Rossiya Mudofaa vazirligi radiokimyoviy va biohimoya kuchlarini radioaktiv ifloslanish sharoitida o‘z vazifalarini bajarishga shay holatga keltirdi, deya ma’lum qildi RF Qurolli kuchlarining radiatsiyaviy, kimyoviy va biologik mudofaa kuchlari boshlig‘i general-leytenant Igor Kirillov brifingda.

Rossiya Mudofaa vazirligi go‘yoki Ukraina rasmiylari tomonidan “iflos bomba” (oddiy portlovchi elementlar bilan radioaktiv material aralashtirilgan past quvvatli yadroviy o‘q-dori) portlashi bilan bog‘liq provokatsiyani rejalashtirgani haqida ma’lumotga ega.

Rossiya Mudofaa vazirligi talqiniga ko‘ra, Ukraina bunday bombadan “Ukraina harbiy harakatlar teatrida Rossiyani ommaviy qirg‘in qurollarini qo‘llaganlikda ayblash va shu orqali dunyoda Moskvaga nisbatan ishonchni buzishga qaratilgan kuchli aksilrossiya kampaniyasini boshlash uchun foydalanishni rejalashtirmoqda”.

“Radiologik portlovchi qurilmaning portlashi muqarrar ravishda bir necha ming kvadrat metrgacha bo‘lgan maydonning radioaktiv ifloslanishiga olib keladi”, — dedi Igor Kirillov brifingda.

Ukraina, o‘z navbatida, bunday qurollarga ega ekanligini va ulardan foydalanish rejalarini rad etdi.

“Rossiyaning Ukrainaning “iflos bomba"dan foydalanish rejalari haqidagi yolg‘onlari xavfli bo‘lishi bilan birga bema’ni hamdir. Birinchidan, Ukraina Yadro quroligi taqiqlash to‘g‘risidagi shartnoma tarafdori: bizda hech qanday “iflos bomba” yo‘q va ularga ega bo‘lishni rejalashtirmayapmiz ham. Ikkinchidan, rossiyaliklar ko‘pincha o‘zlari rejalashtirgan narsada boshqalarni ayblashadi”, — deya ma’lum qildi Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba o‘zining Twitter-sahifasida.

Avvalroq Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiyadagi hamkasblariga qo‘ng‘iroq qilib, Rossiya Kiyev tomonidan “iflos bomba” qo‘llanishi mumkinligidan xavotirdaligini, biroq uning so‘zlariga ishonchsizlik bilan qaraldi.