Prezidentning 20 oktabrdagi [PQ-407-son] qarori bilan «O‘zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.

Qarorga ko‘ra, o‘zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlaridan biri etib o‘zbek imo-ishora tilini yanada rivojlantirish va uning huquqiy maqomini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, undan muloqot vositasi sifatida foydalanishni rag‘batlantirib borish belgilandi.

2023 yil 1 yanvardan boshlab, umumiy o‘rta ta’lim муассасалари hamda «Ishga marhamat» monomarkazlarida o‘zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosini o‘rgatish bo‘yicha maxsus o‘quv kurslari tashkil etiladi.

Maxsus o‘quv kurslarida ko‘rish, eshitish va nutqida nuqsoni bo‘lgan shaxslar hamda ushbu toifadagi voyaga yetmagan bolalarning ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar — bepul, qolgan shaxslar — pullik asosda o‘qitiladi.

2023 yil 1 yanvardan boshlab davlat telekanallarida haftalik efir vaqtining kamida besh foiz hajmidagi ko‘rsatuvlar surdotarjima, yashirin subtitrlar yoki «yuguruvchi satrlar» bilan namoyish etiladi.

2024/2025 o‘quv yilidan boshlab kar va zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarining o‘qituvchi lavozimiga faqat dars o‘tiladigan imo-ishora tilini biladigan pedagog kadrlar ishga qabul qilinadi.

2023 yildan boshlab har yili sentabr oyida «Imo-ishora tili bo‘yicha eng yaxshi tarjimon» tanlovi o‘tkaziladi va tanlov g‘oliblari quyidagicha tartibda pul mukofotlari bilan rag‘batlantiriladi:

  • 1-o‘rin uchun — BHMning 100 baravari;
  • 2-o‘rin uchun — BHMning 65 baravari;
  • 3-o‘rin uchun — BHMning 50 baravari.

2023/2024 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlarini shakllantirishda surdopedagogika va tiflopedagogika yo‘nalishlari bo‘yicha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari 25 foizga oshiriladi.