“Gazeta.uz” o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 33 yilligi munosabati bilan oktabrni — “O‘zbek tili oyligi” deb e’lon qildi. Mazkur oylik davomida tahririyat jamoasi har kuni o‘tgan vaqt ichida turli nashrlarda chop etilgan, dolzarbligini hanuz yo‘qotmagan maqola, nutq, fiqralarni qayta berib bormoqda. Navbat Sultonmurod Olimning 2000-yilda yozgan maqolasiga.

Biz nega lotin yozuviga o‘tyapmiz?

Yana bor-yo‘g‘i besh yildan keyin lotin yozuvi asosidagi yangi alifboga o‘tamiz. Hozir 1−7-sinflardagi farzandlarimiz butunlay lotin yozuvida ta’lim olayapti. Ikki-uch yildan keyin aynan ana shu yangi yozuvda savod chiqargan o‘rta ma’lumotli bir avlod paydo bo‘ladi.

Ular-ku maktabda buni o‘rgangan. Lekin besh yildan keyin butun xalq ana shu yangi alifboda ish yuritishi, o‘qishi, yozishi kerak. Bu millat hayotida shunchaki hodisa emas. Juda katta tarixiy, madaniy jarayon.

Ayrimlar yangi alifbomizni hozirdan puxta o‘rganib olgan yoki o‘rganishga jiddiy kirishgan. Biroq ba’zilarimiz hali bu haqda o‘ylab ham ko‘rganimiz yo‘q. Xuddi ayni voqeaning bizga aloqasi yo‘qdek.

Keling, shu haqda batafsilroq fikrlashaylik.

Buning uchun avval: “Biz nega lotin yozuviga o‘tayapmiz?” degan savolga javob berishga to‘g‘ri keladi.

1940-yili kirill yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi shosha-pisha joriy etilgan. O‘shanda o‘zbek tilining tabiatini hisobga olish o‘rniga rus alifbosi xususiyatlarini ko‘r-ko‘rona bizning yozuvimizga ham o‘tkazish yo‘lidan yurilgan.

Bu hol tafakkurni qanchalik orqaga surishini tasavvurga keltirish qiyin. Buni kompyuterga solib, hisoblab chiqsa, o‘tgan oltmish yil mobaynida biz xalq sifatida qancha bekorchi ishga vaqt sarflaganimizni bilib olish mumkin bo‘lar.

сuлтоnмuрод олим, o‘zbek tili oyligi

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi 2000-yil 20-oktabr 43-son.

Eng yomoni, tarixda sho‘ro zamonining kirill yozuvi bizda joriy etilganidan keyingi 51 yil ichida biror marta zavoddan o‘zbekcha mashinka ishlab chiqilmadi. Buning o‘zi yozayotganingizda yana yangi muammolarni paydo qiladi. Xullas, har qanday o‘zbekcha mashinkada yozilgan matnga qo‘l bilan nimanidir qo‘shishga majbur bo‘lasiz.

Faqat istiqlolga erishganimizdan keyingi yillari o‘zbekistonlik tadbirkorlar sa’y-harakati bilan Germaniyaning “Optima” kompaniyasi bir yo‘la ruscha, o‘zbekcha va tojikcha yozadigan “S-10”, “S-12”, “S-16” markali elektron mashinkalar chiqardi.

30−40-yillarda, ochig‘i, bora-bora sho‘ro davlatidagi hamma tillar (jumladan, o‘zbek tili ham) rus tiliga qo‘shilib, yo‘q bo‘lib ketadi, degan tasavvur hukmron edi. Shunga mo‘ljal olingan edi. Qarang, hatto, milliy yozuvimizda ham o‘zgalar manfaati birlamchi bo‘lgan. Istiqlolgacha ham buni anglab yetgan, shu xatolarni tuzatishga intilgan olimlar bor edi. Biroq sho‘ro davrida, har qancha ilmiy bahs-munozara yuritilgan bo‘lsa ham, buning iloji topilmadi.

Xo‘sh, bu muammolar mustaqillikka erishganimizdan keyin hal qilinishi kerakmidi-yo‘qmidi? Ayni kamchiliklarni bartaraf etmasak, faqat til taraqqiyotidagina emas, umuman, tafakkur ravnaqida orqada qolishimiz aniq edi. Chunki agar til aql kaliti bo‘lsa, alifbo noqisligi oxir-oqibat milliy ong rivojiga keskin xalaqit qiladi.

Xullas, alifboni isloh qilishning ikki yo‘li bor edi: yo o‘sha eski kirill yozuvini saqlab qolib, takomillashtirish, ya’ni undagi kamchiliklarni yo‘qotish, yo birato‘la yangi alifboga o‘tish lozim edi.

Kirill yozuvini saqlab qolish to‘g‘ri yechim bo‘lolmas edi.

Ilmiy tarafdan, isloh qilindimi, xalq, baribir, ko‘p narsani yangidan o‘rganishga majbur. Shunday ekan, agar afzal tarafi bo‘lsa, bir yo‘la yangi yozuvdagi alifboga o‘ta qolgan tuzuk.

Siyosiy tarafdan bu eski yozuv bizga har kuni boshqalarga qaramligimiz davrini eslatib turaverar edi.

Ma’naviy tarafdan hali ham xalq sifatida o‘z taqdirimiz bilan bog‘liq masalalarni hal etolmay yurgan bo‘lar edik.

Iqtisodiy tarafdan ham kirill yozuvida qolish bizni matbaachilik, kompyuter va yozuv mashinkalari bobida birgina mamlakat monopoliyasiga qaram qilib qo‘yaverar edi. Biz bu sohada jahon bozoriga chiqolmas, yo faqat Rossiya ishlab chiqargan, yo ruslar uchun ishlab chiqarilgan tovarlarni olishga majbur bo‘lardik.

Bu xohlagan mahalda iqtisodiy yutqiziq ro‘y berishi tayin, degani. Axir, bir kunmas-bir kun kelib mashinka yo kompyuterga u mamlakat tillaning narxini qo‘ymaydi, deb kim kafolat beradi?

Demak, modomiki, yozuv isloh qilinadigan bo‘lsa, bir yo‘la yangi alifbo joriy etib qo‘ya qolgan har jihatdan afzal.

Yangi yozuvga o‘tishning ham ikki yo‘li oldimizda turar edi, yo arab yozuviga asoslangan alifboga, yo bo‘lmasa lotin yozuvidagi yangi o‘zbek alifbosiga o‘tish lozim edi.

Arab yozuviga o‘tish yana orqaga ketish bo‘lar edi.

Birinchidan, bu yozuv arab tili xususiyatlaridangina kelib chiqib yaratilgan. U o‘zbek tili uchun hech ham qulay emas. Unda faqat arab tilidan kirgan so‘zlardagi xos tovushlarnigina ifodalaydigan, amalda tilimiz uchun ortiqcha bo‘lgan bir necha harf bor.

Ikkinchidan, garchi ming yillik yozma merosimiz shu yozuvda bo‘lsa ham, u tilimiz xususiyatlarini aks ettirish imkoniga ega emas…

Shuning uchun zamonaviy alifboga o‘tavergan har taraflama ma’qul.

Xo‘sh, nega aynan lotin yozuvi tanlandi?

Lotin yozuviga asoslangan yangi o‘zbek alifbosiga o‘tishning aynan qanday afzalliklari bor?

Siyosiy jihatdan bu islohot xalqimiz madaniy hayoti, aqliy ravnaqi bilan bevosita bog‘liq masalani kechiktirmay hal etayotganimizni va bunga istiqlol imkon berganini anglatadi.

Ma’naviy tomondan xalq chinakamiga o‘z taqdiri bilan bog‘liq har qanday masalani hech kimning qosh-qovog‘iga qaramasdan hal eta olish imkoniga egaligini shu yangi alifboni joriy etish orqali ham kuchliroq hal etishi tayin.

Ilmiy tarafdan bir necha fazilati bor.

Birinchidan, alifbo ixchamlashdi: 26 harf, 3 harflar birikmasi, jami 29 ta belgi bor, xolos. Oldingi alifbodan 6 ta belgi kam. Bu — juda katta yutuq.

Ikkinchidan, “ng” bir mustaqil tovush sifatida alifboga kiritildi. Endi uni maktabda o‘rgatish ham, to‘g‘ri talaffuz qilish ham osonlashdi.

Shu tovush bilan bog‘liq bir masala bor: nega “ng” uchun alohida harf emas, “n” va “g” undoshlari qo‘shilmasi olindi? Arab yozuvidagi alifbomizda ham shunday yo‘l tutilgan. Bu bejiz emas. “Men” olmoshiga jo‘nalish kelishigi qo‘shimchasi qo‘shilganda, “menga” hosil bo‘ladi Biroq endi she’riy matnlarda ba’zan vazn taqozosiga ko‘ra, bu so‘zni “men+ga”, ayrim hollarda esa “me+nga” tarzida o‘qishga to‘g‘ri keladi. Ba’zan vazn bir misraning o‘zida aynan takrorlanib kelgan bu so‘zning ana shunday ikki xil o‘qilishini talab qilib qolishi mumkin. Agar “ng” uchun alohida harfiy belgi olinganda edi, bir so‘zni bir misrada ikki joyda ikki xil yozishga majbur bo‘lar edik. Aytmoqchimizki, tilimizda ba’zan “n” va “g” tovushlarining grammatik birikuvi natijasida ham “ng” tovushi hosil bo‘ladi. Shularning barini hisobga olganda, bu tovush alifboga aynan ikki undosh qo‘shilmasi tarzida har taraflama o‘ylab kiritilgan.

Uchinchidan, shu tariqa millionlab odamlarning millionlab daqiqalari foydaga qoldi.

To‘rtinchidan, dunyoning xohlagan mamlakatdagi ishlab chiqargan mashina, kompyuter, matbaa sanoati mahsulotlarini erkin bozorda tanlab olish imkoniga ega bo‘ldik.

Beshinchidan, lotin yozuvi asosida chiqarilgan kompyuterlarning xohlagan turini hech qanday ustaga olib bormasdan, hech bir yangi dastur kiritib o‘tirmasdan, ishlatib ketaveramiz. O‘zbekistonda terilgan har qanday matnni keyin dunyoning xohlagan burchagidagi kompyuter printori orqali chiqarib olaveramiz. Chunki yangi alifbomizni joriy etishda shu masalaga alohida e’tibor qilingan.

Oltinchidan, mavjud olti jahon tilining teng yarmi, dunyodagi yetti eng rivojlangan mamlakatning oltitasi lotin yozuvidan foydalanadi. Bu bizning xorijiy tillarni o‘rganishimizni ham, chet elliklarning o‘zbek tilini o‘rganishini ham bir qadar osonlashtiradi.

Inson yangiliklarsiz yashashi mumkin emas. Lekin kishilar ruhiyatida yangilanishdan cho‘chishga o‘xshash kayfiyat ham kuchli bo‘lar ekan. Viloyatlardagi uchrashuvlarda ba’zan: “Davlat qachon bizga yangi alifbomizni o‘rgatadi?” mazmunida savol tushadi. E, birodar, deging keladi shunda, mana, alifbo qabul qilindi, 1−7-sinflar o‘quvchilari shu asosda ta’lim olyapti, imlo qoidalari ham kitob bo‘lib chiqqan, savod, avvalo, har kimning o‘ziga kerak, shunday ekan, marhamat, o‘rganishga kirishing.

Yangi alifbomizni o‘rganib olish — oliy ma’lumotli kishi uchun bir necha soat, boringki, bir kun, o‘rta ma’lumotli odamlar uchun bor-yo‘g‘i bir necha kun mashq bilan amalga oshadigan ish. Chunki lotin yozuvi asosidagi alifbomizda ham, kirill alifbosidagi kabi barcha tovushlarni yozamiz va o‘qiymiz.

Xullas, yangi alifbo xalqni, uning tezkor taraqqiyotga erishuvini, demakki, porloq istiqbolni o‘ylab qabul qilingan. Bu tarixiy hodisa O‘zbekistonimizning buyuk kelajakka erishuvi yo‘lidagi o‘ta muhim va asosli qismlardan biridir.

Sultonmurod Olim.

Ushbu maqola “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2000-yil 20-oktabrdagi 43-sonidan olindi.