O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev prezident Serdar Berdimuhamedovning taklifiga binoan 20 oktabr kuni rasmiy tashrif bilan Turkmanistonga jo‘nab ketdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Avvalroq xabar qilinganidek, tashrif doirasida ikki tomonlama va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tadi.

Asosiy e’tibor O‘zbekiston-Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlarini yangi bosqichda yanada mustahkamlash, sanoat, energetika va kimyo tarmoqlarida, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika sohalarida kooperatsiyani kengaytirish, faol madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish masalalariga qaratiladi.

Tashrif yakunida hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plamini qabul qilish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, tashrif davomida Ashxobod shahrida «Toshkent» bog‘ini ochish va Chegaraoldi savdo markazini qurish bo‘yicha loyihani birgalikda boshlab berish rejalashtirilgan.