oyasi qayerdan kelgan?

— Saylovoldi kampaniyasining konsepsiyasini ishlab chiqish doirasida men katta jamoaning bir a’zosi bo‘lganman. Konsepsiyaning barcha tomonlarini qamrab olish maqsadida jamoa turli soha vakillaridan tuzilgandi. «Inson qadri uchun» g‘oyasi nomzodning o‘ziga tegishli. Vazifamiz ushbu g‘oyani saylovchilarga qay tarzda va qaysi shaklda to‘g‘ri yetkazib berish usulini ishlab chiqish bo‘lgan. Men konsepsiyani ishlab chiqishdan tashqari, kampaniyaning logotip va brendingini yaratish jarayonida ham ishtirok etganman. Bu jamoa bilan ishlab chiqilgan logotip va aydentikani butun saylovoldi kampaniyasi davrida joylarda to‘g‘ri qo‘llanilishiga ham yordam berdik.

— PR mutaxassis sifatida prezident saylovidagi qolgan nomzodlarning saylovoldi kampaniyasini qanday baholaysiz?

— Afsuski, boshqa nomzodlar saylovoldi kampaniyasiga bunday keng ko‘lamda yondashmadi. Aksariyati faqat ko‘chalarga osilgan odatiy bannerlar, televideniyedagi standart chiqishlar va saylovchilar bilan uchrashuvlar bilan cheklandi, xolos. Qiziqroq, noodatiy yondashuvga harakat, menimcha, nomzod Alisher Qodirov kampaniyasida ozroq kuzatildi. Ya’ni, bannerlarda Qodirov familiyasiga urg‘u berilib, familiyadagi «-ov» qo‘shimchasi berkitilib, «Prezidentlikka Alisher Qodir» degan slogan taqdim etildi. Bundan tashqari u televidene va internetda ham boshqa nomzodlarga qaraganda ancha faol edi. Achinarlisi, boshqa nomzodlar internetga, xususan omma foydalanadigan Youtube, Telegram kabi ijtimoiy tarmoqlarga kam e’tibor qaratdi.

— Inqirozga qarshi PR haqida nima deya olasiz? O‘zbekistonda bunga e’tibor qaratilayaptimi?

— Ming afsuslar bo‘lsinki, yirik kompaniyalar va davlat organlari haligacha inqirozga qarshi PR (antikrizisniy piar)ning ahamiyatini tushunmaydi. Ko‘pchilik kompaniyalar o‘z reputatsiyasini shakllantirish haqida qayg‘ura boshladi, lekin hech kim shu obro‘ni bir maromda saqlash va himoya qilishni o‘ylamaydi. Negativ bilan ishlab, unga adekvat javob berish o‘rniga, ko‘pincha u e’tibordan chetda qoldiriladi, shikoyatga sukunat bilan javob qaytariladi.

Men bunday masalalar bilan shug‘ullanganman, lekin bizda PR shunday qabul qilinadiki, kompaniyalar va davlat organlari PR xodimlari bilan ishlaganliklarini ommaga bildirishni xohlamaydi. Shuning uchun ularning nomlarini ayta olmayman. Lekin men ularni har doim ochiq, haqqoniy javob berishga undayman. Agar qilingan xato ochiq tan olinsa, bu muammoni yechishga qo‘yilgan birinchi qadam bo‘ladi. Bizda buning o‘rniga ba’zida negativga negativ bilan javob beriladi. Bu norozilikni yanada ko‘payishiga olib keladi. Yaxshisi, birinchi reaksiya sifatida shikoyat uchun minnatdorlik bildirilib, muammo yaqin vaqt ichida o‘rganib chiqilishi aytilsa, norozichilik kamayadi va vaziyatni o‘rganish uchun vaqtdan yutiladi.

Umuman olganda, davlat muassasalarining matbuot xizmatlari oddiy xalq uchun tushunarsiz tildagi quruq press-relizlarni tarqatish bilan kifoyalanib qolmoqda. Aslida esa ularning maqsadi ushbu muassasalarning qanday ishlashi, muammolari, yondashuvini jamoatchilikka ochib berishdir. Albatta, nisbatan yaxshi ishlayotgan matbuot hizmatlari ham bor, xususan, Energetika vazirligi matbuot xizmatini misol qilib keltirish mumkin. Yaqinda ushbu idora tashabbusi bilan chop etilgan, energiyadan tejab foydalanish haqidagi yorqin va qiziqarli bolalar kitobi qo‘limga tushib qoldi. Shu kabi loyihalar matbuot hizmatining to‘g‘ri yo‘nalishda ishlayotganligini ko‘rsatadi

— Sohani tanlagan vaqtingizda O‘zbekistonda uning o‘rni qaysi bosqichda edi? Vaqt o‘tib nimadir o‘zgardimi yo hammasi o‘sha holichami?

— Yo‘q, O‘zbekistonda PR sohasi jadal rivojlanyapti, deb ayta olaman. Ammo, rivojlangan davlatlar bilan solishtirganda, ancha orqadamiz. Bizda ko‘pchilik PR va marketingni chalkashtirib yuboradi. Biz har bir potensial mijozga marketing — bu mahsulotni sotish, PR esa brend obro‘sini yaratish va saqlab qolish ekanini tushuntiramiz. Shuningdek, PR bu shov-shuv emasligini, qora PR esa zararli ekanini ham yetkazishga harakat qilamiz.

Oxirgi paytlarda bularni tushuntirish osonlashayotganini payqadim. Ilgari mijozlarga nima uchun ular CSR-loyihalarda ishtirok etishlari kerakligini tushuntirib berolmasdik, hozir esa ko‘plab korxona va tashkilotlar aynan shu maqsad bilan bizga murojaat qilmoqda. Soha shu zaylda oldinga siljiydi. Hali ochilmagan qirralar ko‘p.


— Tanlagan sohangizdagi oliy ma’lumotli bo‘lish shartmi yo diplomsiz ham ish boshini tutish mumkinmi?

— Yo‘q, olim ma’lumotli bo‘lish shart emas. Qolaversa, O‘zbekistonda PR bo‘yicha dars beradigan universitetlar sanoqli. Agar xorijda maxsus ta’lim olgan bo‘lsangiz, bu foydali, lekin shusiz ham yaxshi mutaxassis bo‘lish mumkin. Hozir onlayn-kurslar keragidan ko‘p. To‘g‘ri, sifatlilari qimmat. Shunday kurslarda bir ilojini qilib o‘qib olsangiz, sohaning yetakchilaridan biriga aylanasiz. Oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan kishi atom elektr stansiyasini qurish yoki yurakni operatsiya qilish kabi professional faoliyat turlari bilan shug‘ullana olmas, ammo zamonaviy dunyoda onlayn kurslarni tugatib, ko‘plab zarur kasblarni egallash mumkin.

PR — bu kommunikatsiya, ya’ni odamlar bilan munosabat qurish. Mentalitetimiz sabab bozorimiz o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Hech bo‘lmaganda o‘rtacha darajadagi mutaxassisga aylanish uchun siz o‘zingizni real loyihalarda sinashingiz kerak.

— Qilayotgan ishingiz jamiyat uchun qanchalik foydali? Oddiy odamlarga-chi?

— PR'ning menga eng yoqadigan jihati — siz ijtimoiy loyihalar bilan bemalol shug‘ullana olishingizdir. Agar marketing samaradorligi savdo bilan o‘lchansa, PR`ning muvaffaqiyati ijobiy imij bilan o‘lchanadi. Jamiyat uchun foydali loyihalar imijni tezda yaxshilashga yordam beradi. Masalan, hozirda jamoamiz gender tenglik va ekologiya bilan bog‘liq bir qancha muhim loyihalar ustida ishlamoqda.

Xayriya haqida gapirmayapman. Bu ham yaxshi va zarur narsa, lekin bu muammoni faqat ma’lum bir muddatga hal qiladi. Agar xayriya kambag‘allarni boqsa, sifatli ijtimoiy loyihalar qashshoqlikka qarshi kurashda yordam beradi. Bunday loyihalarning qadr-qimmatini tushunib, ularni amalga oshirishimiz uchun agentligimizga murojaat qilayotgan xususiy kompaniyalar ko‘payayotgani quvonarli. Shu bois jamiyat uchun foydali ish qilyapman, deb o‘ylayman.

— Sir bo‘lmasa, oylik daromadingiz qancha? Bu sohada astoydil ishlasa, o‘rtacha maoshdan necha baravar ko‘proq pul topish mumkin?

— Hozirgi kunlarda daromadim 20 million so‘mdan oshadi. Ammo umumiy miqdor turli manbalardan keladi. Jamoamizdagilar ancha tajribali, agentlikning o‘zi esa nisbatan yosh. Shu sababli kompaniya rivojiga sarmoya kiritish kerak. «Profsoyuz» rivojlanmoqda, lekin hozircha unchalik katta foyda keltirmayapti. Oldinda bizni katta loyihalar kutib turibdi. O‘ylaymanki, kelgusi yilda daromadimizni bir necha barobar oshira olamiz.

Umuman, O‘zbekistonda PR bo‘yicha mutaxassis tajribasi va mas’uliyatiga qarab 5 milliondan 30 milliongacha pul topa oladi.


— «Men muvaffaqiyatli odamman» deb aytishingiz uchun sizga qancha pul kerak?

— Har bir insonning muvaffaqiyat haqidagi qarashlari turlicha. Men uchun bu foydali loyihalarni amalga oshirish imkoniyatidir. Eng muhimi, g‘ayratli odamlar bilan ishlash kerak. Bugun xohlagan insonim bilan hamkorlik qila olaman, shuning uchun o‘zimni muvaffaqiyatli odam deb bilaman. Bu ham imtiyozning bir turi. To‘g‘ri, men ham muvaffaqiyatni daromad bilan bog‘layman. Pul muhim, lekin eng asosiysi emas.

— Siz tanlagan sohada ishlab, O‘zbekiston sharoitida milliarder bo‘lish mumkinmi?

— Ochig‘i, PR sohasida ishlab, milliarder bo‘lguncha, boshqa yo‘nalishda muvaffaqiyatli tadbirkor bo‘lish imkoni katta. Mabodo bu sohada yetuk mutaxassis bo‘lsangiz, demak, o‘zingizda nimadir bor, qobiliyatingiz zo‘r. Yaxshi investor va sifatli hamkorlarni ham oson topa olasiz. Kasbingiz bilan emas, bilimingiz va imijingiz yordamida boshqa sohada milliardlab pul topa olasiz.

— Yaxshi maosh bilan davlat ishiga taklif qilishsa, nima deysiz? Sohangizdan ketasizmi?

— Bunday takliflar ko‘p bo‘lgan. O‘sha paytdagi daromadimdan bir necha baravar ko‘proq ham taklif qilishgan. Lekin doim rad etganman. Ko‘pincha davlat ishida ishchi samaradorligi uning muammolarni hal qilish qobiliyati bilan emas, harakatlarining ko‘pligi bilan o‘lchanadi. Ko‘pincha ish muayyan bir muammoni hal etish uchun emas, faqat shu ishdan xalos bo‘lish uchungina amalga oshiriladi. Bu menga umuman to‘g‘ri kelmaydi. Aniq maqsadsiz o‘zimni ishlashga majbur qila olmayman.

Dalvat ishida ko‘p vaqtingiz foydasiz mehnatga sarflanadi. Xususiy sektorda ikki kishini yig‘ib, 10 daqiqa vaqt sarflash bilan hal etsa bo‘ladigan masalani davlat ishida o‘nlab xodim bilan haftalab bajarasiz. Tan olaman, davlat sektorida yaxshi mutaxassislar ham ko‘p, lekin tizim ularning samaradorligini pasaytiradi.

— Qaysi loyihalaringizdan ko‘nglingiz to‘lgan?

— Deyarli barchasi o‘zimga yoqadi. Lekin ayrimlari haqida soatlab gapirishim mumkin. Masalan, «Bolalik kunlarimda» audioertaklar loyihasi. Uch yilda 260 ga yaqin o‘zbek va jahon xalqlari ertaklarini o‘zbek va rus tillariga tarjima qilib, ovozlashtirishga muvaffaq bo‘ldik. Telegram`da kanal ochib, barcha ertaklarni bepul eshitish uchun yukladik.

«Ko‘ngil ko‘zi» loyihasi bilan birgalikda yana bir muhim audioloyihani taqdim etdik — Abdulla Qodiriy, Chingiz Aytmatov, Yavdat Ilyosov, Anton Chexov asarlarini ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi insonlar uchun o‘zbek tilida ovozlashtirdik. Ovoz berishda 60 ga yaqin professional aktyorlar ishtirok etdi.

Bu loyihalar nafaqat bolalar yoki ko‘zi ojizlar uchun yaratilgani, balki ularning barchasi o‘zbek tilida bo‘lgani bilan ham faxrlanaman. So‘nggi paytlarda til haqida ko‘p gapirilyapti, o‘zbek tilini bilmaganlarni qo‘pol tarzda tanqid qilishyapti. Lekin internetdagi g‘azabli postlar o‘rniga barcha sa’y-harakatlarni davlat tilida sifatli kontent yaratishga yo‘naltirgan ma’qul. Qiziqarli kontent bo‘lsa, tilning o‘ziga ham qiziqish ortadi.

Nafaqat madaniy merosimizni targ‘ib etuvchi, balki dizaynerlar uchun bepul, qulay vosita bo‘lmish «Ornaments» loyihasi bilan faxrlanaman. Menimcha, bu loyiha shaharlar qiyofasini o‘zgartirishi mumkin. Masalan, o‘tgan yili keng ko‘lamli yoshlar forumi, shu yilning bahor-yoz oylarida Toshkentda bir qancha yirik shahar festivallari biz raqamlashtirgan naqshlar bilan bezatildi.

— Ish jarayonida siz uchun nimalar stress manbai bo‘lishi mumkin?

— Ish payti eng yoqmaydigani — axloq (etika) qoidalariga atrofdagilarning e’tiborsizligi. Insoniy va professional jihatdan. Xavfsiz va qulay muhitda ishlash men uchun juda muhim. Xodimlarim uchun shunday sharoit yaratishga juda ko‘p harakat qilaman. Menimcha, faqat shunday muhitda siz ajoyib loyihalarni amalga oshirishingiz mumkin. Ishdagi xatolardan siqilaman, lekin busiz bo‘lmaydi. Kompaniya ichida yomon muhit bo‘lsa, hamkasblar va mijozlar o‘rtasidagi munosabatlar buzilaversa, unda bunday xatolar doimo takrorlanaveradi.

Rossiyalik videobloger va teleboshlovchi Yan Toples bilan.

— Besh yildan keyin o‘zingizni qayerda va qanday holatda ko‘rasiz?

— Hozir dunyo shu qadar tez o‘zgaryaptiki, besh yoki 10 yildan keyin nima bo‘lishini o‘ylab, vaqtimni behuda sarflashni ham xohlamayman. Nima o‘ylasam ham boshqachasi bo‘ladi. Umid qilamanki, besh yildan keyin hozirgi ishimdan afsuslanmayman va, albatta, agentligimiz katta jamoa va ulkan loyihalarga ega bo‘lgan yirik PR-kompaniyaga aylanadi.

— Sohangizni tanlamoqchi bo‘lgan yoshlarga qanday maslahatlar berasiz?

— Boya aytdim, PR — bu kommunikatsiya. Shuning uchun, odamlar bilan muloqot qiling, til topishishni o‘rganing. Bizning sohamiz munosabat va hissiyotlardan iborat. Agar mijoz bilan til topishsangiz va unga o‘zining mijozlari bilan yaxshi munosabatlar o‘rnatishiga yordam bersangiz, demak, siz kuchli mutaxassissiz. Ikkinchidan, shaxsiy brendingizni rivojlantiring. PR o‘zingizdan boshlanadi. Ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘ling, qiziqarli kontent yarating. Bu sizning martabangizni oshiradi va tajriba orttirishga yordam beradi.

Bundan tashqari, boshqalar tajribasini o‘rganing. PR sohasidagi xorijiy loyihalar bilan tanishing, global tendensiyalarni kuzatib boring. Aslida yangi gap o‘ylab topolmaysiz. Kuchli PR yaratishning eng yaxshi usuli — bu allaqachon mavjud bo‘lgan loyihalarni sharoit va davrga moslashtirishdir.

«Gazeta.uz» бunga qadar «Zamonaviy kasb egalari» loyihasi doirasida «Tasnif» studiyasi rahbari Lazizbek Hamidov bilan suhbatlashgan. U nima sababdan jurnalistikani tark etgani, muvaffaqiyati sirlari, kompyuter grafikasi ortidan qanday qilib yiliga 3−4 mlrd so‘m topish mumkinligi haqida so‘zlab bergandi.