G‘afur G‘ulom bog‘i ya’ni “Dream Park” test rejimida faoliyat boshladi, deya xabar bermoqda Chilonzor tumani hokimligi.

Hokimlik matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida ta’mirlash ishlari nihoyat yakuniga yetmoqda. Hozirda bog‘ test rejimida faoliyat boshladi. Ya’ni o‘rnatilgan uskunalar aholi xavfsizligi uchun qayta-qayta sinovlardan o‘tkazilmoqda. Tozalash va tartibga keltirish ishlari olib borilmoqda.

“Biz faqatgina poytaxtning eng yirik yashil hududlaridan birini saqlab qolishni emas, balki hududni yangi va turli daraxtlar, butalar va gullaydigan o‘simliklar bilan to‘ldirishni ham o‘z oldimizga vazifa sifatida qo‘ygandik”, — deydi G‘afur G‘ulom bog‘i direktorining o‘rinbosari Zafar Mirzaulukov.

“Bog‘ barcha rasta, kafe va kabob tayyorlaydigan joylardan tozalandi. Katta e’tibor landshaft dizayniga qaratildi va bunda bog‘ maksimal darajada tabiiy bo‘lib, uyg‘unlik saqlab qolindi. Asosiysi, bog‘dagi daraxtlar to‘liq saqlanib qolindi va sug‘orish tizimi to‘liq o‘zgartirildi”, — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, G‘afur G‘ulom bog‘i “ekofrendli” uslubida yangilandi. Masalan, eng kichik tashrif buyuruvchilar uchun o‘yin maydonlarida xorijda ishlab chiqarilgan to‘liq tabiiy kompozitsion materiallardan bo‘lgan turli arqonli zinalar, qoyalar va kanatlar o‘rnatildi.

Bog‘ga charxpalak ham qaytarildi. Ushbu attraksion yopiq kabinkalar va konditsionerlash tizimiga ega zamonaviy jihozlandi.

“Piyoda sayr qilish va yugurish yo‘laklariga joy bo‘shatish uchun bog‘da attraksionlar sonini kamaytirilgan. Bunda tashkilotchilar attraksionlarni ularning ancha zamonaviy va xavfsiz turlariga o‘zgartirdi. Bog‘ hududida joylashgan ikkita ko‘l to‘la ta’mirlanib, gidrotizimlar to‘liq o‘zgartirildi, shuningdek, ko‘llarning atrofida plyaj zonalari va tabiat qurshovida dam olish uchun joylar yaratildi. Ko‘llarning birida qayiq va katamaranlar saqlab qolinmoqda, ikkinchi ko‘l esa o‘rdaklar uchun ajratilgan”, — deyiladi tuman hokimligi xabarida.

Eslatib o‘tamiz, G‘afur G‘ulom bog‘i boshqaruvini qo‘lga kiritgan BMP Smart Decision Management vakili bog‘ 2022 yilning yoz oylarida ochlishini ma’lum қилганди. 25 iyulda Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi a’zolari bog‘da amalga oshirilgan ishlarni ko‘zdan kechirib, u 1 sentabrda foydalanishga topshirilishini e’lon qilingandi, lekin bu ham amalga oshmadi. Shundan so‘ng, “Gazeta.uz” Parkni 49 yilga ijaraga olgan BMP Smart Decision Management kompaniyasi vakili bilan suhbatlashib, ish jarayonidan fotoreportaj tayyorlagandi.