«Gazeta.uz» o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 33 yilligi munosabati bilan oktabrni — «O‘zbek tili oyligi» deb e’lon qildi. Mazkur oylik davomida tahririyat jamoasi har kuni o‘tgan vaqt ichida turli nashrlarda chop etilgan, dolzarbligini hanuz yo‘qotmagan maqola, nutq, fiqralarni qayta berib bormoqda.

1989 yil 21 oktabr — O‘zbekistonda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan «Gazeta.uz» so‘roviga ko‘ra bitilgan professor Baxtiyor Mengliyevning maqolasini e’lon qiladi.

Tilimizda og‘riq bormi?

Til atamasi oldidan milliy so‘zini aniqlovchi sifatida qo‘yish, aslida, mantiqan to‘g‘ri emas. Zotan, har qanday tabiiy til milliy, u qaysidir millatning tili. Milliy bo‘lmagan til yo‘q. Bunda millat so‘zi «etnos» (qabila, urug‘) ma’nosida ham qo‘llanadi. Ammo milliy til darajasidan xalqaro til darajasiga ko‘tarilgan tillar bor. Tillarning huquqlari masalasi ko‘tarilganda, tilni himoya qilish va rivojlantirish muammosi kun tartibiga chiqqanda milliy til, til siyosati kabi atamalar faollashadi. Til davlatning mustaqillik ramzlaridan biri ekan, o‘z-o‘zidan, til hodisasi siyosiylashadi. Ayniqsa, mustaqillikka erishilgan paytlarda, davlat mustaqilligi masalasi siyosat darajasida ustuvorlashgan paytlarda davlat tili, til siyosati tushunchalari ustuvorlashadi.

Davlatning til siyosati uning rivojlanish darajasi, geosiyosiy mavqei bilan ko‘proq bog‘liq bo‘ladi va shu bilan birga, o‘ta nozik siyosiy masala. Millatlararo, xalqlararo nizolar ko‘pincha til, din kabi nozik masalalardan boshlanadi. Mamlakatimizda o‘zbek tilining tabiiy holati, uning siyosiy mavqei achinarli darajada emas. Bitta-yarimta xalqaro anjumanlarni aytmasa, barcha tadbirlar, majlis-yig‘inlar o‘zbek tilida o‘tayotgan bo‘lsa, mamlakatimizda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi mavqei yaqqol ko‘rinib turgan bo‘lsa, Prezident xalqi bilan o‘zbek tilida muloqot qilayotgan bo‘lsa, rahbarlar o‘zbek tilida ish ko‘rayotgan bo‘lsa, davlat organlarining faoliyati o‘zbek tilida yuritilayotgan bo‘lsa, o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar soni yildan-yilga ortib borayotgan bo‘lsa, bilmadim, tilimizning qadri tushib ketmoqda degan yig‘i-sig‘ilarni ko‘pincha tushunmay qolaman.

To‘g‘ri, har to‘kisda bir ayb deganlaridek, nuqson va kamchiliklar ham bor. Albatta, kamchiliklarni anglash uning yechimiga qo‘yilgan ilk qadam. Ona tilimiz mamlakatimizda siqilib qolgan, mavqei tushib ketgan, bolalarimiz bu tilni unutayotgan, boshqa tilsiz yashab bo‘lmaydigan holatga kelib qolganimizda edi, u o‘zbek millatiga mansub barcha uchun bab-baravar juda katta qimmat kasb etgan bo‘lar edi. Allohga shukur, istiqlol davrida mamlakatimiz miqyosida tilimizning mavqei juda ham yuksaldi. Ayniqsa, o‘zbek tilining rasmiy va ilmiy uslubi muttasil takomillashib borayotir. Badiiy uslubimiz o‘sha mustabid tuzum davrida ham birorta rivojlangan xalqaro til darajasidan kam emas edi. Umuman olganda, o‘zbek tili ham struktur jihatdan, ham nufus jihatdan, ham ishlov berilganlik nuqtai nazarida juda rivojlangan til. Faqat alifbo, imlo masalalarida muammolar bor, undan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Atamalar, boshqa tillardan kirib kelayotgan terminlar boshqa masala, u globallashuv mahsuli, xalqaro integratsiya oqibatidir.

Bugun mamlakatimizda davlat tilini rivojlantirish masalasida juda yaxshi va zarur davlat hujjatlari mavjud. Qator farmonlar, qarorlar bu boradagi ishlarning ko‘lami va darajasini oshirdi. Endi davr talablarini o‘zida ifodalaydigan, ijtimoiy ehtiyojni qondiradigan qonun va qonunosti hujjatlari kerak. Xullas, jamiyatimiz davlat tili to‘g‘risidagi qonunning yangi tahririni kutayotir. Til va jamiyat munosabatida kutilayotgan jiddiy o‘zgarishlar mana shu qonunga bog‘liq. U tilimizning buguni va istiqboli uchun suv va havodek zarur.

Ta’kidlash lozimki, til masalasida ham ko‘p hollarda badbin (negativ) bo‘lib ketyapmiz. Bu — qoniqmaslik hissi natijasi. Albatta, qoniqmaslik taraqqiyotga olib keladi. Sho‘ro davrida ham, hozir ham o‘zbek tili, o‘zbek adabiyoti (men o‘z sohamni yaxshi bilganim uchun shu doirada fikrlayapman) bo‘yicha tadqiqotlar o‘zbek tilida bajarilgan va bajarilmoqda. Biz bunda hech qanday muammoni sezmaganmiz. Bu sohalar bo‘yicha uzoq davrlardan beri ilmiy jurnallar chop etib kelinadi. Maqolalar o‘zbek tilida berilgan va berib borilmoqda. Xullas, sof milliy fanlar (til, tarix, adabiyot kabi) bo‘yicha tadqiqotlar o‘zbek tilida bajarilgan va bu sohalar ilmiy uslubida ifoda masalasida hech qanday muammo bo‘lmagan va bo‘lmaydi ham. O‘zbek tilida yozolmagan kishi uchun o‘zbek tilining imkoniyati cheklangandek tuyulaveradi-da. Bu milliy emas, shaxsiy, ayrim ijtimoiy guruhga xos muammo.

Til haqida gap ketganda ko‘pincha uning leksikasiga urg‘u beriladi. Aslida til — fonetika va grammatika. Fonetika va grammatika tilning botiniy, leksika zohiriy tomoni. Tilning qoni va suyagi mana shu ikki (fonetik va grammatik) jihat. Leksika (so‘zlar) kelib-ketaveradigan «mehmon». Leksik jihatdan toza til yo‘q. Masalan, dunyo tili bo‘lgan ingliz tilining o‘z qatlam leksikasi 50 foizga yetmaydi. Qaysi xalq boshqa millat, xalq madaniyati bilan integratsiyalashgan bo‘lsa, bu uning tilida ham aks etgan. Qaysi xalq boshqa xalqlardan uzilib qolgan ekan, uning tili ham «tozaroq». Aslida, til leksikasini toza saqlashga intilish behuda va bema’ni harakat deb o‘ylayman. Ayniqsa, bugungi globallashuv sharoitida buning imkoni yo‘q. Chetdan kirib kelayotgan terminlarga zo‘rma-zo‘raki variant qidirish foydasiz bo‘lganligi kabi, albatta, tilimizda mavjud ifodani chetga surib, o‘rnini xorijiy so‘zga berish ham to‘g‘ri emas. Har ikki holatda ham me’yorni saqlash kerak.

Albatta, o‘zbek tilining nufuzini oshirish — milliy burchimiz. Aslida olim dunyo fani va tajribasidan erkin va oson foydalaniladigan bo‘lishi kerak. Buning uchun xorijiy tillarni ham bilish ham ehtiyoj. O‘zbek tili qurilishi va uning qo‘llanishi dunyo tillari bilan umumiyliklarga ega. O‘zbek tilshunosligi zamonaviy fan sifatida mahdud soha bo‘lib qolishi mumkin emas. Turkiy tillar oilasiga mansub tillarni, boshqa oilalarga mansub tillardan biri yoki bir nechtasini bilmasdan o‘zbek tilini tadqiq qilish, o‘zbek tilshunosligini rivojlantirib bo‘lmaydi. Shu ma’noda, boshqa soha tadqiqotchilari kabi xorijiy tillarni bilish o‘zbek tilshunoslari uchun o‘ta muhim. Aslida tadqiqotchidan xorijiy tillarni bilish bo‘yicha sertifikat talab qilish mantiqan to‘g‘ri emas. Zotan, ilmiy tadqiqotning o‘zi buni taqozo qiladi, usiz tadqiqot olib borish imkonsiz.

Mamlakatimizda o‘zbek olimlari tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar ham talay. O‘zbekistonda o‘zbek tilini Internet tiliga aylantirish bo‘yicha bugun amalga oshirilayotgan ishlar tadqiqotchilarning tashabbuslari darajasida qolmoqda. Mamlakat miqyosida zarur kuchlarni markazlashtirib, yagona maqsad sari yo‘naltirish va uni jiddiy moliyalashtirish kerak.

Professor Baxtiyor Mengliyev.