Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 20 oktabrdagi qarori bilan mahalliy budjetdan moliyalashtiriladigan muassasalar xarajatlariga o‘zgartirishlar kiritdi.

O‘zbekiston Davlat musiqali komediya (operetta) teatri uchun ajratilgan mablag‘ 500 mln so‘mga qisqartirildi. Mazkur mablag‘ Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi shahar bo‘limi budjetiga xodimlarning ish haqini o‘z vaqtida to‘lash maqsadida o‘tkazib beriladi.

2022 yilgi Davlat budjetidan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markaziga 63,2 mlrd so‘m, davlat teatrlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bilan bog‘liq xarajatlarga esa qariyb 4,5 barobar kam yoki 14,3 mlrd so‘m mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan. Kinematografiya agentligini joriy yil uchun davlat budjetidan moliyalashtirishga 223,1 mlrd yo‘naltirilgan.

sentabr oyi oxirida Toshkent deputatlari mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari va davlat budjeti ssudalari hisobidan poytaxtda bir qator loyihalarni moliyalashtirishni ma’qullagan edi. Ular orasida gullar va daraxtlar uchun 15 mlrd so‘m, Nukus shahridagi 1000 nafar aholining sayohatini tashkil etish uchun 1,8 mlrd so‘m, Shoshtepa yodgorligini saqlash uchun 16,2 mlrd so‘m va boshqalar bor.