Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida yuk avtomobili va teplovoz ishtirokida YTH sodir bo‘ldi, deya xabar qilmoqda FVV.

20 oktabr kuni kech soat 00:25 da Jizzax viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Navbatchilik qismiga Sharof Rashidov tumani «U.Xatamov» MFY hududida harakatlanib ketayotgan «CHAKMAN» rusumli yuk avtomobili Jizzax-2 Chamanzor temir yo‘l bekatlar oralig‘ining 3550-kmda harakatlanib ketayotgan «O‘zbekiston Temir yo‘llari» AJga qarashli teplovozining yo‘liga chiqib ketishi oqibatida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgani to‘g‘risida ma’lumot kelib tushdi.

Voqea joyiga Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Qutqaruv otryadi qutqaruvchilar bo‘linmasi yuborildi. Yo‘l-transport hodisasi natijasida teplovoz o‘z izidan chiqib ketib, harakatdan to‘xtagan.

Hodisa oqibatida yuk avtomobili xaydovchisi tan jarohati oldi, unga joyida zaruriy tibbiy yordam ko‘rsatilib, RSHTYIM Jizzax filiali jonlantirish bo‘limiga yotqizildi.