Toshkent-Andijon va Toshkent-Samarqand pullik avtomobil yo‘llari 2026-yilgacha qurib bitkaziladi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi direktori Zokir Bozorov ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, transport sohasida 2019−2022-yillar davomida 7 ta loyihani amalga oshirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda, shundan 2 ta loyiha bo‘yicha DXSH bitimi imzolangan. Shuningdek, 2022−2026-yillar davomida transport sohasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan 5 ta yirik loyiha bo‘yicha hujjatlar tayyorlash va o‘rganish ishlari davom etmoqda.

Bular:

  • Jahon banki maslahat ko‘magida amalga oshirilayotgan Toshkent-Andijon pullik avtomobil yo‘lini qurish loyihasi;
  • Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki maslahat ko‘magida amalga oshirilayotgan Toshkent-Samarqand pullik avtomobil yo‘lini qurish loyihasi;
  • Samarqand va Shahrisabz shaharlari orasida 66 kmlik avtomobil yo‘li va Tahtaqoracha dovonida 4,4 kmlik tunnel qurish loyihasi;
  • Toshkent shahar va hududiy xalqaro aeroportlarni modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish loyihalari bo‘yicha Jahon banki guruhi tomonidan o‘rganish ishlari davom etmoqda;
  • Buxoro va Urganch xalqaro aeroportlarni modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish loyihasi bo‘yicha o‘rganish ishlari davom etmoqda.

Ma’lumot uchun, Toshkent-Samarqand va Toshkent-Andijon pullik yo‘llaridan o‘tish narxi 5−6 dollar (ekvivalentda) atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Bu yo‘llardagi harakatlanishning maksimal tezligi 120−150 km/s bo‘lishi mumkin.

Toshkent-Andijon pullik avtomobil yo‘lining qurilish ishlari ikki bosqichli xalqaro tender g‘olibiga topshiriladi. Loyihaning umumiy qiymati 2 mlrd dollardan oshishi ma’lum qilingandi.