O‘zbekiston va Rossiya qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosarlari o‘rtasida agrosanoat sohasida hamkorlik borasida uchrashuv o‘tkazildi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati.

Yig‘ilishda Rossiya tomon O‘zbekistonga kungaboqar yog‘i, qandolat mahsulotlari va bug‘doy eksportini oshirishga tayyorligini ma’lum qildi.

Shuningdek, agrar ta’lim hamda qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish sohasida hamkorlikni takomillashtirish alohida muhokama qilindi. Majlis yakuni bo‘yicha tomonlar qo‘shma «Yo‘l xaritasi»ni tasdiqladi.

Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilning 8 oyida Rossiyadan O‘zbekistonga mahsulot importi 2021 yilning shu davriga nisbatan qariyb 20 foizga (632 million dollarga) — 3,2 milliard dollardan 3,8 milliard dollarga oshgan.

Eslatib o‘tamiz, oktabr oyi o‘rtalarida MDHga a’zo davlatlar rahbarlari sammitida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston o‘z hamkorlarini uzoq muddatli fyuchers shartnomalarini tuzish orqali oziq-ovqat mahsulotlari, xususan, ertapishar qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlashga tayyorligini bildirgandi. O‘z navbatida, mamlakat g‘alla, yog‘-moy va ozuqabop ekinlarning kafolatlangan tarzda yetkazib berilishidan manfaatdorligini qayd etgandi.