Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston prezidenti bilan muzokaralar o‘tkazdi

Shavkat Mirziyoyev 21 oktabr kuni Turkmanistonga tashrif buyurdi. Dastlab «O‘g‘uzxon» saroyida rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. Prezidentlar tor va kengaytirilgan doirada muzokaralar o‘tkazdi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida Strategik sheriklikni chuqurlashtirish to‘g‘risida deklaratsiyani imzolandi.

Gurbanguli Berdimuhamedov Shavkat Mirziyoyevga alabay kuchugini sovg‘a qildi

Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Parlamentining yuqori palatasi raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashdi. Unda Gurbanguli Berdimuhamedov O‘zbekiston rahbariga turkman xalqi alohida qadrlaydigan alabay zotli kuchuk sovg‘a qildi.

Shavkat Mirziyoyevga Turkmaniston davlat universitetining faxriy professori unvoni berildi

Shavkat Mirziyoyevga Maxtamquli nomidagi Turkmaniston davlat universitetining faxriy professori unvoni berildi. «O‘zbekistonda, Turkmanistonda bo‘lgani kabi, ta’lim-tarbiya tizimida tub islohotlar amalga oshirilmoqda», — deya ta’kidladi prezident oliygohga tashrifi davomidagi nutqida.

Hafta oxirida harorat yana pasayadi

O‘zgidrometning xabar berishicha, shanba kuni havo iliq, yog‘ingarchiliksiz bo‘ladi. Yakshanbadan ob-havo bulutli bo‘lib, ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi. Tog‘li hududlarda yomg‘ir qorga aylanishi ehtimoli bor.

Termizning sobiq hokimi va o‘rinbosarlari davlat va jamiyatga 35,6 mlr so‘m zarar yetkazgan — Bosh prokuratura

Termizning sobiq hokimi va uning o‘rinbosarlari davlat, jamiyat va tadbirkorlar manfaatlariga 35,6 mlrd so‘m zarar yetkazgani ma’lum qilindi. Bosh prokuratura tomonidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida jami 11 nafar shaxsga nisbatan «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Poytaxtning ayrim hududlarida suv ta’minoti vaqtincha to‘xtatiladi

22 oktabr soat 12:00 dan 23 oktabr soat 24:00 gacha Toshkentning Mirzo Ulug‘bek, Yashnobod, Yunusobod, Mirobod, Chilonzor va Yakkasaroy tumanlarida ichimlik suvi bosimi pasayadi va vaqtincha ta’minotdan uziladi. Mahallalar ro‘yxati.

Teatrga ajratilgan mablag‘larning 500 mln so‘mi Ma’naviyat va ma’rifat markaziga o‘tkazildi

Toshkent shahar hokimi mahalliy budjetdan moliyalashtiriladigan muassasalar xarajatlariga o‘zgartirishlar kiritdi. Davlat musiqali komediya teatriga ajratilgan mablag‘lardan 500 mln so‘mi Ma’naviyat va ma’rifat markazining shahar bo‘limiga o‘tkazildi.

Suv xo‘jaligi vaziridan viloyatlar hokimlarigacha: Prezident ayrim rahbarlarni ogohlantirdi

Prezident qarori bilan bir qator amaldorlar ogohlantirildi. Ularning orasida suv xo‘jaligi vaziri, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi va «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ boshqaruvi raisi ham bor.

Rossiya O‘zbekistonga kungaboqar yog‘i va bug‘doy yetkazib berish hajmini oshirishga tayyorligini bildirdi

Rossiya qishloq xo‘jaligi vazirligi mamlakat O‘zbekistonga bug‘doy, kungaboqar yog‘i va qandolat mahsulotlari yetkazib berish hajmini oshirishga tayyorligini ma’lum qildi.

Buxoroda o‘z-o‘zidan otilib ketgan miltiq ayolni jarohatladi

Olot tumanida mashinadagi qurol o‘z-o‘zidan otilib ketishi oqibatida ayol oyog‘idan jarohat oldi.

Hokimlarning kadastr organlari ishiga aralashishi taqiqlandi

Prezident qarori bilan 1 yanvardan Kadastr agentligining o‘zi hududiy tuzilmalar faoliyatini tashkil etadi. Hududiy bo‘limlar, Davlat kadastrlari palatasi hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) filiallarining faoliyatiga hokimlar aralashishi yoki ta’sir o‘tkazishi qat’iy taqiqlanadi.

Toshkent aeroportida Nikolay II davriga oid oltin tangalarning olib chiqilishiga chek qo‘yildi

Toshkent xalqaro aeroportida Nikolay II davridagi Rossiya imperiyasining sakkizta oltin tangasini xorijga olib chiqishga urinishning oldi olindi, ular uchib ketayotgan yo‘lovchilardan birining buyumlari orasidan topildi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

Tilimizda og‘riq bormi?

«Gazeta.uz» so‘roviga ko‘ra professor Baxtiyor Mengliyev 21 oktabr sanasiga bag‘ishlangan maqolani taqdim etdi. Unda muallif bugungi kunga kelib yuzaga kelgan muammolar haqida so‘z yuritgan. Uning fikricha, o‘zbek tilini Internet tiliga aylantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tashabbus darajasida qolmoqda.

O‘zbek va xorijiy tillar bo‘yicha lug‘at va so‘zlashgichlarning yangi avlodini yaratish kechiktirib bo‘lmas vazifa — prezident

Shavkat Mirziyoyev 21 oktabr — davlat tili bayrami bilan o‘zbek xalqini tabrikladi. Bu borada axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining tilini o‘zbekchalashtirish, o‘zbek va xorijiy tillar bo‘yicha lug‘at hamda so‘zlashgichlarning yangi avlodini yaratish kechiktirib bo‘lmas vazifadir, deya ta’kidladi prezident.