«Gazeta.uz» o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 33 yilligi munosabati bilan oktabrni — «O‘zbek tili oyligi» deb e’lon qildi. Mazkur oylik davomida tahririyat jamoasi har kuni o‘tgan vaqt ichida turli nashrlarda chop etilgan, dolzarbligini hanuz yo‘qotmagan maqola, nutq, fiqralarni qayta berib bormoqda.

O‘zbek talaffuzi

Siz G‘afur G‘ulomning so‘zini, ovozini eshitganmisiz? Shukur Burhonov gapirganini-chi? Yo bo‘lmasa Abror Hidoyatovni?

G‘afur G‘ulomni men umrimda ko‘rmaganman, gapini ham eshitgan emasdim. Ittifoqo, bir kuni radioda kimningdir nihoyatda qadrdon, yaqin tanish, ammo ko‘pdan beri eshitilmagan bir tovushi qulog‘imga kirdi. Har qanday ashuladan ham ruhafzoroq bir ovoz, desangiz. Bilsam, G‘afur G‘ulom hajviy hikoyalarini o‘qiyotgan ekan. Eshitmagan odamga birovning so‘zlash ohangini tushuntirish qiyin, bu xuddi bosvoldi qovunning hidini tushuntirish kabi mushkul, ammo o‘zim o‘shanda imon keltirdimki, agar Nasriddin afandi hayotda bor bo‘lsa, u G‘afur G‘ulom ovozi bilan gapirsa kerak edi. Hazilga, erkalikka monand, ammo o‘ktam va sarbast bir ohang yetakchilik qilar edi unda. Donishmandlik, darddoshlik ayon sezilib turardi. Xullas, bir zumda o‘ziga rom eta oladigan, kishini beixtiyor qadrdonlashtirib yuboradigan bir ovozu ohang edi-da.

Shukur Burhonni ayting. Ayniqsa, «Qiyomat qarz»da! O‘zbek otasining ramzi-ku. Bu ovozdagi mehr, odamshavandalik, dilkusholik boshqa birovda topilarmikin? Abror Hidoyatovning tovlab gapirishlari-chi! Lafzimizning lirik-falsafiy diapazoni bu qadar keng bo‘la olishini payqaganmi edingiz?

O‘zbek eli serurug‘, keng elat. Har bir sheva vakilining gapida alohida ohang va o‘ziga xos uslub bor. Ammo hammasi ham yoqimli, hissiyotga to‘liq, gapirayotgan chog‘ida so‘z mazmuni bilan birga aytuvchining munosabati yaqqol sezilib turadi. Bu ohangda mahalliy o‘ziga xoslik va an’analar, shu mintaqa kishisining hayot tajribasi, har bir narsaga o‘ziga xos yondoshuvi aks etadi. Har bir kishining aytgan gapidagina emas, balki talaffuziyu so‘zlashida ham aqlu farosati, madaniyati, sipo yo hovliqmaligi, andishali yo shartakiligi, o‘zini tutishi ko‘zga yaqqol tashlanadi…

Taraqqiyot shunday bir davrga yetib keldiki, endilikda Xorazmning nariyog‘ida turib gapirayotgan odamning so‘zini o‘shliklar baralla eshitaveradi. So‘zu ohang esa, bilasiz, «yuquvchan». Ijtimoiy taraqqiyot tezlashib, texnika vositalaridan foydalanish avj olgani sari shevalararo sintezlashish hodisasi ham kuchayadi, aniqrog‘i, shevalarning sintezlashishi hisobiga adabiy tilning boyishi va umumxalq miqyosida adabiy tilga ko‘chish avj oladi (shevalar esa bora-bora oyoqdan qoladi. Hozir hamma joyda shu hodisaga guvoh bo‘lib turibmiz). Barcha viloyatlarimiz va tumanlarimizda urf-odatlarning o‘zaro yaqinlashuvi va bir xillashuvi yuz berayapti. Bozor iqtisodiyoti sharoiti va tezkor axborot almashish esa umummilliy birikish va yaxlitlanish jarayoni uchun katalizator rolini o‘ynayapti.

Bu vaziyatda har qanday millat oldida bir masala ko‘ndalang bo‘ladi: adabiy tilni mukammallashtirishda qaysi tamoyillar ustunlik qiladi? Orfoepik prinsiplar negizida qay normalar yotadi, ya’ni umummilliy talaffuz qanday bo‘lishi kerak?

Bir qarashda, bu arzimas bir gapday, anchayin masala puflab shishirilayotganday bo‘lib tuyilishi mumkin. Ammo tarixga nazar tashlasak, bobolarimiz bizdan boshqacharoq, o‘zbekcharoq, asl turkona ohanglar bilan so‘zlashganiga shubha yo‘q. Aytaylik, Otabek («O‘tkan kunlar»)lar xuddi bizday emas, boshqacharoq, hozirgi afg‘onistonlik o‘zbeklarga o‘xshabroq ketadigan bir tarzda gaplashishgani aniq. Bir mo‘’jiza bo‘lib, Navoiy zamonidagi o‘zbek tirilib kelsa, bemalol musohaba qila olishimizga, masalan, men ishonmayman. Chunki barcha turkiy tillar, jumladan o‘zbek tili ham dinamik — juda tez o‘zgaradi.

Bu-ku, bir tabiiy jarayon ekan, ammo bir zamonda, bir yurtda yashab turib ham, kishilar bir-birining gapini anglamasa, qizig‘i, gapirganida shunga harakat qilsa-chi?

Bundan yetmish-sakson yillar burun, mustaqilligining o‘ninchi yillarini kechirayotgan Turkiyada til, lug‘at va talaffuz masalasi qanchalik o‘tkir bo‘lib maydonga chiqqani yodga keladi. O‘shanda nima bo‘lgan edi? Lug‘at borasida chet tillar (arab, fors, va b.)dan kirib kelgan so‘zlardan iloji boricha voz kechib, sof turkiy o‘zak asosida so‘z yasash tamoyili tanlandi, natijada, o‘tmish zamonda yaratilgan ilmiy, diniy va adabiy manbalardan uzilish yuzaga keldi (shu davrda lotin alifbosiga o‘tilganligi esa bu uzoqlashishni yanada kuchaytirdi). «Tildagi revolyutsiya» deb nom berilgan til qurilishi bo‘yicha bu tadbirlar intihosida ham keskin bir yo‘l tanlandi: turk adabiy talaffuzi uchun shu paytga qadar qo‘llanib kelgan orfoepiya normalaridan voz kechilib, sobiq poytaxt, mamlakatdagi eng katta shahar Istanbul shevasiga xos talaffuz, yanayam aniqrog‘i — istanbullik yosh xonimlarning so‘zlash ohangi turk talaffuzi uchun norma qilib belgilandi — tilshunoslar shu narsani to‘g‘ri, deb dalillashdi.

Mana shu barcha tadbirlar natijasi o‘laroq, eng ko‘p sonli turkiy xalq bo‘lmish Turkiya turklarining tili boshqa turkiy tillardan ancha uzoqlashib qoldi. Xususan, turk tili leksikonining ozar, qo‘miq, tatar, o‘zbek, turkman, uyg‘ur va hokazo turkiy tillardagi lug‘at tarkibidan ko‘p tafovut qilishi, buning ustiga, talaffuzi «Istanbulning tannoz xonimlari» shevasiga xos ravishda — til oldi (til uchi) tovushlaridan iborat bo‘lgani bois, turkiyalik turklar bilan boshqa turkiy el vakillarining musohabasi, aytaylik, o‘zbek bilan ozarboyjon orasidagi cuhbat kabi oson va ravon kechmaydigan bo‘lib qoldi. Bu esa turkiy dunyo uchun ijobiy hol ekanligi dargumon…

Mayli, bu ularning o‘z ishi, xohishi. Misoldan maqsad shuki, boya aytganimizday, elimizda har qaysi mintaqaga xos mahalliy belgilar tobora yedirilib borayotgan va milliy uyushish jarayoni tezlashayotgan hozirgi paytda bizning oldimizda ham xuddi shu masalalar ko‘ndalang bo‘layapti. O‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish uchun harakat kuchaygan va keyinchalik bu haqda qonun qabul qilingan yillarda tilimizni tozalash, turkiy, arabiy va forsiy so‘zlar hisobiga lug‘at tarkibini boyitish va bir mahallar siyosatning zo‘ri bilan turli chet tillardan kiritilgan so‘zlardan voz kechib, o‘rniga tarixan keng qo‘llangan so‘zlarni qayta olib kirishga urinish yaqqol sezildi. Bu ham — til taraqqiyotidagi o‘ziga xos bir tamoyil. Xayriyatki, biz bu sohada radikal metodlar o‘tkazish yo‘lini tanlamadik va buning sharofati o‘laroq, tarixiy uzviylikka putur yetmadi.

Endigi navbat — o‘zbek talaffuzi masalasini milliy miqyosda hal etishga! Har kim o‘zi bilgan ohangini to‘g‘ri deb hisoblab, uni butun o‘zbek xalqi orasida joriyalay beradigan bo‘lsa, har bir tele- va radiokanallarning qaqajon qizlari, tortinmay bidirlashni xushchaqchaqlikka yo‘yadigan yigitlari biri-biridan o‘rganib, sun’iy ohangda gapirishda kimo‘zar o‘ynasa, ertaga o‘zbekning hammasi shunaqa gapira boshlamasligiga kim kafil bo‘ladi? Ha, axborot almashuv tezlashgan hozirgi davrda o‘zbekning asl talaffuzi tobora unutilib, turklardagi kabi «poytaxtning nozanin xonimlari» lahjasi o‘zbekning ovozi sifatida e’tirof etilib qolishi hech gap emas. Holbuki, bu «madaniyatli» sheva o‘rischa o‘ylab, o‘zbekcha gapirish asnosida yuzaga kelgan chuchmaliyotdan boshqa narsa emas. Ya’ni, so‘z — o‘zbekcha, jumla tuzilishi — ruscha, ohang esa…

Hozir Toshkent va har bir viloyat markazidagi o‘nlab telekanallardan necha yuz soatlik o‘zbekcha axborot va ko‘ngilochar dasturlar efirga taraladi, o‘nlab radiostansiya kechayu kunduz o‘zbek tilida eshittirish berib, qanchadan-qancha diktorlar nozu navozish bilan, ovozu ohang bilan turfa axborotni o‘qiydi, million-million odam undan bahramand bo‘ladi. Ana shu asnoda faqat axborot mazmuni emas, ohanglar ham kishiga beixtiyor yuqa boradi. Bu yuqish ko‘lami esa kundan-kunga oshayotibdi.

O‘zbek tili — mustaqil bir til. Unda yigirma ikki million odam gaplashadi (Bugun ushbu son yana oshgan). Shundan ikki millionga yaqini O‘zbekiston poytaxti Toshkentda istiqomat qiladi, undan o‘n baravar ko‘pi — 20 million nafari esa boshqa joylarda yashaydi.

Tabiiy, har bir joyning o‘z lahjasiyu shevasi bor. Kishilar uyda, ko‘cha-ko‘yda ana shu shevada gaplashadi. Ammo idorada emas. Korxona va tashkilotlarda adabiy til qo‘llanadi. «Davlat tili» degan tushuncha umuman tilimizga emas, o‘zbek adabiy tiliga berilgan maqom. Faqat ugina butun o‘zbek xalqi uchun yagona va mushtarak. Adabiy til deganini esa sheva so‘zlari, jargon va hokazolarni qo‘llamaslikdan iborat deb tor tushunmaslik kerak. Adabiy til to‘g‘ri talaffuzdan boshlanadi.

O‘zbek tilida to‘g‘ri talaffuz qilish ko‘p mushkul emas. Har bir tovushni to‘g‘ri ifodalash, har qaysi tinish belgisini farqlash, so‘z urg‘usi va mantiqiy urg‘uni ajrata bilish talab etiladi, xolos. Ammo qiziqki, aynan so‘z sohasida ishlaydigan ko‘p odamlar — aktyorlar, diktorlar va b. o‘zbek so‘zi tovushlarini to‘g‘ri talaffuz qila olmaydi, gapirayotgan chog‘da qachon to‘xtash va qachon tin olish kerak, jumlaning mazmuni va matn ruhi qanday ohangni taqozo qiladi, jumladagi asosiy so‘z qaysi — bilmaydi. Qolaversa, ashulachilar aytganiday, nafas… o‘zbekona bir nafas ham kerak, albatta. Taajjubki, ana shu o‘zbekona nafas degani, ko‘plarga nasib bo‘lmaydigan noyob bir narsa ekan.

Radio va televideniyega to‘rt-besh yilning berisida diktor bo‘lib ishga kirgan, o‘zini «suxandon» yoki «boshlovchi falonchi» deb tanishtiradigan talay uka-singillarimiz borki, ona tilimizdagi so‘z va jumlalar ularning lafzida qandaydir ajnabiy bir lisonga o‘xshab yangraydi. FM radiolarining tilini ming muqomda burab gapirib, nozu adolar bilan «shakarguftor»lik qilayotgan diktor qizchalari shuni unutmasalar yaxshi ediki, ularni faqat 20−30 yashar bo‘z yigitlar emas, butun o‘zbek yurti — cholu kampirlardan tortib yosh-yosh bolalar ham tinglaydi. Ammo ularning gapirishi esa… hushtori bilan yolg‘iz qolib nozlanayotgan satangning gapirishidan farq qilmaydi! Bu qizlarning ota-onalari yoki oriyatliroq akalari yo‘qmikin? Qandaydir «ihim», «hm», «aha» kabi qo‘shimcha tovushlar, bularning nozik labchalardan ming bir tusda tovlanib chiqishlari deysizmi-yey. Istihola va ibo o‘rniga — noz va istig‘no! Umuman, ko‘zga ko‘rinmas radiotinglovchiga qarab ishva qilaverish shartmi o‘zi? Bu singillarimiz ishlayotgan xonaga katta harflar bilan G‘afur G‘ulom she’ridagi «Bizning ayollarga hayo — fazilat!» misrani yozdirib qo‘yishni maslahat berar edik. Buning ustiga, shu qadar tez bidirlashadiki, gapini eshitsangiz ham, uqmaysiz. Na nuqtayu na vergul. Hatto bir jumla bilan undan keyingisi, bir abzats bilan keyingi abzats orasida soniyaning o‘ndan biricha ham to‘xtalish yo‘q. Shu qadar tez va paydarpay gapirishadiki, hech narsani anglab bo‘lmaydi. So‘zingizni, aytaylik, qashqadaryolik bir momo eshitsayu uqmasa, unda ayb momoning «madaniyatli emas»ligidami, yo sizning?

Diktor qizchalar-ku, shunaqa ekan, xo‘p, yigitlar-chi? Yigit deganda, odam belida belbog‘i bor, oriyatli, g‘ururli, sipo bir kishini yodiga keltiradi, albatta. Yigit — o‘ktam so‘zi bilan yigit. FMlardagi yigitlar esa… Ularning ovozini ayting. Siz millatning — o‘zbekning ovozisiz-ku, suxandon ukalar. Shuni hech eslaysizmi? Buni nainki ahyonda eslash, biron-bir lahza yoddan chiqarmaslik kerak. Bu esa, kabinada o‘tirvolib, mikrofon orqali «muxlisa»lar bilan hiringlashavermaydigan shaxs, demak. Sarbast va o‘ktam ovoz kutamiz sizlardan. Siz bo‘lsangiz, qandaydir bachkana va ermaklovchi ovoz ila bekorchilikdan divanga yaslanib qo‘ng‘iroq qilayotgan qizaloqlar bilan laqillashishdan bo‘shamaysiz.

Umuman, e’tibor bergan bo‘lsangiz, millatimizning ovozi ingichkalashib borayotganday. Mullato‘ychi hofiz ovozini oling, Yunus Rajabiyni, Hojixon Boltayevni oling, Ma’murjon Uzoqovu, Ortiqxo‘ja Imomxo‘jayevlarning tovushini eslang. Keyinchalik Faxriddin Umarov, Tavakkal Qodirovlarning biroz shikastalik kasb etgan tovushlariga o‘rganuvdik. Hozirga kelib esa, qizlardan ham ingichka tovushda ashula qiladigan yigitlar chiqdi. Estrada janrida-ku, erkakcha ovoz bilan qo‘shiq aytadigan yigit qolmadi hisob. Nafaqat estradada, balki butun qo‘shiqchiligimizda ham ovoz tobora ingichkalashib, tobora shikastalashib borayotganday. Yig‘loqi (bugun qo‘shni qishloqqa kelin tushdi, deb o‘zi yor-yor aytadigan), xotinchalish ovoz bilan aytiladigan ashulalarga kunimiz qolayapti.

Men bunday nozik ovozlar kamaysin, yo yo‘qolsin, demoqchimasman.

Xullas, tilimiz, lafzimiz buzilmasa, deymiz. Avlodlararo bog‘liqlik bardavom bo‘lsa, deb tilak qilamiz. Zero til — dil kaliti, dil oyinasi. Bu oyina xira tortmasligi uchun esa yosh diktorlar boshini qovushtirish, o‘qitish-o‘rgatish lozim, yosh xonandalar tovushiga sayqal beradigan muassasalar ham bu to‘g‘rilarda o‘ylab ko‘rishsa, yomon bo‘lmas edi.

Zuhriddin Isomiddinov. 2015 yil.