«Holat prezident nazoratida». Sherzod Asadov Sirdaryodagi portlash haqida

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Sirdaryoda sodir bo‘lgan portlash yuzasidan izoh berar ekan, holat davlat rahbarining nazoratida ekanligini ma’lum qildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda va natijasi keng jamoatchilikka e’lon qilinadi, dedi u.

Shavkat Mirziyoyev 27 oktabrda Ostonaga boradi

Sherzod Asadov Shavkat Mirziyoyevning hafta davomidagi ish rejasi haqida ma’lumot berdi. Bu hafta prezident «Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo» sammitida ishtirok etish uchun Qozog‘iston poytaxtiga boradi. Bundan tashqari, Yevropa Kengashi prezidenti Sharl Mishelni qabul qiladi.

G‘afur G‘ulom bog‘i «Dream Park» nomi ostida faoliyatini boshladi

Toshkentning Chilonzor tumanida joylashgan G‘afur G‘ulom bog‘i «Dream Park» nomi bilan qayta ochildi. Bog‘ test rejimida faoliyat olib bormoqda. Hozirda o‘rnatilgan uskunalar aholi xavfsizligi uchun qayta-qayta sinovlardan o‘tkazilmoqda.

O‘zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosini o‘rgatish bo‘yicha maxsus o‘quv kurslari tashkil etiladi

Prezidentning o‘zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosini rivojlantirish bo‘yicha qarori qabul qilindi. 1 yanvardan boshlab, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari hamda «Ishga marhamat» monomarkazlarida o‘zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosini o‘rgatish bo‘yicha maxsus o‘quv kurslari tashkil etiladi.

Toshkentda «O‘zbekiston: Markaziy Osiyo bo‘ylab zamonlar osha sayohat» filmi namoyish etildi

Poytaxtda «O‘zbekiston: Markaziy Osiyo bo‘ylab zamonlar osha sayohat» filmining premerasi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistonning beshta hududida suratga olingan kinokartina arxeolog va tarixchilar tadqiq etishi uchun katta ahamiyatga ega favqulodda g‘ayrioddiy yurtlar tarixi hikoya qilinadi.

IT-xizmatlarini eksport qilayotgan korxonalar soni bir yilda 102 tadan 257 taga yetdi — Sherzod Shermatov

AKT vaziri Sherzod Shermatov IT-mahsulotlar eksport qilayotgan korxonalar soni bir yilda 102 tadan 257 taga yetganini ma’lum qildi. «Besh yil oldin IT bo‘yicha eskport deyarli bo‘lmagandi», — dedi vazir ICTWeek Uzbekistan haftaligi ochilish marosimida.

Haftaning birinchi yarmi yomg‘irli bo‘ladi

Kaspiy dengizi hududlaridan nam va nisbatan sovuq havo massalarining bir qator kirib kelishi haftaning birinchi yarmida O‘zbekiston bo‘yicha ob-havoni belgilaydi. Payshanba va juma kunlari quruq va nisbatan iliq ob-havo boshlanadi, ammo kunduzi harorat +19 darajadan, kechasi esa +8 dan oshmaydi.

Toshkent shahrida 1 kv.metr uchun o‘rtacha ijara narxi yil boshidan buyon 22,4 foizga oshdi — ITIM sharhi

ITIM tahlillariga ko‘ra, sentabr oyida ijaraga beriladigan uy-joyga bo‘lgan talab keskin oshdi. Poytaxtda o‘rtacha ijara narxi yil boshidan buyon 22,4 foizga qimmatlashdi. Eng yuqori qiymat (1 kv.metr maydon uchun) Shayxontohur ($12,5), Mirobod ($10,8) va Yakkasaroy ($10,8) tumanlarida qayd etildi.

Toshkent-Samarqand pullik avtomobil yo‘li 2026 yilgacha bitkaziladi

Jahon banki maslahat ko‘magida amalga oshirilayotgan Toshkent-Andijon hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki maslahat ko‘magida amalga oshirilayotgan Toshkent-Samarqand pullik avtomobil yo‘lini qurish 2026 yilgacha bitkaziladi.

Nodavlat OTM litsenziyasini olish talablari soddalashtirildi

Hukumat qarori bilan NTT sifatida davlat mulki obyektlarini ijaraga olish muddati 10 yilgacha uzaytirildi. Shuningdek, tashkilotning bankdagi hisobvarag‘iga qo‘yiladigan mablag‘ miqdori 25 ming AQSh dollarigacha qisqartirildi.

Yaponiya O‘zbekistondagi uchta tibbiyot muassasasiga 270 ming dollar ajratdi

Yaponiya Toshkent, Buxoro viloyati va Qoraqalpog‘istondagi uchta tibbiyot muassasasini jihozlash uchun 270 ming dollardan ortiq mablag‘ ajratdi.

Tijorat banklari 24 oktabr uchun belgilagan dollar kursi

Markaziy bank dollar kursini 11 125,00 so‘m etib belgilagandan so‘ng, tijorat banklari ham mijozlarga dollarni yangi qiymatda taklif qildi.

sentabr oyida qariyb 7,5 trln so‘mlik kreditlar ajratilgan — MB

1 oktabr holatiga ko‘ra, mavjud banklarning aksariyatida depozit va kreditlar sonining o‘sishi kuzatildi. O‘tgan oy davomida «Milliy bank»da 5,3 trln so‘m depozitlar qisqargan. Muammoli kreditlar soni bo‘yicha esa «Xalq banki» (3 355) yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi.

O‘zbek aviakompaniyasida birinchi Boeing-747 samolyoti paydo bo‘ldi

O‘zbekistonning My Freighter aviakompaniyasida Jumbo Jet, shuningdek, «Osmon malikasi» deb nomlanuvchi birinchi Boeing-747 samolyoti paydo bo‘ldi. Bu aviakompaniyaning birinchi xususiy yuk samolyoti hisoblanadi.

Yandex O‘zbekistonda Dasturlash maktablari va AYOQSHlarda to‘lov xizmatini ishga tushirishni rejalashtirmoqda

Yandex vakillari O‘zbekistonda yuqori sinf o‘quvchilari uchun Dasturlash maktablari ochish rejalashtirilayotganini ma’lum qilishdi. Shuningdek, «Yandeks Zapravki» yoqilg‘i uchun to‘lov xizmatini ishga tushirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilmoqda, taksi xizmati esa yana uchta shaharda ishga tushiriladi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

«Bilim va tajribangiz bilan istalgan sohada milliardlab pul topa olasiz». Sardor Babayev bilan suhbat

«Zamonaviy kasb egalari» loyihasining navbatdagi mehmoni — Sardor Babayev «Gazeta.uz»ga qanday qilib PR sohasiga kirib qolgani, jamiyatga xizmat qiluvchi loyihalari, MIR21YOYEV saylovoldi kampaniyasi qanday ishlab chiqilgani haqida so‘zlab berdi.

Toshkent hayvonot bog‘i 98 yoshga to‘ldi. Uning eng keksa jonzotlari qanday yashamoqda?

Bugun Toshkent hayvonot bog‘i 98 yoshga to‘ldi. Ushbu muhim voqea munosabati bilan «Gazeta.uz» hayvonot bog‘idagi eng keksa jonivorlar: urg‘ochi And kondori Sandra, karlik begemoti Judi va ko‘k tilli kaltakesak haqida so‘zlab beradi. Ular bu yerda hammadan ko‘proq muddat hayot kechirishgan.

O‘zbek talaffuzi

Adabiy tilni mukammallashtirishda qaysi tamoyillar ustunlik qiladi? Umummilliy talaffuz qanday bo‘lishi kerak? Zuhriddin Isomiddinov 2015 yilda ushbu savollarga izlash asnosida yozgan maqolasida o‘zbek talaffuzi ingichkalashib ketayotganini tanqid qilgandi. So‘z — o‘zbekcha, jumla tuzilishi — ruscha, degandi u.

«O‘zbekistonning qayerida o‘zbek tili qo‘llanmayotgan ekan, o‘sha joyga hali istiqlol yetib bormabdi»

O‘zbekistonning qayerida o‘zbek (turkiy) tili qo‘llanmayotgan ekan, o‘sha joyga hali istiqlol yetib bormabdi, degandi Abduqahhor Ibrohimov 1992 yilda yozgan maqolasida. Uning fikricha, o‘zbek tilining qaddini qonuniy o‘rniga ko‘tarish uchun ichki muxoliflarga qarshi kurashni yangi bosqichga olib chiqish lozim.