Toshkentdagi ijtimoiy sohalarga taalluqli obyektlarning 85 foizi nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun moslashtirilmagan. Bu haqda 21 oktabr kuni Senat Kengashi majlisida aytib o‘tildi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Yig‘ilishda asosiy e’tibor shaharsozlikda nogironligi bo‘lgan shaxslarning ehtiyojlarini ta’minlash hamda barcha ijtimoiy infratuzilma obyektlaridan moneliksiz foydalanishi uchun moslashtirishga qaratildi.

Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqalash masalalari qo‘mitasi raisi Odiljon Iminovning aytishicha, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash borasida imzolanayotgan qaror va qonunlar ularning manfaatlariga qay darajada xizmat qilayotgani o‘rganilgan.


Foto: Senat matbuot xizmati.

Ko‘rilayotgan choralarga qaramay, nogironligi bo‘lgan shaxslarga inklyuziv sharoitlar yaratish masalasida hamon qator muammolar saqlanib qolmoqda, dedi u.

«Toshkent shahridagi ijtimoiy infratuzilma obyektlari va binolarning 85 foizi hanuzgacha nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan to‘siqsiz foydalanishga moslashtirilmagan. Yerosti transportidan qulay foydalanish uchun to‘liq sharoitlar yaratilmagan. Metro stansiyalarining ko‘plari panduslar bilan jihozlanmagan, bu esa shaharsozlik me’yorlari talablariga javob bermaydi. Masalan, Qo‘yliq bozoridagi 7-bekatda pandus qiyaligi 45 gradusni tashkil etmoqda. Amalda esa 8 gradus bo‘lishi kerak. Vagon va perron orasidagi bo‘shliq aravachalar yordamida harakatlanadigan nogironlar uchun jiddiy noqulayliklarni keltirib chiqarmoqda», — dedi Odiljon Iminov.

Senatorning qo‘shimcha qilishicha, metroning eski yo‘llaridagi stansiyalar ko‘zi ojiz shaxslar uchun taktil qoplamalarga ega emas. Yangi vagonlarni inobatga olmaganda, metropoliten poyezdlarida zaif eshituvchi insonlar uchun ma’lumotlar ko‘rsatuvchi elektron tablolar yo‘q.

«Chilonzor metro stansiyasidagi hojatxonani loyihalashtirishda nogironligi bo‘lgan shaxslarning erkin foydalanish imkoniyatlari inobatga olinmagan. Jumladan, hojatxonalardagi baland ostona, tor eshiklar (70 sm), ushlagichlarning mavjud emasligi, qo‘l yuvish rakovinalarining balandligi aravachalar yordamida harakatlanadigan nogironlar uchun ulardan foydalanish imkonini bermayapti», — dedi u.

Ta’kidlanishicha, nogironlar uchun shahar yerusti transportidan mustaqil foydalanish imkoniyati to‘liq yaratilmagan. Ayniqsa, aravachalar yordamida harakatlanadigan nogironligi bo‘lgan shaxslar, ko‘zi ojizlar va qulog‘i og‘irlarning erkin harakatlanishi uchun jamoat transportining moslashmaganligi, xususan, avtobus salonlarida elektron axborot tablolarining, eshitish moslamalari va boshqa yordamchi vositalarning mavjud emasligi murakkabliklar tug‘dirmoqda.

«O‘zbekiston nogironlar uyushmasi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomaga asosan, nogironlarning 93 foizi yerusti jamoat transportini to‘siqsizlik nuqtai nazaridan qoniqarsiz, deb baholagan. Yo‘l bo‘yi infratuzilma obyektlari (yerosti va yerusti o‘tish yo‘llari) bir qator sezilarli kamchiliklarga ega», — dedi qo‘mita raisi.

Senator misol tariqasida Yashnobod tumani Farg‘ona yo‘li ko‘chasidagi Islom ota masjidi yaqinida joylashgan yerusti o‘tish yo‘lini keltirdi, u deyarli standartlarga mos ravishda qurilgan, unga zinalar va panduslar o‘rnatilgan. Ammo aravachada harakatlanadigan insonning chiqishi uchun qulay emas.

Nogironligi bo‘lgan inson birovning yordamisiz yo‘lning narigi tarafiga o‘ta olmaydi. Bu pandusning usti yopilmagan, nogironligi bo‘lgan shaxslar qop yoki yomg‘irda undan chiqa olmaydi, sirpanchiq bo‘lib qoladi. Shuncha pul sarflagandan ko‘ra, muammoni bitta lift bilan hal qilsa bo‘lardi. Nogiron inson bu pandusga chiqqandan ko‘ra, yo‘lni kesib o‘tishni ma’qul ko‘radi.

Odiljon Iminov. Foto: Senat matbuot xizmati.

«Ayrim yerosti o‘tish yo‘llari nostandart panduslar bilan jihozlangan bo‘lib, nogironlik aravachalari g‘ildiraklari mazkur panduslarga sig‘maydi, bu esa harakatlanish imkonini bermaydi. Jamoat joylarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun zarur eshitish va ko‘rish ma’lumotlari, shu jumladan relef nuqtali Brayl shriftida tayyorlangan ko‘rsatkich va belgilar mavjud emas», — dedi Odiljon Iminov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, piyodalar yo‘lakchalarida texnik moslamalar, ya’ni ko‘zi ojizlar uchun ovozli ishora bilan jihozlangan svetofor mavjud emasligi sezilarli to‘siqlardan biridir. Bu nogironligi bo‘lgan shaxslarning nafaqat faol va mustaqil harakatlanish imkoniyatini to‘smoqda, balki yo‘l harakati vaqtida ularning hayotini xavf ostiga qo‘ymoqda.

«Bu holatlar nogironlarning yordamga muhtoj tarzda harakatlanish uchun yaqinlariga qaram bo‘lib qolishini taqozo etmoqda. Mayli, ushbu toifadagi fuqarolarimiz bir amallab manzillariga yetib oldilar ham deylik. Ularni u yerda ham qiyinchilik kutib turadi. Jumladan, qo‘mitamiz ishchi guruhi tomonidan Xorazm viloyatida o‘tkazilgan o‘rganish davomida 4 ta maktab va 1 ta oliygohning kirish qismida panduslar o‘rnatilmagani aniqlandi. Nogironligi bo‘lgan shaxsning bino ichida harakatlanishiga to‘xtalib o‘tmasa ham bo‘ladi», — dedi senator.

O‘rganishlar davomida nogironlar bozorlarda ular uchun maxsus yo‘laklar yo‘qligi sababli aravakash va boshqalar turtib ketishi, yerosti yo‘llarida sotuvchilar o‘tirib olganligi tufayli tunnellardan o‘tishda qiyinchiliklarga duch kelayotgani aniqlandi.

«Biz amaldagi normalarni hayotga tadbiq etilishini ta’minlay olmas ekanmiz, tug‘ma yoki orttirilganligidan qat’iy nazar nogironligi bo‘lgan shaxslarni jamiyatga integratsiya qilishda muvaffaqiyatga erisha olmaymiz», — dedi u.