Regulyator bank tizimi faoliyati ko‘rsatkichlariga oid oktabr oyidagi ma’lumotlarni taqdim etdi.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning yozishicha, sentabrda bank tizimi bo‘yicha nihoyat depozitlar qoldig‘ining o‘sishi 0,5%gacha sekinlashgan, kurs farqi effekti hisobga olinsa esa deyarli to‘xtagan. Aholi omonatlari jami qoldig‘i mart oyidan beri birinchi marta qisqargan (-709 mlrd so‘m).

sentabrda depozitlarning eng katta qisqarishi “Milliy bank"da kuzatilgan (-5,3 trln so‘m). Buni importni moliyalashtirish uchun katta miqdorda konvertatsiya va to‘lov yoki yirik qoldiqlarni boshqa davlat bankiga o‘tkazilishi bilangina izohlash mumkin. Eng katta o‘sish esa “Ipotekabank"da (+4,4 mlrd.so‘m).

Xususiy banklar orasida eng katta o‘sishga OFB erishgan (+1,9 trln so‘m). OFB bu borada uzoq vaqtdan beri depozit jamg‘arishda ilg‘orlik qilib kelayotgan Kapitalbankni ham ortda qoldirgan (+764 mlrd so‘m).

Axborot makonida to‘satdan shakllantirilgan negativ fonga qaramay, onlayn banklardan “Anorbank” depozit portfelini 183 mlrd so‘mga, TVS bank esa 70 mlrd so‘mga ko‘paytira olgan.

Shuningdek, MB tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 1 oktabr holatida O‘zbekistonda mavjud 33 ta bank aholi va yuridik shaxslarga 362 933 kredit ajratgan.

Davlat ulushi mavjud 12 ta bank orasida “O‘zmilliybank” (82 842), “O‘zsanoatqurilishbank” (45 552), “Agrobank” (37 291) eng ko‘p kredit portfeliga ega. Muammoli kreditlar soni bo‘yicha esa “Xalq banki” (3 355) yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi.

Banklarning daromadlilik darajasi 2021 yilning mos davri bilan solishtirganda barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha o‘sishni qayd etdi.

Shuningdek, muammoli kreditlarning jami kreditlardagi ulushi bo‘yicha “O‘zagroeksportbank"ning ulushi (+90%) yuqori bo‘lib qolmoqda.

Tijorat banklari kredit qo‘yilmalari savdo va umumiy xizmatlar tarmog‘ida kuzatilgan bo‘lib, o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirganda 15,3% o‘sishni qayd etdi.